Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Yaponiya va Avstraliya keksalarni parvarishlash sohasiga xorijiy ishchilarni jalb qilishni kengaytirmoqda (IHTT hisoboti)

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) 12 noyabrdagi hisobotida keksalarni parvarishlash sohasidagi ishchi kuchi yetishmovchiligini bartaraf etish bo‘yicha mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan.

Yaponiyada ushbu sohada ishlayotgan xorijiy fuqarolar soni 2021 yildagi 5,2 ming nafardan 2025 yilda 67,9 ming nafargacha (13 barobar) oshgan. Dastur doirasida ishchilarning kasbiy malakasi va til bilishi tekshiriladi. Milliy malaka sertifikatini olganlarga mamlakatda uzoq muddat yashash va ishlash imkoniyati beriladi. Shuningdek, xorijiy ishchilarni o‘qitish va yashash sharoitlariga moslashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Avstraliyada keksalarni parvarishlash sohasida ikki yil ishlagan xorijiy fuqarolar doimiy yashash huquqini olish imkoniyatiga ega. Ushbu kasblar bo‘yicha berilgan vizalar soni 2022-2023 yillardagi 190 tadan 2024-2025 yillarda 1 740 tagacha oshgan. Viza olganlarning qariyb 90 foizi avvaldan mamlakatda, asosan, talabalik vizasi bilan yashagan. Bu Avstraliyaga xorijiy talabalarni ishchi kuchi yetishmayotgan sohalarga jalb qilish imkonini bermoqda.

Hindiston akkumulyatorlar uchun xomashyo eksportini taqiqlab, mahalliy qayta ishlash korxonalari quvvatlaridan foydalanishni oshirmoqchi (Hindiston Savdo va sanoat vazirligi)

Joriy yil 11 noyabrda Hindiston akkumulyatorlarni qayta ishlashdan olinadigan “qora massa” eksportini taqiqladi. “Qora massa” ishlatilgan litiy-ion akkumulyatorlarini maydalash natijasida olinadigan xomashyodir. Uning tarkibida litiy, kobalt, nikel va marganets kabi qimmatli metallar mavjud bo‘lib, ularni ajratib olib, qayta ishlatish mumkin.

Mamlakatda akkumulyatorlarni qayta ishlash quvvatlari kengaygan, ammo korxonalarda xomashyo yetishmayapti. Shu paytgacha mahalliy xomashyoning bir qismi eksport qilinib, qayta ishlash korxonalari ayrim hollarda uni xorijdan sotib olishga majbur bo‘lgan. Taqiq mahalliy korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash va akkumulyator materiallari ishlab chiqarishni oshirishga qaratilgan.

Ushbu qaror 2025 yil sentyabrda tasdiqlangan 160 mln dollarlik muhim minerallarni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Hukumat shu orqali investitsiyalarni ko‘paytirish va metallar importiga qaramlikni kamaytirishni maqsad qilgan.

Osiyo eksportining o‘sishi sun’iy intellektga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib bormoqda (The Business Times)

ASEAN+3 Makroiqtisodiy tadqiqotlar byurosi (AMRO) tahliliga ko‘ra, Osiyo mamlakatlari eksportining o‘sishi sun’iy intellekt uchun zarur uskunalarga bo‘lgan talabga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib bormoqda.

2025 yilda jahon bo‘yicha eksport qilingan mikrosxema komponentlari, xotira qurilmalari va hisoblash uskunalarining qariyb yarmi ASEAN mamlakatlari, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2026 yilning birinchi yarmida ushbu mahsulotlar mintaqa tovarlar eksporti o‘sishining uchdan ikki qismini ta’minlagan.

Byuro hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShda texnologik investitsiyalar o‘sishi 2024 yildagi sur’atgacha sekinlashsa, 2027 yilda ASEAN+3 iqtisodiy o‘sishi prognoz qilingan 4,1 foizdan 2,6 foizgacha tushishi mumkin. Bu investitsiyalar sekinlashishiga asoslangan shartli ssenariy hisoblanadi.

Qo‘shimcha xatar elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq. Elektr stansiyalari va tarmoqlarini qurish ko‘proq vaqt talab qilgani sababli energiya taqchilligi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari xarajatlarini oshirishi mumkin. Shuningdek, sun’iy intellektga talab kutilganidan past bo‘lsa, katta investitsiya kiritilgan infratuzilma quvvatlaridan to‘liq foydalanilmasligi xavfi mavjud.

Turkiya kriptovalyuta bozori ustidan nazoratni kuchaytirmoqda (Turkiya Moliyaviy barqarorlik kengashi)

11 noyabrda Turkiya Moliyaviy barqarorlik kengashi kriptovalyuta bozorini nazorat qilish bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, mijozlarning kriptoaktivlari kamida 95 foizi maxsus saqlash tashkilotlarida saqlanishi shart. Savdo platformalari esa ularning ko‘pi bilan 5 foizini o‘zlarida saqlashi mumkin.

Shuningdek, kriptovalyuta savdosi va aktivlarni saqlash faoliyati ajratiladi. Barcha hisobvaraqlar va operatsiyalar yagona elektron tizim orqali nazorat qilinadi.

2026 yilda Turkiyadagi mahalliy kriptovalyuta kompaniyalarida saqlanayotgan aktivlar hajmi qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etgan. Hozirda nazorat tizimini to‘liq ishga tushirish uchun kompaniyalarga litsenziya berish va mijozlar mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash ishlari davom etmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar