Bugun, 15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
“Hozirgi kunda to‘qimachilik, konchilik, elektrotexnika, kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va servis, qurilish, tadbirkorlik sohalarida katta-katta o‘zgarishlar qilayapmiz. Misol uchun, 2022 yilning o‘zida 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilib, ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak bo‘ladi.
Kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish bo‘yicha marralarga ham odamlarga faqat va faqat zamonaviy kasblar berish orqali erisha olamiz”, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
So‘nggi 3 yilda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil qilinib, odamlarni kasbga o‘rgatish boshlangani, lekin bu tizim 5-10 foiz ishsizlarni qamrab olishi ta’kidlandi.
Bu yil respublika bo‘yicha 555 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, munosib ish bilan ta’minlash masalalari barcha darajadagi hokimlar, oliygoh rektorlari, kollej va texnikum direktorlarini ham o‘ylantirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikuman iborat tizim samarali ishlatilmayotgani qayd etildi. Ular mavjud quvvatlarining atigi 40-50 foizidan foydalanmoqda.
Energetika, Suv xo‘jaligi, Uy-joy kommunal vazirliklariga berilgan kollejlar 20 foiz, Qurilish, Transport vazirliklari kollejlari 10 foiz quvvatda ishlayapti.
Joriy yilda kollej va texnikumlarning 15 mingga yaqin o‘quvchilari kontrakt pulini to‘lash imkoniyati yo‘qligi bois, o‘qishni davom ettira olmagan.
Eng muhimi – kollej va texnikumlardagi kasblar ish beruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda ular ishga olgan yoshlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda.
O‘quv dasturlari zamon talablaridan ancha orqada, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi.Bu muammolar yechimi bilan shug‘ullanadigan mutasaddi vazirliklar tizimli ishlamayotgani tanqid qilindi.Shu bois kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Yangi tizimga ko‘ra, 45 ta kollej Bandlik vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Oliy ta’lim vazirligi barcha kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Vazirlikda alohida vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, departament tashkil qilindi. Bu lavozimga yetarli tajribaga ega bo‘lgan, Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlandi.
“Bugungi kunda oliy ta’lim tizimidagi katta islohotlar o‘z natijasini berishni boshladi. Joriy yilda 36 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Endi professional ta’lim tizimini tubdan isloh qilish – oliy ta’lim vaziri, uning o‘rinbosarlari, rektorlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak. Bu juda muhim vazifa, tizimli ish tashkil etilmasa, odamlar rozi bo‘lmaydi”, dedi Prezident.
Buning uchun Professional ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Viloyat, tuman va shaharlarda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi.
“Avvalambor, professional ta’limni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish shart”, dedi Prezident va bu ishlarni qanday tashkil etishni Angren shahri misolida ko‘rsatib berdi.
Angrenda joriy yilda mehnat bozoriga 3 800 nafar yoshlar kirib keladi, shahardagi 535 ta korxonada ishchi kasblar bo‘yicha 1 915 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud, investitsiya loyihalari hisobiga joriy yilda yana 2 mingdan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Yangi tizim orqali 6 ming nafar aholi kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadi va manzilli ishga joylashtiriladi.
Yoshlarni kasbga yo‘naltirishga mas’ul bo‘lgan psixologlar ishi umuman sezilmayotgani qayd etildi. Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga:
- o‘z tizimidagi psixologlarni qayta o‘qitish va talabga javob bermaydiganlarini almashtirish;
- 7-11-sinf o‘quvchilarini individual yondashuv asosida kasbiy diagnostikadan o‘tkazish va tavsiyalarini kengashlarga taqdim etish topshirildi.
Shu bilan birga vazirlik oldiga O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish tashxis markazi faoliyatini transformatsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Hozirda respublika bo‘yicha 57 ta professional ta’lim muassasasida Germaniya tajribasi asosida ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan. Maktabgacha ta’lim tizimida bu o‘z natijasini bergani ta’kidlandi – pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun nazariy bilimlarni kollejda oladi, qolgan 4 kun esa bog‘chalarda amaliyot o‘taydi va ishlab, oylik oladi.
Viloyat hokimlari Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda ushbu ijobiy tajribani kasb-hunar maktablari va texnikumlarda yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Endilikda:
- dual ta’limni joriy etish uchun kasb-hunar maktablarining bo‘sh maydonlarida korxonalarning ishlab chiqarish sexlari tashkil etiladi. Bunda, o‘quvchilar ushbu korxonada ishlab, oylik oladi;
- korxonadagi ustozlarga asosiy ish haqidan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Oliy ta’lim vazirligiga ayrim ta’lim yo‘nalishlarini oliygohdan texnikumga berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Iqtisodiyot universitetida turizm menejmenti, reklama ishi, mehnat muhofazasi, Transport universiteti va Andijon mashinasozlik institutidagi avtomobil servisi yo‘nalishlarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yetarli baza mavjud. Bunday kasblar o‘nlab topiladi.
Shu bois, texnikumlari mavjud 62 ta oliygoh rektorlariga:
- oliygohlarda o‘qitilayotgan kamida 60 ta yo‘nalishni texnikumlarga o‘tkazish;
- texnikumlarni o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari va darsliklar bilan ta’minlash;
- texnikumlarda o‘zining kafedralari filiallari va o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.
Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
“Umuman, texnikumlarga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Ular oliygohga kirishning oson yo‘li emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari.
Kelgusi yildan texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishi belgilandi.
Moliya vazirligiga oliygoh talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim kreditini yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etish topshirildi. Shuningdek, kollej va texnikumlarda o‘qish uchun davlat grantlari va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar ko‘paytiriladi.
Oliy ta’lim vazirligiga ikki oy muddatda 207 ta texnikum faoliyatini o‘rganib, samarasiz ishlayotgan 70 ta texnikumni tugatishga topshiriq berildi. Ularning 25 tasi monomarkazlar tashkil etish uchun Bandlik vazirligiga o‘tkaziladi, qolgan 45 tasi negizida kasb-hunar maktablari tashkil etiladi.
Prezident Shirin shahri energetika kollejidagi tajribaga to‘xtaldi. Kollejda Saudiya Arabistonining “ACWA power” kompaniyasi buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya 2,8 mln dollarga zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan. Hozirgi kunda kompaniya buyurtmasi asosida 140 nafar yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan.
Viloyat hokimlariga Oliy ta’lim vazirligi va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda shu tajriba asosida har bir tuman, shahar kesimida:
- yirik ish beruvchilar va xorijiy korxonalar bilan muzokara olib borib, texnikumlarni yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish;
- har bir viloyatda kamida 2 tadan texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish topshirildi.
Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul tashkil etish amaliyotini boshlash vazifasi qo‘yildi. Bandlik vazirligiga o‘tayotgan 70 ta muassasa negizida monomarkazlar, shundan 25 tasini joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish shartligi qayd etildi.
Mutasaddilarga professional ta’lim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Ochiq aytish kerak, 2 million so‘m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so‘m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz”, dedi Prezident.
Shu bois, kelgusi yil 1 yanvardan:
- professional ta’limdagi pedagog va ustalar oyligi o‘rta maktab o‘qituvchilariga tenglashtiriladi;
- o‘qituvchilar malaka toifasi uchun to‘lanadigan ustama o‘rtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi;
- erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etiladi.
Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi. Shu bilan birga, professional ta’lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi.
Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari aholini kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi. Hozirda qonuniy asoslar bo‘lsada, bironta xususiy kollej yoki texnikum mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorijiy kompaniyalar ham yoshlarimizni kasbga o‘qitib, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni bildirmoqda.
Bu boradagi ishlarni faollashtirish maqsadida xususiy kollej va texnikumlar tashkil etish uchun qator imtiyozlar beriladi:
- litsenziya olish uchun talablar qayta ko‘rib chiqilib, zarur mablag‘ning minimal miqdori 2 baravarga kamaytiriladi;
- bo‘sh binolar uzoq muddatga ijaraga beriladi;
- xorijdan keltiriladigan adabiyotlar va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
- xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 million so‘mdan to‘lab beriladi;
- ehtiyojmand yoshlar to‘lov-kontrakti mablag‘ining 30 foizi qoplab beriladi.
“O‘quv yili deyarli yakunlandi. Oldimizda 404 ming nafar o‘rta ta’lim, 151 ming nafar kasb-hunar ta’lim, 125 ming nafar oliygoh bitiruvchilari, jami 680 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifa turibdi”, dedi Prezident.
Shu maqsadda barcha hokimlar:
- bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashadi;
- ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali uchrashuvlarning aniq vaqti, joyi va telefonlarini e’lon qiladi;
- uchrashuvlarda rektorlar, yirik ish beruvchilar, korxona va klasterlar, mutasaddi idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi;
- bitiruvchilarning ishga ehtiyoji, qiziqishi va ko‘nikmalarini o‘rganib, ularning balansini shakllantiradi;
- ish beruvchilarning ehtiyojidan kelib chiqib, monomarkazlarda kasbga tayyorlashni tashkil etadi.
Bu ishlarni amalga oshirish uchun joylarda doimiy ishlaydigan shtablar tuzilishi, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar va ularning ota-onasi bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishi, kelib tushadigan har bir murojaat tezkor ko‘rib chiqilishi shartligi belgilandi.
Izoh qoldirish