Naqdsiz to‘lovlar sohasini bosqichma-bosqich kengaytirish
Hujjatda so‘nggi yillarda umumiy pul massada naqd pul ulushi izchil ravishda kamayib borayotgani ta’kidlangan. Pul massasi o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, naqd pul aylanmasining o‘sish sur’ati ancha past bo‘lib, bu iqtisodiyotda naqdsiz hisob-kitoblarga barqaror o‘tish jarayonini tasdiqlaydi.
2022 yilda pul massasi 189 trln so‘mni, shundan naqd pul aylanmasi 42 trln so‘mni tashkil etgan. 2023 yilga kelib pul massasi 212 trln so‘mga, naqd pul esa 46 trln so‘mga yetgan. 2024 yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 277 trln va 53 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Bu dinamika to‘lov amaliyotlarining tobora raqamlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Bank kartalari va elektron to‘lov tizimlaridan majburiy foydalanish
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan ayrim to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Ular qatoriga:
- davlat xizmatlari uchun to‘lovlar,
- elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suviga to‘lovlar (bank kassalaridan tashqari),
- alkogol va tamaki mahsulotlari xaridi,
- AYoQSh va elektr transport vositalarini zaryadlash kiradi.
Shuningdek, qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari) faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
Yirik bitimlarda naqdsiz hisob-kitoblar
Hujjatga muvofiq, ko‘chmas mulk ob’yektlari va M, N, O toifali (ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan) avtotransport vositalarini, shu jumladan maxsus texnika xaridini amalga oshirishda to‘lovlar faqat bank o‘tkazmalari orqali qabul qilinadi.
2024 yilda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq savdo operatsiyalari hajmi 83 trln so‘mga, avtotransport bo‘yicha operatsiyalar esa 75 trln so‘mga baholanmoqda.
Yagona QR-kodni joriy etiladi
2026 yil 1 yanvarga qadar barcha savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kodni joriy etishi shart qilib belgilandi.
2026 yil 1 yanvardan esa yuridik shaxslar bank tomonidan shakllantirilgan yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bu yagona to‘lov infratuzilmasini shakllantirib, elektron to‘lov jarayonlarini soddalashtiradi va standartlashtiradi.
Yirik operatsiyalarda naqdsiz aylanmani kuchaytirish
Ko‘chmas mulk va avtotransport bilan bog‘liq barcha savdo operatsiyalarining faqat naqdsiz to‘lovlar orqali amalga oshirilishi moliyaviy oqimlar shaffofligini oshiradi hamda yashirin aylanmalarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotar va islohtlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish