Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid yig‘ilishda muhim vazifalarni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid yig‘ilishda muhim vazifalarni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda nuroniylar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilanadi.

“Ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bayrami arafasida ehtiyojmand aholimizning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqamiz.

Biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgiladik.

Bu siyosat bugun biz barpo etayotgan xalqparvar va adolatli davlatning asosiy xususiyatiga aylanmoqda.

Bugungi muborak kunlarda xalqimizga xos olijanoblik va mehr-muruvvat ramzi sifatida nuroniylarimiz, yolg‘iz va ehtiyojmand bo‘lgan opa-singillarimiz, aka-uka va farzandlarimizga e’tibor ko‘rsatish, holidan xabar olib, dardiga malham bo‘lish, o‘ylaymanki, Yaratganga ham, xalqimizga ham, albatta, xush keladi”, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.

Oxirgi yillarda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir kasallikka chalinganlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi.

Ushbu tizimga muvofiq, jumladan:

- “Mehribonlik uylari”dagi 1,5 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar oilalarga olindi, 116 ta oilaviy uy tashkil qilinib, 700 ga yaqin farzandlar ota-ona bag‘rida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi.

Buning hisobiga, 10 ta “Mehribonlik uyi”, 4 ta “Bolalar shaharchasi” va 2 ta “Bolalar uylari” yopildi;

- o‘tgan yili 757 nafar bola uy-joy bilan ta’minlandi, 2022 yil yakuniga qadar yana 350 ta ajratiladi;

- davlat hisobidan 4 mingdan ziyod bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkazildi;

- o‘tgan yili 42 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarga olib berildi;

- o‘tgan yili eshitish qobiliyati zaif 555 nafar bola koxlear implant bilan ta’minlandi, joriy yilda yana 250 nafar bolaga shunday yordam ko‘rsatiladi;

- 4 ming nafar ko‘zi ojiz bolalarga Brayl alifbosi tarqatildi.

Shuningdek:

- 35 mingga yaqin parvarishga muhtoj bolalarning onalariga 500 ming so‘m nafaqa to‘lash joriy etildi;

- ishga qabul qilingan bolalikdan nogiron hamda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar oyligining 2,5 million so‘mgacha qismi daromad solig‘idan ozod qilindi;

- ish beruvchilarga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi byudjetdan to‘liq qaytarib berilmoqda;

- 900 mingga yaqin aholiga to‘lanadigan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori bir yo‘la 40 foizga yoki 300 ming so‘mdan 440 ming so‘mgacha oshirildi;

- nafaqa oluvchi oilalar soni 2016 yilgi 466 mingdan 2022 yilda 1 million 860 mingtaga yetkazildi yoki 4 baravarga oshdi;

- joriy yilning o‘tgan davrida “temir daftar”, “yoshlar” va “ayollar” daftarlari, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga ko‘mak berildi.

“Odamlarning dardiga darmon bo‘lishga qaratilgan islohotlarimiz bu raqamlar bilan to‘xtab qolmasligi kerak, albatta.

Masalan, uyma-uy o‘tkazilgan xatlovlar mamlakatimizda hali 2,2 million aholimiz ijtimoiy yordamga muhtojligini ko‘rsatdi.

Ehtiyojmand aholining muammolari bilan respublikamizda 16 ta vazirlik va idora shug‘ullansa-da, ular mahalla darajasiga tushib ish olib bormayotgani bois odamlarda bu sohaga e’tirozlar ko‘p.

Aslida ushbu aholi qatlami bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, ayollar faollari har kuni “xonadonbay” ishlashi kerak.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand qatlamini hisobga olish, ularga pensiya va nafaqalar tayinlash, kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash borasida ishlarimiz ko‘lamini yanada kengaytiramiz”, dedi Prezident.

Mamlakatimizda 3 milliondan ortiq yoki aholining qariyb 9 foizini nuroniylar tashkil etadi.

Keksalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olib, har kuni g‘amxo‘rlik qilish, e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha mahalla darajasida tizim yaratiladi. Jumladan:

- 16 mingdan ziyod o‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz yashovchi keksalarning har yili sanatoriylarda davolanishi tashkil etiladi;

- 25 ming nafar sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarning dori-darmonlari, protez-ortopediya moslamalari davlat tomonidan olib beriladi, jarrohlik amaliyotlariga xarajatlari ham byudjetdan qoplab beriladi;

- nuroniylar uchun stadion, tennis-kort, sport zallari, basseyn kabi sport inshootlariga oylik abonementining 540 ming so‘mgacha qismi qoplab beriladi;

- keksalarning teatr va muzeylarga chipta olish xarajatlari ham to‘liq qoplab beriladi.

Turizm vaziriga viloyat hokimlari bilan birga 1 maydan boshlab keksa avlod vakillarini ziyoratgohlar, yangi barpo etilgan bog‘lar, madaniyat majmualari va markazlariga sayohatlarini boshlash topshirildi.

Yig‘ilishda keksa yoshdagi hamda ehtiyojmand aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettirilishi ta’kidlandi.

Bugun Prezident pensiya va nafaqalarni 1 maydan 12 foizga oshirish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Shuningdek:

- eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi (440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga);

- 9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladi.

Mutasaddilarga:

- yolg‘iz yashayotgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj odamlardan shaxsan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlarni yetkazish;

- urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarning har birining xonadoniga shaxsan borib, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirish;

- 10 ming nafar front ortida mehnat qilgan faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar olish va sovg‘a-salomlar yetkazish topshirildi.

1 iyundan boshlab urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi.

Bundan tashqari, ularga kiyim-kechak xaridi uchun har yili 4 million so‘mdan kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etiladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, viloyat, tuman va shahar hokimlariga mahalliy byudjetlar, “daftarlar” jamg‘armalari va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bu savobli ishlarning qamrovini kengaytirish topshirildi.

Prezident nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan:

- 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga 6 oy davomida har bir bunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladi;

- o‘zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratiladi, ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi.

Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari va ularning hududiy bo‘limlari (Nogironlar, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Karlar jamiyati) xodimlariga oylik to‘lash uchun davlatdan subsidiya ajratilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish maqsadida yangi “Nurli maskan” nomini olgan maktablarda yangi o‘quv yilidan:

- qo‘shimcha 850 ta o‘quv xonalari va 1 ming 200 ta yotoqxona o‘rni tashkil etiladi;

- davlat buyurtmasi asosida ushbu maktab kutubxonalari Brayl yozuvidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy hamda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanadi.

2023 yildan ushbu tajribani respublikaning barcha hududlarida joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, 3 mingdan ziyod zaif eshituvchi bolalarga zamonaviy eshitish moslamalari yetkazib beriladi. Bunga byudjetdan 11 milliard so‘m ajratiladi.

Maxsus maktab-internatlarning barcha xodimlariga 50 foiz ustama to‘lash joriy etiladi. Bunga 30 milliard so‘m beriladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarning ma’naviy kamol topishi uchun 108 ta maktab-internatga har yili 20 mingdan ortiq maxsus adabiyotlar xarid qilinadi.

1 oktyabrga qadar 20 dona ekzoskelet, 880 ta nogironlik aravachasi, 4 mingta ovozli termometr va tonometr, 6 mingta “aqlli” soat xarid qilinib, hududlarga yetkaziladi. Bunga 31 milliard so‘m ajratiladi.

Avval ishlamagan, “Saxovat” uylaridagi yashovchi 1 mingga yaqin yoshi ulug‘ kishilarga hozir hech qanday to‘lov yo‘q. Endi ularga ham shaxsiy xarajatlari uchun qarilik nafaqasining 20 foizi to‘lab beriladi.

Hozirda nogironlik pensiyasi fuqarolarning avvalgi ishlagan staji va oyligidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu 75 mingdan ortiq ishlayotgan nogironligi bor fuqarolarning daromadiga bevosita ta’sir qilmoqda.

Shu bois ularning pensiyasi har ikki yilda qayta hisoblanib, ish staji va oyligiga qarab oshirib boriladi. Bunga 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda oilaviy bolalar uylarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ularga byudjetdan mablag‘ ajratish tartibi soddalashtirilishi ta’kidlandi. Ya’ni, kundalik xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ ota-onalarning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, oilaviy bolalar uylarining kommunal to‘lovlari aholi uchun belgilangan tariflarda olinadi.

Bundan tashqari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat va kiyim-kechak xaridi uchun 10 million so‘mdan ajratish amaliyoti nodavlat oliygohlarda ham joriy etiladi.

Umuman, 376 ta mehribonlik, saxovat va muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarni ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha 600 milliard so‘mlik alohida dastur qabul qilinadi.

Prezident ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini qayd etdi.

Masalan, Angren shahri va Olmazor tumanining 13 ta mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash natijasida yaxshi tajribalar yaratilgani ta’kidlandi.

Bunda xotin-qizlar faollari 109 ta yordamga muhtoj oilani birma-bir o‘rganib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni yechishda amaliy ko‘mak bergan.

Mutasaddilarga 1 iyulga qadar ushbu tizimni barcha hududlarda joriy etib, 70 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni mahallada yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bunda, xotin-qizlar faollari hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga:

- har bir xonadonga bevosita kirib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojni aniqlaydi;

- har bir oila uchun alohida ijtimoiy himoya rejasini ishlab chiqadi;

- aholi murojaatlari asosida ijtimoiy xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini doimiy nazorat qilib boradi;

- murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlarni aniqlab, ularni bepul davolash uchun yuborishga ko‘maklashadi.

Yangi tizimni samarali yo‘lga qo‘yish uchun maxsus dastur asosida 9 ming 300 dan ziyod xotin-qizlar faollarini mahallada ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

“Vazirlar, hokimlar va sektor rahbarlari bir narsani aniq tushunib olishi kerak. Ushbu tizim xotin-qizlar faollari zimmasiga barcha mas’uliyatni yuklab qo‘yish degani emas.

Misol uchun, nogironligi bor shaxslarga 5 ta idora ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadi. Lekin, ularga mahalladan turib murojaat qilishning imkoni yo‘q.

Eng asosiysi, ushbu idoralar tomonidan “o‘z mijozlari”ni aniqlash va ularga o‘z vaqtida ko‘mak berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Bundan buyon, xotin-qizlar faollari tomonidan ijtimoiy xizmatlar olish uchun buyurtma berish tizimi joriy etiladi.

Ushbu buyurtmalar ijrosini ta’minlash orqali ijtimoiy himoyaga mas’ul barcha idoralar ishiga baho beriladi”, dedi Prezident.

O‘zini yaxshi ko‘rsatgan xotin-qizlar faollari mukofotlanadi, yil natijalari bo‘yicha esa “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

Yig‘ilishda ishchi-xodimlarning samarali faoliyati uchun 3 ta asosiy ijtimoiy masalada (kasallik, ishsiz qolish, homiladorlik) bosqichma-bosqich kafolatli himoyalash tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

Misol uchun, norasmiy sektorda ayollar ulushi 57 foizni tashkil qilmoqda.

Sababi, ko‘plab ish beruvchilar homiladorlik nafaqasini to‘lashda ortiqcha xarajat qilmaslik uchun ayollarni rasmiy ishga olmaslikka harakat qiladi.

Bu borada 2022 yil sentyabrdan boshlab “dekret” to‘lovlarining bir qismini davlat byudjeti hisobidan to‘lash tartibi joriy etilmoqda.

Mazkur ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida 1 sentyabrdan Moliya vazirligi huzurida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaga joriy yilda byudjetdan 170 milliard so‘m ajratiladi.

Mutasaddilarga 1 avgustga qadar “dekret” pullarini to‘lash jarayonini to‘liq raqamlashtirish topshirildi.

“Ramazon oyi – saxiylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu qutlug‘ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli bo‘lish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan, Ramazon hayiti arafasida Prezident adashib jinoyatga qo‘l urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmonni imzoladi.

Mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida kutib olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu bilan birga, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oldiga bayram yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

“Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, odamlarning dardiga darmon bo‘lish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, shu bilan birga, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak”, dedi Prezident so‘zining yakunida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar