Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Chorvachilik mahsulotlari uchun subsidiya ajratilishini samarali tashkil etishni ta’minlash bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkibi.
Nizomda quyidagilar ko‘rsatilgan:
- chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish shartlari;
- chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratishda talab etiladigan hujjatlar, ularni ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi;
- subsidiya ajratishni rad etish asoslari va subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qaror bo‘yicha shikoyat qilish tartibi;
- ajratilgan subsidiyadan subsidiya oluvchi tomonidan maqsadli foydalanishni nazorat qilish tartibi.
Nizomga muvofiq eksportga sotilgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik mahsulotlariga subsidiya ajratilmaydi.
Belgilanishicha, QQS to‘lovchilariga 2021 yil 1 iyundan boshlab respublika byudjetidan quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:
- parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m;
- chorvachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 so‘m hamda sutining har bir litri uchun 200 so‘m;
- baliqchilik xo‘jaliklariga – intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 so‘m miqdorida.
Mahsulotlarni naqd pul yoki bank plastik kartasi (to‘lov terminali) orqali sotish bo‘yicha onlayn kassa apparatlarini o‘rnatish subsidiya oluvchilar zimmasiga yuklanadi.
Subsidiya oluvchilar o‘z xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlarni sotishdan oldin Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining my.vetgov.uz sayti orqali hududiy «Chorvanasl» markazi tuman vakiliga ariza bilan murojaat qiladi.
Subsidiyalar subsidiya oluvchi tomonidan berilgan arizaga asosan keyingi oyning 25-sanasiga qadar ajratiladi.
Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
Izoh qoldirish