O‘zbekistonda 2020 yil 1 yanvardan boshlab elektron mehnat daftari joriy etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 1 yanvardan quyidagilarni ta’minlovchi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini (“YaMMT” IDAK) joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi:
ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini, shu jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni tugatish tartib-taomillarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirish;
ish beruvchilarning tuzilmasi (shtatlar jadvali), shu jumladan, mavjud va yaratiladigan ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, mehnatga haq to‘lash shartlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
xodimning mehnat stajini hisoblash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, hisoblangan ish haqi va jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlariga hisoblangan soliqlar, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisobiga to‘lovlar haqidagi axborotga asoslangan elektron mehnat daftarchasida jismoniy shaxslarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va yuritish;
aholi bandligini ta’minlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish darajasini va uning samaradorligini oshirish uchun mehnat bozori ko‘rsatkichlari holati va dinamikasi to‘g‘risidagi axborotlardan iborat ma’lumotlarni idoralararo tizimlashtirilgan tarzda va muntazam ravishda elektron almashishni joriy etish;
xodimlar hamda ishchilarning son va sifat tarkibi, vakansiyalar, shuningdek, ishga joylashish uchun nomzodlarga ish beruvchilar tomonidan qo‘yiladigan malakaviy va boshqa talablar to‘g‘risida avtomatik tarzda to‘planadigan xolis, shaffof va dolzarb ma’lumotlarni shakllantirish;
manfaatdor tashkilotlarga ular o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishi uchun “YaMMT” IDAKdan zaruriy ma’lumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etish;
mehnat resurslarining, xususan, mehnat resurslari toifalari, ishga layoqatli, iqtisodiy faol va nofaol aholi qatlamlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida pensiya yoshidagi ishlayotgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida har kuni yangilanadigan balansini shakllantirish;
mehnat munosabatlari va mehnat muhofazasi, ishga joylashtirish dasturlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, ish o‘rinlarining attestatsiyasi, Mehnat muhofazasi sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari yagona reyestriga tegishli ma’lumotlarning (axborotlarning) to‘liq kiritilishiniekspertizadan o‘tkazish natijalarini monitoring qilish;
xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketadigan fuqarolarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, tashkiliy tartibdagi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi kelishuvga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari hamda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe tomonidan xorijda ishga joylashtirilgan fuqarolar haqida ma’lumotlar bazasini yaratish, shuningdek, ishga joylashtirilayotgan mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va yashash-turmush ta’minoti, chet ellik ish beruvchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarining huquqiy jihatlari, qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida onlayn tartibda ma’lumotlar taqdim etish imkoniyati;
mehnat bozorining, hududlar, jins va yosh omillari, sohalar va mutaxassisliklar kesimida ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifning rivojlanish tendensiyalari prognozini shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan axborot resurslari bilan integratsiyalash;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga mehnat va aholi bandligi sohalarida davlat boshqaruvi bo‘yicha yuklatilgan funksiyalarni to‘la hajmda va tezkorlik bilan amalga oshirish.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini “YaMMT” IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan “YaMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Mehnat shartnomalarini “YaMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma’lumotlar asosida “YaMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etiladi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “YaMMT” IDAKning balansda saqlovchisi hisoblanadi;
g) “YaMMT” IDAKdan foydalanish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepul hisoblanadi. “YaMMT” IDAKni ishlab chiqish, kuzatib borish, ta’minlash va takomillashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Xodimning mehnat staji, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq pensiya tayinlashda xodim tomonidan amalga oshiriladigan mehnat faoliyati davriga asosan:
2020 yil 1 yanvardan so‘ng – “YaMMT” IDAKda mavjud ma’lumotlar asosida (qonun hujjatlarida belgilangan alohida hollardan tashqari);
2020 yil 1 yanvarga qadar – “YaMMT” IDAK joriy qilingungacha o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.
Izoh qoldirish