Shavkat Mirziyoyev 283 turdagi import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi (+Infografika)

Shavkat Mirziyoyev 283 turdagi import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi (+Infografika)

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda 37 trln so‘mlik yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 2022−2023 yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini so‘rash vaqti kelgani qayd etildi.

“Bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li – ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat. Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak.

Buni o‘ylamagan, atrofdagi vaziyatdan bexabar, siyosatni tushunmaydigan hokim yoki tarmoq rahbarining ishlashga haqqi yo‘q”, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident ko‘p tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada hali dunyoqarashini o‘zgartirmagani, hozirgi vaziyatdan xulosa chiqarmayotganini tanqid qildi.

Ushbu dastur ijrosi bo‘yicha Farmatsevtika agentligi rejani 51%ga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” esa 10%ga bajarmagani, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ishlar boshlanmagani, “Issiqlik elektr stansiyalari” esa rejani atigi 26%ga bajargani ko‘rsatildi.

Shuning uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.Kariyevga “hayfsan” e’lon qilindi. Uning ikkala o‘rinbosarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi.

Bosh vazirga mazkur Agentlik faoliyatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi v.b. X.Xasilovga “hayfsan”, "Issiqlik elektr stansiyalari" raisi F.Abduraxmonov, "O‘zmetkombinat" direktori R.Pirmatov, "O‘zbekneftgaz" raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Alirizayevga qat’iy ogohlantirish berildi.

Yanvar-fevral oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 860 mlrd. so‘mlik 5 mingta shartnoma tuzilgan bo‘lsada, ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1%ni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.

Yig‘ilishda bundan ikki yil avval oziq-ovqat sanoati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilib, alohida vazir o‘rinbosari lavozimi, maxsus jamg‘arma tashkil etilgani, barcha vakolatlar berilgani ta’kidlandi. Lekin, Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev va uning o‘rinbosari A.Asomov masalani ichiga kirmayotgani, pastga tushib tizimda amaliy natijalar qila olmayotgani tanqid qilindi.

Ular oziq-ovqat sanoati bo‘yicha bir oy muddatda o‘zgarish qilmasa, ularga qat’iy choralar ko‘riladi, dedi davlatimiz rahbari.

Birorta hokimda hududiy import balansi, ichki imkoniyatlar va viloyatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi ta’kidlandi.

“Bu borada hokimlar bergan rejalar ham buni tasdiqlab turibdi. Bu mutlaqo yetarli emas”, dedi Prezident.

Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorini qabul qilib, har bir tarmoq va hudud rahbarining majburiyatlari, aniq hisob-kitoblar, mas’ul va javobgarlarni belgilash topshirildi.

Yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi viloyat hokimlari bilan birga yangi quvvatlarni joylashtirish, ularga sharoit yaratish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlashga ko‘rsatma berildi.

Ochiq aytish kerak, mahalliy sanoatimiz ilm va innovatsiyadan ajrab qolgani sababli ko‘plab korxonalar yangi raqobat sharoitiga moslashishi juda qiyin bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Shuning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi ishini tubdan o‘zgartirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Vazirlik hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirishda yangi texnologiyalar va amaliy yechimlar olib kirish bilan shug‘ullanishi zarur.

Bunda, vazirlik viloyat “loyiha guruhlari” bilan birga 2022 yilda yangi o‘zlashtiriladigan 644 ta mahsulotning (2,6 milliard dollarlik) texnologik yechimlari bilan shug‘ullanadi.

Sanoat tarmoqlari, yirik korxonalar bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “mahsulotbay” kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada Navoiy kombinati birinchi qadamlarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Kombinat import mahsulotlar va ularga texnik talablar haqidagi ma’lumotlarni “kooperatsiya portali”ga joylashtirgani hisobiga, oldin import qilingan 600 mlrd so‘mlik mahsulotlar 18 ta mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Eng muhimi, ushbu 18 ta korxona so‘nggi 3 yilda kichik korxonadan o‘rta ishlab chiqaruvchilar toifasiga o‘tib, ish o‘rinlarini 10 baravarga oshirgan.

Ushbu tajribani barcha tarmoq va hududlar yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada 2022 yil uchun 4,4 trln so‘mlik kooperatsiya shartnomalari tuzish rejalari mutlaqo qoniqarsiz ekanligi ta’kidlandi. Buni 15 trln so‘mga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjud.

Shuning uchun 1 iyulga qadar jami 283 turdagi import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha tayyor biznes-rejalarni tadbirkorlarga taklif etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sanoat yarmarkalari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqishga ko‘rsatma berildi. Bunda:

- tayyor mahsulotlarga xaridor topish bilan birga mahalliylashtirishga tavsiya qilinayotgan mahsulotlar bo‘yicha biznes-rejalar ham qilinadi;

- loyihaga qiziqish bildirgan tadbirkorlar yarmarkaning o‘zida banklar bilan moliyalashtirish shartlarini kelishib oladi;

- buyurtmachilar loyiha tashabbuskorlari bilan 3 yil muddatgacha kafolatli xarid shartnomalarini tuzadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga “Ekspomarkaz”ning 1 ta pavilonida doimiy ishlaydigan sanoat yarmarkasini tashkil etish, viloyat markazlarida, shuningdek, sanoat zonalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning “shou-rumlari”ni ishga tushirish topshirildi.

Shu bilan birga, 1 apreldan:

- yangi loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining yarmi;

- mahalliy korxonalarning mahsulotlarini xorijda sertifikatlash xarajatlari 50 foizi qoplab beriladi.

Prezident mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni qayd etdi.

“So‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, “Cotton Campaign” kuni-kecha O‘zbekistonni “qora ro‘yxati”dan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani.

Buning hisobiga iste’mol mahsulotlarining xom-ashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qo‘shimcha 1,5 mlrd dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, xom-ashyoni olib kelib, tayyor mahsulot chiqargan va uni chetga sotadigan (bojxona hududida qayta ishlovchi) korxonalarga apreldan boshlab:

- eksportchilar uchun berilayotgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;

- loyihalari doirasida texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona to‘lovlari ta’minoti talab etilmaydi;

- ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, 1 yil davomida ishlab kelayotganlariga ruxsatnoma har bir kontraktiga emas, balki korxona faoliyatiga beriladi;

- olib kelgan dastgohlari uchun bojxona bojlari undirilmaydi.

Bu ishlar mavjud 22 ta erkin iqtisodiy zona hududlarida tashkil etiladi. Misol uchun, Urgut erkin iqtisodiy zonasida 440 gektar, Angrenda 430 gektar, Navoiyda 240 gektar, Qo‘qonda 190 gektar, Chustda 120 gektar bo‘sh maydonlar mavjud.

Viloyat hokimlariga ushbu tayyor infratuzilmadan samarali foydalanib, yangi loyihalarni sanoat zonalariga joylashtirish topshirildi. Jumladan:

- Urgutda oziq-ovqat va elektrotexnika mahsulotlari;

- Chustda tayyor kiyim;

- Navoiy va Qo‘qonda maishiy elektrotexnika;

- Bo‘stonliqda farmatsevtika, Angren va Chirchiqda maishiy va sanoat kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish zarur.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ikki hafta muddatda yangi eksport bozorlariga chiqayotgan korxonalarga ajratilayotgan subsidiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Shu bilan birga, yangi bozorlarga kirish uchun mahalliy sanoatga xalqaro standartlarni keng joriy qilish zarurligi qayd etildi. Misol uchun, 2019-2021 yillarda 2 mingta eksportchi xalqaro sertifikatlar olgani hisobiga ularning eksporti 1,5 barobarga (590 million dollardan 920 million dollarga) oshdi.

Shu bois, “O‘zstandart” agentligiga 2022 yilda:

- to‘qimachilik sanoatida 150 ta;

- elektrotexnikada 50 ta;

- oziq-ovqat sanoatida 200 ta korxonada xalqaro sertifikatlarni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun 1 mayga qadar har bir viloyatdagi Loyiha ofislari huzurida kamida ikkitadan Xalqaro standartlarni o‘rgatish markazlarini tashkil etish topshirildi.

Bunda, hududlarning ixtisoslashuviga qarab, ularga xorijiy mutaxassislarni olib kelish va mahalliy korxonalarga xalqaro standartlarni o‘rgatish boshlanadi.

Shuningdek, 1 iyunga qadar to‘qimachilik sanoatida 2 ta, elektrotexnikada 1 ta, oziq-ovqat sanoatida 3 ta laboratoriya tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda qurilish materiallari sohasida 2022 yilda 28 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 600 million dollarlik eksportni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga 2022 yilda 1,8 milliard dollarlik 420 ta yirik loyihani amalga oshirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

1 iyulga qadar 150 million dollar, yil yakuniga qadar yana 300 million dollar mablag‘larni jalb etib, sohadagi investitsiya loyihalarini muddatida moliyalashtirishni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar