Bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.
Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan uchrashuvlari hamda ularning natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Asqar Mamin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro savdo hajmi ortib, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonda o‘tayotgan Qozog‘iston yili doirasida hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
***
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlar Bosh vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish va uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muhammadqaliy Abilg‘aziyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, agrosanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi sheriklikni, shuningdek, chegaraoldi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har doimgidek samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, madaniy-gumanitar sohalar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Chegaradosh hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish