2022 yilning 9 oyi davomida qurilish xizmatlari sohasi YaIMning 15 foizini, xizmatlar sohasining 40 foizini tashkil etgan.
O‘zbekiston MDH davlatlar orasida aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha 4 o‘rinda bo‘lib, 2022 yil boshida respublikamizda aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi har bir aholiga umumiy yashash maydonidan o‘rtacha 18,2 metrni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich Belarus davlatida 28,9 kv metr , Rossiya Federatsiyasida 27,8 kv metr, Qozog‘istonda 23,2 kv metr, Qirg‘izistonda 13 kv metr va Tojikistonda 9 kv metrni tashkil etgan.
2022 yil 11 oyi davomida qurilish sohasida erishilgan natijalar va yil yakuniga qadar belgilangan vazifalar
O‘zbekiston Respublikasida qurilish ishlari hajmi 2021 yilda 95,2 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 11 oyi davomida 115,1 trln. so‘mga yetib, 2021 yil 11 oyiga nisbatan 105,7 foiz o‘sishga erishildi.
Hisobot davrida hududlar kesimida xususan, Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Samarqand viloyatida qurilish ishlarining yuqori hajmlari qayd etildi. Jumladan, Toshkent shahrida 28,2 mlrd. so‘m, Toshkent viloyatida 10,4 mlrd.so‘m va Samarqand viloyatida 7,8 mlrd. so‘mli qurilish ishlari amalga oshirilgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari turadi. Sirdaryo (2,5 mlrd. so‘m), Jizzax (3,1 mlrd. so‘m) va Xorazm (4,2 mlrd. so‘m) viloyatlarida eng past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Jami qurilish ishlarining 58,7% qismi yoki 79,1 trln. so‘m qurilish ishlari aynan iqtisodiyotda yangi ishlab chiqarish quvvatlari, turar-joy va boshqa ijtimoiy ob’yektlarni yaratishga qaratilgan. Yangi qurilish ishlarida yirik qurilish tashkilotlarining hissasi 31,8% ni, kichik korxona va mikrofirmalarning ulushi 45,1% ni tashkil etdi. Norasmiy sektor jami yangi qurilish hajmining 23,1% qimini tashkil etdi. Yangi qurilishlarning 21,3% qismi Toshkent shahrida amalga oshirilgan.
Amalga oshirilgan qurilish ishlarining 67,8% qismi bino va inshootlar qurish, 21,7% qismi fuqarolik ob’yektlarini qurish va 21,7% qismi esa ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligining 2022 yil 2 yarim yillik uchun mo‘ljallangan ish rejasiga asosan, yil yakuniga qadar bir qator muhim vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan, jumladan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda “Shaharlar qulayligi” indeksini joriy qilish loyihasini ishlab chiqish, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini tubdan takomillashtirish, jamoatchilik taklif va fikrlarini o‘rganib chiquvchi “Mening mahallam” elektron platformasini ishlab chiqish, qurilish ob’yektlarini ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish va boshqa bir qator qurilish loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
2023 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 dekabr kunida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida qurilish sohasida 2023 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan muhim vazifa va yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. Unga asosan:
- Yangi uy-joylar qurish hajmlari 1,5 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.
- Konstitutsiyaga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi modda kiritiladi;
- Ikki yil oldin boshlagan imtiyozli shartlarda ipoteka berish davom ettiriladi;
- Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi;
- Birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.
Bundan tashqari, qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi tashkil etildi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab ushbu tizim to‘liq joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Unga asosan, inson omilisiz elektron tender savdolari o‘tkaziladi, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, ma’lumotlar real vaqt rejimida jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinadi, insofsiz ijrochilarning reyestri ham ushbu platforma bilan integratsiyalashadi, “shaffof qurilish” milliy axborot tizimining mobil ilovasi ham tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Respublikamizdagi 5284 ta mahallalarda 6007 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, unga 7 046,8 trln.so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Dastur ichki yo‘llardan tortib gaz va yo‘l infratuzilmalari kabi dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan. Ichki yo‘llar bo‘yicha 2602 ta ob’yektga 3,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, 1848 ta ichimlik suvi ob’yektlari, 498 ta elektr energiya bilan ta’minlash ob’yektlari hamda 72 ta gaz ta’minoti ob’yektlari ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish