Import qilingan qorako‘l zotli qo‘ylarning har bir embrioniga davlat byudjetidan subsidiya beriladi

Import qilingan qorako‘l zotli qo‘ylarning har bir embrioniga davlat byudjetidan subsidiya beriladi

“Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 martgacha qorako‘lchilik klasterlariga qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar yetishtirish uchun yer maydonlari ajratiladi.

Shunga ko‘ra, 2021 yil 15 fevralgacha 100 milliard so‘m mablag‘lari “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratiladi.

Mazkur mablag‘lar Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi a’zolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qo‘shish orqali hisoblanadigan stavka bo‘yicha kredit sifatida taqdim etiladi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvargacha Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligidagi yaylovlar hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan Qo‘mitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, nasldor qo‘y va echkining, shu jumladan qorako‘l zotli qo‘ylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 400 ming so‘m miqdorida subsidiya taqdim etiladi.

2021 yil 1 apreldan Uyushma a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar