O‘zbekiston Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumidagi nutqining lingvistik tahlili

O‘zbekiston Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumidagi nutqining lingvistik tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekiston Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi ochilish marosimidagi nutqi bo‘yicha lingvistik tahlil tayyorladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida jami 1 907 so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “kambag‘allik” – 28 marta, “ aholi”, “yangi” – 17 marta, “daromad” – 15 marta, “ijtimoiy”, “sharoit”, “oila” – 14 marta, “xalqaro” – 12 marta, “odam” – 11 marta, “davlat”, “xizmat” – 10 marta, “qizlar” – 9 marta va “bank”, “tashkilot”, “mahalla” so‘zlari – 8 marta tilga olingan (1-rasm).

So‘z va iboralar takrorlanishini tahlil etish natijasi

Prezident nutqida islohotlar yo‘nalishini belgilab beruvchi tizimli tushunchalarga alohida e’tibor qaratildi. «Kambag‘allikni qisqartirish» iborasining 10 marta takrorlanishi bu vazifaning davlat siyosatining markaziy yo‘nalishi sifatida mustahkamlanganini ko‘rsatadi. «Kambag‘al oila» (7 marta) va «xotin-qizlar» (6 marta) iboralarining takrorlanishi esa aholining himoyaga muhtoj qatlamlariga e’tibor qaratilib, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga jalb etish ustuvor yo‘nalish ekanini namoyon etadi. «Moliya institutlari» va «ijtimoiy xizmatlar» iboralarining 4 marta tilga olinishi milliy kun tartibining xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unligini hamda global sheriklikka tayanishini ifoda etadi. «Yangi O‘zbekiston» va «xalqaro moliya» iboralarining 3 martadan ishlatilishi esa ichki islohotlar g‘oyasi bilan tashqi qo‘llab-quvvatlash o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni shakllantiradi.

Uch so‘zdan iborat iboralar ichida vaqt doiralari va strategik yo‘nalishni belgilaydigan birikmalar ustunlik qiladi. «Shu yilning o‘zida» iborasining 5 marta qo‘llanilishi islohotlarning joriy natijalar bilan bog‘liqligini ko‘rsatsa, «Barqaror rivojlanish maqsadlari» iborasining 4 marta ishlatilishi milliy ustuvorliklarni global kun tartibi bilan uyg‘unlashtirib, islohotlarni xalqaro miqyosda mustahkamlaydi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti», «xalqaro moliya institutlari» va «kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha» iboralarining 3 martadan tilga olinishi global darajadan tortib aniq vazifagacha bo‘lgan institutsional doirani namoyon etadi. «Har bir oila», «kafolatlangan tibbiy xizmatlar» va «davlat siyosati darajasiga» iboralarining 2 martadan qo‘llanilishi esa chora-tadbirlarning manzilliligi hamda ijtimoiy siyosatning oliy davlat darajasida mustahkamlanganini ko‘rsatadi.

Yo‘nalishlar kesimida so‘zlar tahlili

So‘zlarning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti tahlili shundan dalolat beradiki, davlat rahbari nutqida kambag‘allikni qisqartirishdagi milliy tajriba masalalariga (18%), Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga (14%), shuningdek, iqtisodiy o‘sish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga (14%) alohida urg‘u berdi.

Shu bilan birga, global hamkorlik va forum ahamiyatiga (13%) kuchli e’tibor qaratildi, bu esa milliy tashabbuslarning xalqaro kun tartibiga uyg‘unligini ko‘rsatadi.

Alohida yo‘nalish sifatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash (10%) va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish (9%) masalalari belgilanib, bu gender inklyuziyasi hamda uzoq muddatli global ustuvor yo‘nalishlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni aks ettirdi. Shuningdek, ta’lim va inson kapitali mavzusi 8%, hududlarda infratuzilmani yaxshilash esa 7% ulushni tashkil etdi.

Yakuniy urg‘u sifatida Prezident “Inson qadri” tamoyilini (7%) tilga oldi va uni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosi sifatida belgiladi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlar inson qadriga tayanadi, u mamlakatning yangi rivojlanish strategiyasidagi eng muhim maqsad va yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Ilyos Rabbimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar