2020 yilda O‘zbekistonning eng faol banklari

2020 yilda O‘zbekistonning eng faol banklari

Bank aktivlarida xususiy banklar ulushi o‘zgarishini, shuningdek, bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan mamlakatimizdagi 31 tijorat banklari uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqildi. Ushbu indeks asosida Markaz har chorakda banklar reytingini e’lon qilib bormoqda.

Mazkur indeksni hisoblashda banklarning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlaridan foydalanildi:

  • Moliyaviy vositachilik
  • Moliyaviy ommaboplik
  • Kapital yetarliligi
  • Aktivlar sifati
  • Boshqaruv samaradorligi
  • Daromad olish salohiyati
  • Likvidlilik

2021 yil 1 yanvar holatiga respublikamiz bank tizimi aktivlari 366,1 trln. so‘m, majburiyatlari 307,8 trln. so‘m hamda kapitali 58,4 trln. so‘mni tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 55 274 kishi faoliyat olib bormoqda.

Banklarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, banklar ikki guruhga ajratildi: 1) yirik banklar 2) kichik banklar. Har bir guruh bo‘yicha alohida reyting tuzildi.

Yirik banklar uchun faollik reytingi

17 yirik banklar uchun faollik indeksi bo‘yicha umumiy reytingda Kapital bank va Hamkor bank yetakchilik qilmoqda. Kapital bankning moliyaviy vositachilik, aktivlar sifati hamda likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori natijalari bankning 1-o‘rinni egallashini ta’minladi. Xususan, mazkur bankning muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 85 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, bankning majburiyatlari tarkibida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lar ulushi (3 foiz) va hukumatdan olingan mablag‘lar ulushi (0,5 foiz) eng past ko‘rsatkichlardan hisoblanadi. Lekin, qayd etish kerakki, Kapital bankning kapital yetarliligi bo‘yicha reytingi bankning bu boradagi ko‘rsatkichlari Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan minimal talablarga yaqinlashib qolganidan dalolat bermoqda.

Yirik banklar faollik indeksi

2020 yil 4-chorak uchun

Hamkor bank umumiy reytingning 2-pog‘onasidan joy oldi. Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, Hamkor bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha 1-raqamli bank sifatida e’tirof etildi. Chunki, ushbu bankning har bir filialiga to‘g‘ri keluvchi kredit olgan yuridik va jismoniy shaxslar soni nisbatan ko‘proqni tashkil etmoqda. Shuningdek, ushbu bank daromad olish va likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham top-5 yirik banklardan biri hisoblanadi. Shunga qaramasdan, Hamkor bank alohida reyting natijalari aktivlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Davlat ulushi mavjud yirik banklardan Aloqa bank 3-o‘rinni egalladi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik (3-o‘rin), kapital yetarliligi (2-o‘rin) va aktivlar sifati (4-o‘rin) bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini namoyon etdi. Bankning muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati (58 foiz) boshqa davlat banklariga nisbatan yuqori hisoblansa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi (23 foiz) hamda hukumatdan olingan mablag‘larning majburiyatlariga nisbati (11 foiz) bank tizimi ko‘rsatkichlaridan pastroqdir.

Kichik banklar faollik indeksi

2020 yil 4-chorak uchun

Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining keyingi sonida chop etiladi.

*Tadqiqot metodologiyasi va batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan to‘liq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan so‘rov bo‘yicha olish mumkin.

Murojaat uchun:

Tel.: (+998) 78 150-02-02

E-mail: k.khamidov@cer.uz,

X.S. Xamidov,

Bosh ilmiy xodim

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar