Jumladan, joriy yilning sentyabr - oktyabr oylarida tashkil etilgan ochiq muloqotlar davomida jami 64 mingga yaqin aholi qabul qilinib, 34 mingdan ziyodining muammolariga tezkorlik bilan yechim topildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 29 mingta ariza-shikoyatlar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Qabullar davomida kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq, ichki ishlar idoralari faoliyati, tadbirkorlik va kredit ajratish, gaz, elektr, suv, issiqlik ta’minoti, moddiy yordam va bolalar nafaqasi, sog‘liqni saqlash sohasi, maktab va maktabgacha ta’lim masalalari, bandlikni ta’minlash kabi qator yo‘nalishlar bilan bog‘liq bo‘ldi.
Oliy sud raisi o‘rinbosarlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida sud sohasi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 1 mingdan ziyod fuqarolar qabul qilindi.
Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlarda taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jazo o‘tayotgan 61 nafar shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aliment undirish yuzasidan 14 ta sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi. Shuningdek, yuridik faktni tasdiqlash haqidagi 2 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilindi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan bir nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan oilalar yarashtirildi.
Bosh prokuror o‘rinbosarlari tomonidan birgina Toshkent viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 200 ga yaqin fuqaroning murojaati tinglandi. O‘tgan davr mobaynida kelib tushgan arizalar asosida Majburiy ijro byurosi fuqarolarning huquqlari tiklanishi maqsadida undiruvchilarga 5 milliard 190 million so‘m, fuqarolarga qarz va zarar undirish yuzasidan esa 6 milliard 264 million so‘m pul mablag‘lari undirib berilgan. Bundan tashqari, kompensatsiya undirish bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha 4,2 milliard so‘m pul mablag‘lari qoplangan.
Ichki ishlar o‘rinbosarlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 72 nafar fuqarolarning shikoyat va arizalari ko‘rib chiqildi. Misol uchun, 1998 yil Turkmanistonda tug‘ilgan Asilbek Bozorov avvalgi sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish masalasida murojaat qilgan edi. Bu safar uning masalasi qanoatlantirildi.
Adliya vaziri o‘rinbosarlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida sayyor qabullar o‘tkazilib, 278 nafar fuqaro qabul qilindi. Qabullarda, xususan, yer-joyni ijaraga olish, soliq ma’murchiligi, kadastr hujjatlaridagi xatoliklar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ichki bozorga taklif qilinayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat solig‘ini qayta ko‘rib chiqish singari muammolar e’tibor markazida bo‘ldi.
“Hududgazta’minot” AJ rahbariyati ishtirokidagi sayyor qabullarda esa 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ochiq muloqotlar davomida yer osti gaz quvurlariga e’tibor berish, yangi xonadonlarga zamonaviy hisoblagich o‘rnatish tartibi, qarzdorlik masalasi, tabiiy gaz bosimini yanada yaxshilash borasidagi ko‘plab shikoyatlar o‘rganildi. Har bir o‘rganilgan murojaat yuzasidan ularning amaliy yechimlariga e’tibor qaratildi. Ijobiy jihatdan hal etilishiga erishilgan bo‘lsa, ba’zilari yuzasidan esa belgilangan tartib asosida tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonalari Mahallalar uyushmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorligida aholi bilan xonadonbay asosida muloqot qilish, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik vakillarini biriktirgan holda ularning muammolarini hal etish, ijtimoiy ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, yordamga muhtoj oilalarning iqtisodiy holatini yaxshilash bo‘yicha manzilli ishlar olib borildi.
Jumladan, birgina Buxoro viloyatida o‘rganishlar davomida 191 nafar fuqaroga ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun 53 million so‘m moddiy yordam, 87 nafar fuqaroga 1,4 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 38 nafar fuqaro ishga joylashtirildi hamda 29 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida yer maydonlari ajratilgan bo‘lsa, 24 nafar fuqaroga davolanishi uchun yo‘llanma berildi. 19 nafar fuqaroga tikuv mashinalari berildi va 3 nafar fuqaroga davolanishi uchun 15,2 million so‘mlik moddiy yordam ajratildi.
Sayyor qabullar joylarda davom etmoqda.
Izoh qoldirish