Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Jahon banki Beninda energetika islohotlari 159 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berishini baholadi (Jahon banki)

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Beninda elektr ta’minotini yaxshilash natijasida qariyb 159 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi mumkin. Buning uchun elektr tarmoqlarini yangilash, energiya xarajatlarini kamaytirish va korxonalarni elektrga ulashni osonlashtirish zarur.

Hozirda mamlakatda korxonalarning 86,1 foizi elektr uzilishlariga duch kelmoqda. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 24,7 foizni tashkil etadi, tarmoqlarning qariyb yarmi esa 25 yildan ortiq vaqtdan beri ishlatilmoqda.

Shu bilan birga, 2025 yilda Glo-Djigbe sanoat hududida ish o‘rinlari 28,8 foizga ko‘payib, 22,8 mingtaga yetgan. Jahon banki barqaror elektr ta’minoti ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun zarurligini ta’kidlagan.

FAO jahonda don savdosi qisqarishini prognoz qilmoqda (FAO sharhi)

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) prognoziga ko‘ra, 2026 yilda jahonda 2,99 mlrd tonna don yetishtirilishi kutilmoqda. Bu tarixdagi ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Don iste’moli esa 2,97 mlrd tonnaga yetishi prognoz qilingan.

Shunga qaramay, jahon don savdosi 3,3 foizga qisqarib, 507,7 mln tonnaga tushishi mumkin. Bunga asosan bug‘doy savdosining 8,6 foizga kamayishi sabab bo‘ladi. Yirik eksportchi mamlakatlarda mahsulot yetishmasligi va tashishdagi qiyinchiliklar savdoni cheklamoqda.

Shuningdek, guruch yetishtirish 2,5 foizga kamayib, 552 mln tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Biroq Hindiston va Pokistondan yetkazib berish hajmi hamda import talabi oshishi hisobiga 2027 yilda jahon guruch savdosi 2,9 foizga o‘sib, 61,6 mln tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda.

Nigeriya G‘arbiy Afrikaning 10 ta davlatida investitsiya jalb qilishning yagona tizimini yaratishni taklif qildi (Reuters)

10 noyabrda Nigeriya moliya vaziri G‘arbiy Afrikaning 10 ta davlati o‘rtasida investitsiya jalb qilishni osonlashtirish taklifini ilgari surdi. Maqsad yirik infratuzilma loyihalari uchun mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Taklifga ko‘ra, bir davlatda qimmatli qog‘ozlar chiqarishga ruxsat olgan kompaniya qolgan davlatlarda ham qayta ruxsat olmasdan investorlardan mablag‘ jalb qilishi mumkin. Shuningdek, birjalar va to‘lov tizimlarini bog‘lab, milliy valyutalarda hisob-kitob qilish rejalashtirilmoqda.

Dastlabki 12 oyda Nigeriya, Gana va yana sakkiz davlatga xizmat ko‘rsatuvchi mintaqaviy birja ishtirokida tizimni sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Nigeriya o‘z kapital bozori hajmini 10 yil ichida kamida 1 trln dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

Shveysariyada avtomobil chiqindilaridan qimmatli metallar ajratib olinmoqda (Grensol kompaniyasi)

Shveysariyaning “Grensol” kompaniyasi Biberist shahrida avtomobil chiqindilarini qayta ishlash zavodini ishga tushirdi. Korxona hozirgacha qariyb 1 ming tonna chiqindini qayta ishlab, ulardan qimmatli metallarni ajratib oldi.

Ilgari eski avtomobillar maydalangandan keyin qolgan chiqindilar yoqib yuborilar edi. Yangi texnologiya esa ular tarkibidagi metallarni ajratib olib, qayta ishlatish imkonini beradi.

Kelgusida korxona sun’iy intellekt yordamida saralash tizimini joriy etmoqchi. Bu mis, alyuminiy va po‘latni ko‘proq ajratib olish imkonini beradi.

Qozog‘istonda quyosh va shamol energiyasi ko‘mir elektr stansiyalariga nisbatan arzonroq bo‘lishi mumkin (FAO sharhi)

“Ember” tahlil markazi hisobotiga ko‘ra, Qozog‘istonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini akkumulyatorlar bilan birlashtirish elektr energiyasi tannarxini pasaytirishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday tizimda 1 kVt·soat elektr energiyasi tannarxi 5,6 sentni, yangi ko‘mir elektr stansiyalarida esa 7-17 sentni tashkil etadi.

Tadqiqotda 15 ta hudud o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, quyosh, shamol va akkumulyatorlar birgalikda elektrga bo‘lgan ehtiyojning 70-90 foizini qoplashi mumkin.

Qolgan ehtiyojni umumiy elektr tarmog‘i orqali ta’minlash arzonroq hisoblanadi. Chunki akkumulyatorlar sonini ko‘paytirish elektr energiyasi tannarxini oshiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar