Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi

Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi

Shavkat Mirziyoyev namanganliklarni o‘z saylov dasutri bilan tanishtirmoqda. Dasturdan viloyatda birinchi o‘rinda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar va tashabbuslar o‘rin olgan.

Xalq shoirining nomi kutubxonaga beriladi

Namanganning mevalari shirin, mevasidan ham ko‘ra shevalari shirin. Namangan viloyat bolalar kutubxonasiga O‘zbekistonning eng birinchi xalq shoiri- jadid Muhammad Sharif So‘fizoda nomi beriladi- Shavkat Mirziyoyev

Bu taraqqiyparvar inson 1913 yili Chust shahrida yetim bolalar uchun jadid usulida maktab tashkil qiladi. Zulm va zo‘ravonlik, jaholatga qarshi she’rlar yozgani uchun quvg‘in va ta’qiblarga uchrab, ona yurtidan bosh olib ketishga majbur bo‘ladi.

U Hindistonda muallim, Afg‘onistonda maorif vazirining o‘rinbosari vazifalarida ishlaydi.

So‘ng, Turkistonga qaytib, millatimizning ko‘zini ochish, yoshlarni ilm-ma’rifatdan bahramand qilish yo‘lidagi ishlarini davom ettirgan.

Afsuski, So‘fizoda 1937 yili “xalq dushmani” degan tuhmat bilan 57 yoshida otib tashlangan.

Shuningdek, Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosib nishonlanadi.

Usmon Nosirning hayoti va ijodini yanada kengroq o‘rganish, asarlarini nashr qilish, jumladan, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykalini hamda Rossiyaning Kemerovo o‘lkasidagi shoir dafn etilgan maskanda yodgorlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

Namanganda birinchi navbatda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar

Prezident viloyatda kambag‘allikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlaridagi muammolarga yechim topish kerakligi xususida gapirdi.

127 mingdan ziyod aholi ishsiz bo‘lib, har yili mehnat bozoriga qo‘shimcha 42 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. 27 ming oila doimiy daromad manbaiga ega emas. Mingbuloq, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Pop va Chustda ichimlik suvi ta’minoti darajasi juda past, 27 ta mahalla esa markazlashgan ichimlik suvi bilan umuman ta’minlamagan. Viloyatda uy-joyga ehtiyoj katta. Birgina Namangan shahrida kelgusi besh yilda aholi 1 million nafarga yetishi hisobiga, qo‘shimcha 52 mingta uy-joyga ehtiyoj mavjud. Qishloq va suv xo‘jaligida Kosonsoy, Pop, Chust, Yangiqo‘rg‘onda suvsizlik sababli 19 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari ishlatilmayapti. Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarida ham, hali yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar mavjud. Viloyatda 709 ming nafar yoki 25 foiz aholining surunkali kasalligi bor. Namangan shahri (47 foiz), Chortoq (53 foiz) va Kosonsoyda (54 foiz) maktabgacha ta’lim qamrovi juda past (viloyatda 68 foiz). Ayniqsa, 58 ta mahallada bog‘cha umuman yo‘q. Viloyatdagi 37 ta maktab quvvatiga nisbatan 2 barobar ko‘p yuklama bilan ishlamoqda.

Namanganning yetakchi tarmoqlarida sanoat klasterlari tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 400 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, aholi daromadini kamida 2 baravarga oshirish va kambag‘allikni ham 2 baravarga qisqartirish ustuvor vazifa bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev

4,6 trillion so‘m kredit ajratiladi

Birinchi yo‘nalish - tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 4,6 trillion so‘m kredit ajratish hisobiga 164 ming yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev Uychi tumanini "ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha rejasini sharhlab bermoqda. Bunda har bir mahallada "hokim yordamchisi" lavozimi joriy etiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev "Loyiha guruhi" nomli yangi tashabbusni Pop tumani misolida tushuntirdi

Kelgusi besh yilda Namanganda 7 milliard dollarlik 10 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 150 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Masalan, Pop tumanida “Loyiha guruhi” tuzilib, uning ishiga Strategik rivojlanish agentligi va investitsiya kompleksiga kiruvchi barcha idoralar jalb qilinadi.

“Loyiha guruhi” tumanning iqtisodiy salohiyati, barcha tabiiy boyliklari, noruda qazilmalari, geografik joylashuvi, eksport bozorlarining yaqinligi va boshqa imkoniyatlarini chuqur tahlil qilib, aniq loyihalarni shakllantiradi.

Shuningdek, kichik geologiya ekspeditsiyasi tashkil qilinadi va “Loyiha guruhi” bilan hamkorlikda ishlaydi hamda noruda konlaridan foydalanish uchun litsenziya berish tizimi yanada soddalashtiriladi.

Masalan, Pop tumanida noruda qazilmalari zaxiralari asosida shisha, keramogranit, bezak toshlari, bazalt va boshqa qurilish materiallari sanoati loyihalari ishlab chiqariladi.

Har yili tumanda 10 – 15 ta tadbirkor tanlab olinib, ularning faoliyatini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash orqali kichik tadbirkorlarni yetaklovchi lokomotiv tadbirkorlarga aylantirish choralari ko‘riladi.

“Loyiha guruhi” tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari ushbu tadbirkorlar ishtirokida alohida tashkil qilinadigan “Xolding kompaniyasi” tomonidan amalga oshirilib, loyiha qiymatining 30 foizgacha bo‘lgan qismi O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Ushbu maqsadlar uchun har bir tumanga Jamg‘arma yiliga 15 million dollar ajratadi.

Eng muhimi – viloyat hududida yer maydonlari tanqisligini inobatga olib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari 3-4 yoki undan ortiq qavatli binolarda joylashtiriladi.

Namangan shahri aholisining soni - million kishidan iborat shaharga aylanadi- Shavkat Mirziyoyev

Yangiqo‘rg‘on olmasi, Chust va Kosonsoy noklari, Chortoq bodomi o‘ziga xos milliy brendga aylanib ulgurgan. Olmoslik dehqonlarni qo‘shni davlatlarda, Rossiyada ham juda yaxshi bilishadi.

Bu tajribani respublikamizning barcha hududida ommalashtirish maqsadida To‘raqo‘rg‘on qishloq xo‘jaligi texnikumi negizida Agrar universitetning Namangan filiali tashkil etiladi.

Yuksalish massivida 30 ming oila uchun 330 ta ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, kichik sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini qamrab olgan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etiladi”, dedi Prezident.

Afg‘oniston chegarasida bir askarimiz halok bo‘ldi, u Namangan farzandi edi – Prezident

Afg‘onistondagi holat hammamizga saboq bo‘lishi kerak. Chegaradagi vaziyat har kuni diqqat markazimizda. Hech kimga sarhadlarimizga daxl qilishga yo‘l qo‘ymaymiz. Chunki O‘zbekistonda qonun ustuvor, jazo muqarrar.

Kuni kecha ham davlatimiz chegarasini buzib o‘tishga urinish bo‘ldi. Bir narkobaron harakat qildi. Lekin biz daxlsizlik masalasida pozitsiyamiz qat’iy, kerak bo‘lsa, chegaramizni himoya qilish uchun qurol ishlatamiz.

Kechagi vaziyatda ham o‘z vazifasini sharaf bilan bajargan bir askarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi. U shu yurt farzandi – namanganlik edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarga qarata.

Mirziyoyev: hali bizda o‘g‘rilik ko‘p. Korrupsiya ko‘p

Xalqning pulini adolatli taqsimlash, maqsadli va manzilli ishlatishni tashkil etishimiz zarur. Ochig‘ini aytish kerak, hali bizda o‘g‘rilik ko‘p. Korrupsiya ko‘p. Mana men bugun Toshkentda kichik yig‘ilish qilib keldim. Toshkent mahallalarini asfalt qilish bo‘yicha topshiriq bergandim. Yo‘llarga katta qilib yarim metrli bordyur qilyapti. Baraka topgur, mashinalar poyga o‘ynaydimi, buncha katta qilib, bordyur qilib nima qilasan? Odamlarga avval yo‘l qurib beraylik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, kelgusi yillarda hududni “korrupsiyadan xoli qilish” bo‘yicha Namangan viloyati barchaga namuna bo‘lishi uchun alohida dastur qabul qilinadi. Byudjet ajratmalarini ochiq-oshkora sarflash orqali iqtisod qilingan mablag‘lar ehtiyojmand oilalar, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kirganlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

"Yuraklaringiz nima desa, shunga ovoz bering"

Caylovda ongli ravishda ishtirok etishingiz so‘rayman. O‘z pasportingiz bilan borib ovoz bering. Avvalgidek, boboning o‘rniga nevarasi borib oilaviy ovoz berish-siyosatimizga xiyonat bo‘ladi. 5 ta nomzod bor, o‘zingizning ovozingizni bering. Yuraklaringiz nima desa, ertangi Namangan, ertangi O‘zbekiston qanday bo‘lishini istasangiz, shunga ovoz berasizlar, deb men ishonaman, dedi Prezident.

Namanganda tibbiyotni yaxshilash uchun Shavkat Mirziyoyev rejalari

Kelgusi ikki yilda 17 ta mahallada oilaviy shifokorlik punktlari hamda Namangan shahrida 5 ta oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qon bosimi va onkologik kasalliklarini davolash uchun, aholiga eng zarur dori vositalari bepul yetkaziladi. Buyrak kasalliklarini erta aniqlash maqsadida, barcha birlamchi tibbiyot muassasalari ekspress-test vositalari bilan ta’minlanadi. Onkologik kasalliklarni erta aniqlash uchun, 45 yoshdan oshgan 210 ming ayol har yili skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi. Uychi, Yangiqo‘rg‘on va Chustda 3 ta tumanlararo perinatal markazlar tashkil qilinadi. Uchqo‘rg‘on va Popda 2 ta o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda gemodializ xizmati ham ko‘rsatiladi. Shuningdek, har yili 430 ming nafar bolalar va homilador ayollar vitaminlar bilan bepul ta’minlanadi.

Kosonsoy, Norin, Pop, Uchqo‘rg‘on, Chust, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on va Chortoqda urologiya va endokrinologiya yo‘nalishlari bo‘yicha;

Uchqo‘rg‘on, Norin, Chortoq, To‘raqo‘rg‘on, Namangan, Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoyda nevrologiya va endokrinologiya yo‘nalishlari bo‘yicha Respublika ixtisoslashgan markazlar viloyat filiallarining tumanlararo bo‘limlari tashkil qilinadi.

Yangiqo‘rg‘on, Davlatobod tumanlari tibbiyot birlashmalari laparoskopik uskunalar bilan ta’minlanib, kaminvaziv operatsiyalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytiriladi. 350 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalar yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj. Ularni bepul davolash yo‘lga qo‘yilib, bunga 14 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Yuqori texnologik, murakkab jarrohlik operatsiyalar ko‘lamini kengaytirish uchun Kardiologiya markazining Namangan filiali 9 million yevrolik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialiga yangi bino ajratiladi va moddiy texnik-bazasini yaxshilashga 21 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Namangan shahrida xalqaro universitet va zamonaviy klinikadan iborat Tibbiyot klasteri tashkil etiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyevning Namangan futboli haqidagi fikrlari

Namangan ahlining futbolga bo‘lgan ashaddiy qiziqishini nafaqat mamlakatimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham yaxshi bilishadi. “Navbahor”ning ishqibozlari Angliya, Italiya va Fransiya futbol fanatlaridan sira qolishmaydi.

Namanganliklar Odil Ahmedov kabi iste’dodli, vatanparvar futbolchini yetishtirib bergani bilan har qancha faxrlansa arziydi. O‘ylaymanki, viloyatning shahar va qishloqlarida uning izdoshlari yana ko‘plab topiladi.

Navbahor futbol klubi bazasida “Futbol akademiyasi”ni tashkil etib, Davlatobod tumanini sport shaharchasiga aylantirsak, nima deysizlar?!" deya taklif bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Chet tillar oliygohi tashkil etiladi

Namanganda kelgusi besh yilda 7 ta oliygoh tashkil etilib, jami oliy o‘quv yurtlari soni 10 taga yetkaziladi.

Ibrat ijod maktabi negizida Chet tillar oliygohi tashkil etiladi

Talabalarni turar-joy bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 3 ming 600 o‘rinli 9 ta yangi yotoqxona qurib bitkaziladi. - Shavkat Mirziyoyev

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar