2026 yil I yarim yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlarida sanoatning rivojlanishi

2026 yil I yarim yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlarida sanoatning rivojlanishi

Sanoat Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutib, iqtisodiy o‘sish, eksport tushumlari, investitsiyalar va bandlikning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Qayta ishlash sanoatining rivojlanishi mintaqa iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mahalliy resurslarni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va importga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, 2026 yilning I yarim yilligida mintaqaning barcha mamlakatlarida sanoat ishlab chiqarishining o‘sishi umumiy ijobiy tendensiya bo‘ldi. (Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emasligi sababli, Markaziy Osiyoning 4 ta mamlakatida sanoat rivojlanishi ko‘rib chiqildi.)

Sanoat rivojlanishining mamlakatlar kesimidagi tendensiyalari

Qozog‘iston sanoati yillik hisobda 3,5%ga o‘sdi, ishlab chiqarishning qiymat hajmi esa 71 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘sishni cheklagan asosiy omil tog‘-kon sanoati bo‘ldi: tarmoq ishlab chiqarishi 4%ga, jumladan, neft va gaz qazib olish 8,3%ga qisqardi. Qazib olish sektori jami sanoat ishlab chiqarishining qariyb 46%ini tashkil etishini hisobga olganda, bunday dinamika mamlakatdagi umumiy iqtisodiy o‘sish sur’atlarini sezilarli darajada sekinlashtirdi.

Qayta ishlash sanoati, aksincha, 9,8%ga o‘sdi va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha 33 mlrd dollarga yetib, qazib olish sektoridan biroz yuqori natija qayd etdi. Shu tariqa, sanoatdagi ijobiy dinamikaning asosiy manbai qayta ishlash tarmoqlari bo‘ldi.

Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish to‘qimachilik ishlab chiqarishida kuzatildi — 2,5 barobar. Farmatsevtika 43,6%ga, tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish 39,9%ga, mashina va uskunalarni ta’mirlash hamda o‘rnatish 34,7%ga, avtomobilsozlik 31,6%ga o‘sdi. Shuningdek, mashinasozlik majmuasi umumiy hisobda 23,1%ga o‘sib, sanoat ishlab chiqarishining 8,1%ini tashkil etdi.

Shu bilan birga, yirik tarmoqlardan biri bo‘lgan bazaviy metallurgiyada ishlab chiqarish 2,7%ga, neftni qayta ishlashda esa 0,8%ga qisqardi. Shu sababli tarkibiy o‘zgarishlar bir maromda kechmayapti: yuqori qayta ishlash bosqichlariga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdagi o‘sish yirik xomashyo va birlamchi qayta ishlash tarmoqlaridagi sust dinamika bilan bir vaqtda kuzatilmoqda.

Sanoat o‘sishini investitsiyalar ham qo‘llab-quvvatladi, ularning hajmi 16,9%ga oshdi.

Qirg‘izistonda sanoat ishlab chiqarishi 12,7%ga o‘sib, 5,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Qazib olish sanoati, asosan, metall rudalari va boshqa foydali qazilmalar qazib olish hisobiga 12,8%ga o‘sdi. Qayta ishlash sanoati 15,1%ga o‘sib, jami sanoat ishlab chiqarishining 79,1%ini ta’minladi.

Sanoatning eng yirik tarmog‘i bo‘lgan birlamchi metallurgiya hissasiga jami ishlab chiqarishning 48,7%i to‘g‘ri keldi. Tarmoqda ishlab chiqarish o‘tgan yilgi 2,2%lik pasayishdan so‘ng 12,2%ga o‘sdi.

Shu bilan birga, nisbatan kichik qator tarmoqlarda ham yuqori o‘sish kuzatildi. Kimyo sanoati qariyb 3 barobar, qog‘oz va karton ishlab chiqarish 2,2 barobar, neftni qayta ishlash 70%ga, poligrafiya 66%ga, farmatsevtika 83%ga, qurilish materiallari ishlab chiqarish 33%ga, transport vositalari ishlab chiqarish 41%ga o‘sdi. Bunday dinamika o‘sish kuzatilayotgan tarmoqlar doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi, biroq ularning umumiy ishlab chiqarish hajmiga qo‘shgan hissasi hozircha metallurgiyaga nisbatan ancha past.

Sust dinamika elektr energetikasida kuzatilib, ishlab chiqarish 2,6%ga qisqardi. Yengil sanoatda ham ishlab chiqarish 12,2%ga kamaydi, jumladan, to‘qimachilik ishlab chiqarishi 27,6%ga, kiyim ishlab chiqarish esa 2,4%ga qisqardi.

Tojikistonda sanoat ishlab chiqarishi ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlar orasida eng yuqori sur’atda 14,1%ga o‘sdi, ishlab chiqarishning qiymat hajmi qariyb 3,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq 2025 yilning I yarim yilligiga nisbatan (24%lik o‘sish) o‘sish sur’ati sekinlashdi.

Qayta ishlash sanoati 26%ga o‘sib, jami sanoat ishlab chiqarishining 52%ini tashkil etdi (taqqoslash uchun, 2025 yilning I yarim yilligida — 47%). Elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish 16,8%ga, jumladan, elektr energetikasida 17,1%ga o‘sdi. Energetika tarmoqlarining sanoatdagi ulushi 21%ga yetdi (2025 yilning I yarim yilligida — 19%).

Qayta ishlash sanoatida yog‘ochni qayta ishlash 73%ga, kimyo sanoati 56%ga, qog‘oz va karton ishlab chiqarish 46%ga, mebel va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish 43%ga, oziq-ovqat sanoati 25%ga, mashinasozlik 27%ga, qurilish materiallari ishlab chiqarish 23%ga o‘sdi. Bu sanoat o‘sishi keng tarmoqlar doirasini qamrab olganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qazib olish sanoati 6,7%ga qisqardi. Bunga, asosan, metall rudalarini qazib olishning 7,4%ga hamda neft va gaz qazib olishning 41,9%ga kamayishi ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston sanoati yuqori sur’atlarda o‘sdi — 8% (2025 yilning I yarim yilligida — 6,6%), ishlab chiqarishning qiymat hajmi esa 53 mlrd dollarga yetdi.

Qayta ishlash sanoati 8,8%ga o‘sdi (2025 yilning I yarim yilligida — 7,1%), uning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 85%dan 86%ga oshdi. Qazib olish sanoati esa atigi 2,1%ga o‘sdi. Shuningdek, elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida o‘sish 7,9%ni (3,1%), suv ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishda esa 15,9%ni (9,7%) tashkil etdi.

Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari boshqa mashina va uskunalar ishlab chiqarishda kuzatildi — 1,6 barobar. Yog‘ochni qayta ishlash 48%ga, kompyuter va elektron uskunalar ishlab chiqarish 37%ga, mebel ishlab chiqarish 31%ga, farmatsevtika 22%ga, avtomobilsozlik 20%ga o‘sdi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 12%ga, to‘qimachilik 10,1%ga, qurilish materiallari ishlab chiqarish 12%ga oshdi.

Shu bilan birga, sanoatning eng yirik tarmog‘i — birlamchi metallar ishlab chiqarishda nisbatan past o‘sish sur’ati saqlanib qoldi. Ushbu tarmoq jami sanoat ishlab chiqarishining 29%ini tashkil etib, o‘sish 1,3% darajasida bo‘ldi.

Sanoat rivojlanishining umummintaqaviy tendensiyalari

Ko‘rib chiqilayotgan to‘rt mamlakatning barchasida qayta ishlash sanoati jami sanoatga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sdi: Qozog‘istonda — 9,8%ga qarshi 3,5%, Qirg‘izistonda — 15,1%ga qarshi 12,7%, Tojikistonda — 26%ga qarshi 14,1%, O‘zbekistonda — 8,8%ga qarshi 8%. Bu tendensiya ayniqsa Qozog‘iston va Tojikistonda yaqqol namoyon bo‘ldi: qazib olish sanoati qisqarganiga qaramay, umumiy sanoat indeksi ijobiy darajada saqlandi.

Shuningdek, mashinasozlik va ayrim texnologik ishlab chiqarishlar jadal o‘smoqda. Avtomobilsozlik barcha to‘rt mamlakatda o‘sdi: Qozog‘istonda — 31,6%, Qirg‘izistonda — 40,4%, Tojikistonda — 34,2%, O‘zbekistonda — 19,6%.

Shu bilan birga, mamlakatlarda metallurgiya va xomashyo tarmoqlariga yuqori darajadagi bog‘liqlik saqlanib qolmoqda. Metallurgiya Qirg‘iziston sanoat ishlab chiqarishining qariyb yarmini ta’minlagan. Metallar ishlab chiqarish O‘zbekiston sanoat ishlab chiqarishining 28,7%ini, Qozog‘istonda esa 20,4%ini tashkil etgan. Tojikistonda metallurgiya, ruda qazib olish va elektr energetikasi muhim o‘rinni saqlab qolgan.

2026 yildagi yana bir sezilarli tendensiya ichki talab va investitsiya sikli bilan bog‘liq ishlab chiqarishlarning kengayishi bo‘ldi. Barcha mamlakatlarda oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari, tayyor metall mahsulotlari, avtomobillar va mebel ishlab chiqarish o‘sdi.

Sanoat uchun investitsiya bazasi yuqori darajada saqlanib qoldi, biroq uning ko‘lami va tarkibi mamlakatlar bo‘yicha farq qildi. Jami investitsiyalarda sanoatning ulushi O‘zbekistonda 47%, Qozog‘istonda 41%, Tojikistonda 35%, Qirg‘izistonda 17%ni tashkil etdi. Ushbu investitsiyalar keyingi o‘sish uchun asos yaratadi, biroq ularning samaradorligi yangi quvvatlarni ishga tushirish, oraliq ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Xulosa va asosiy natijalar

2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari Markaziy Osiyo sanoatida o‘sish davom etganini, ijobiy dinamikaning asosiy manbai esa tobora ko‘proq qayta ishlash tarmoqlari bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Yarim yillikning asosiy tarkibiy natijasi — yuqori qayta ishlash bosqichlariga ega tarmoqlar, jumladan, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektronika, kimyo, farmatsevtika, tayyor metall buyumlari va qurilish materiallari ishlab chiqarishning o‘sishi bo‘ldi.

Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarishining salmoqli qismi hanuz qazib olish, metallurgiya va energetika tarmoqlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim yangi segmentlardagi yuqori o‘sish sur’atlari esa ko‘p jihatdan ularning past boshlang‘ich bazasi bilan izohlanadi. Shu bois sanoat o‘sishining barqarorligi yangi quvvatlarni ishga tushirish bilan bir qatorda tarmoqlararo aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy ta’minot zanjirlarini rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan eksportni kengaytirishga ham bog‘liq bo‘ladi.

Yaqin istiqbolda mintaqa mamlakatlari mahalliy xomashyoni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotgacha qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda infratuzilmaviy cheklovlarni, avvalo energetika, transport va sanoatni moliyalashtirishga kirish imkoniyati bilan bog‘liq to‘siqlarni kamaytirishga e’tibor qaratishi maqsadga muvofiq.

Ushbu omillar joriy o‘sish sur’atlarini Markaziy Osiyo sanoatining barqaror tarkibiy modernizatsiyasiga aylantirish imkonini beradi.

Ruslan Abaturov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar