Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi direktori o‘rinbosari Alisher Zufarov, «O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev hamda «Ucell», «UMS», «Beeline» kompaniyalari matbuot kotiblari, shuningdek, Toshkentdagi Inxa universiteti, Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi, «Matbuot tarqatuvchi» AJ va boshqa qator tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda 9000 km optik tolali aloqa liniyalari qurilishi natijasida 3117 ta maktab, 1646 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 962 ta tibbiyot muassasasi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olingani, 544 ta sudlar ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ulangani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, telekommunikatsiyalar yo‘nalishida operator va provayderlar tomonidan respublika bo‘yicha 786,0 ming portli keng polosali texnologiyalarga asoslangan uskunalar o‘rnatilib, ularning jami sig‘imi 1,87 mln portga yetkazilgan, shundan 125 ming port (16 foiz)
330 ta qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan.
Matbuot anjumani davomida mobil aloqa operatorlari tomonidan 1605 ta baza stansiyalari o‘rnatilib, tarmoq modernizatsiya qilingani, shundan 132 tasi «Obod qishloq» dasturi doirasidagi hududlarga to‘g‘ri kelgani aytib o‘tildi.
«Respublikada Dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishni rivojlantirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi, — dedi vazir o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev. — Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 10 yanvardagi qarori bilan Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki bilan hamkorlikda hind ilg‘or tajribasi asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etildi. Joriy yil 24 iyuldan boshlab Texnopark faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozirda Texnoparkda 300 dan ortiq rezident-korxona mutaxassislari faoliyat yuritmoqda».
Mas’ullar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga xorijiy mamlakatlardan 16 ta professor-o‘qituvchi jalb qilingani, universitet tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2019/2020 o‘quv yilida qo‘shma fakultetga 505 ta talaba qabul qilingani, Toshkent shahrida ochilgan Amiti universitetida hozirda 502 nafar talaba tahsil olayotgani haqida ma’lumot berdi.
«Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-tashabbusi doirasida Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan, shuningdek, ularni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida respublika bo‘yicha 18 ta IT-tadbirkorlik va raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi», — dedi Qahramon Yo‘ldoshev.
Ma’lum qilinishicha, “Xavfsiz shahar” tizimini joriy etish yo‘nalishida Yo‘l harakati qoidalarini buzishni avtomatlashtirilgan holda foto-video qayd etishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasi doirasida Germaniyaning “ATLAS International” kompaniyasi va Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida loyihaning I bosqichida Toshkent viloyatiga qurilma va uskunalarni yetkazib berish yuzasidan 11,3 mln yevro miqdorida shartnoma imzolangan.
Tadbirda axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida respublikamizda milliy UZ domenida ro‘yxatdan o‘tgan faol domenlar soni 71 mingdan oshgani aytildi.
Izoh qoldirish