Hukumatning 2022 yil 20 sentyabrdagi 513-sonli qarori bilan Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, subsidiya nodavlat ta’lim tashkilotlariga quyidagi maqsadlarda ajratiladi:
- bino va o‘quv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jixozlashga;
- zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lashga.
Nodavlat ta’lim tashkiloti subsidiya olish uchun kalendar yilning har choragi birinchi oyining 10 sanasigacha YaIDXPda elektron ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.
Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:
- 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
- mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
- pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
- pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
- ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).
Subsidiya talabgorlaridan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi. Talabgor tomonidan davlat xizmatidan foydalanish uchun to‘lov amalga oshirilmaydi.
Mazkur tartib 2022 yil 1 oktyabrdan amalga kiritiladi.
Izoh qoldirish