Prezidentning "Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2020 yil 13 oktyabrdagi qaroriga muvofiq quyidagi nizomlar tasdiqlandi:
- yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantirish, ularning o‘qitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan NNTni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun:
- Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan belgilangan dasturlar va talablar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70%i, biroq har bir bitiruvchiga 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorini davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
- kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini olgan shaxslarga o‘z biznesini tashkil etish uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi;
NNTning keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, shu jumladan bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4% stavkada qarz ajratiladi.
NNTning tadbirkorlikka o‘qitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun kredit taqdim etish bo‘yicha tanlov 2021 yil 20 iyulga qadar e’lon qilinadi va 2021 yil 1 avgustga qadar o‘tkaziladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga quyidagilar topshirildi:
a) bir oy muddatda Kasb-hunar hamda biznesga o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlarining elektron reyestrini o‘zining saytiga joylashtirish;
b) 2021 yil 1 noyabrga qadar quyidagi imkoniyatlarga ega axborot tizimining ishga tushirilishini ta’minlash:
- reyestrni shakllantirish va yuritish;
- tegishli idoralarning dasturiy ta’minotlari bilan integratsiya qilgan holda, idoralararo elektron hamkorlik qilish;
- nodavlat ta’lim tashkilotlari va mutasaddi idoralar o‘rtasida o‘quvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish;
- sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar olish;
- tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini monitoring qilib borish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.06.2021 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish