Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
Shavkat Mirziyoyev bugungi yig‘ilishda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni belgilab olinishini ta’kidladi.
“Xabaringiz bor, biz o‘z faoliyatimizning ilk kunlaridan boshlab munis va mo‘’tabar ayollarimizning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish masalasini davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgidik.
Barcha islohotlarimizning mazmuni, “Inson qadri uchun” tamoyilining mohiyati ham aynan shunga qaratilgan.
Agar biz xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak.
Biz mana shu hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan holda, bu masalada bir qator muhim qonunlar, farmon va qarorlar qabul qildik", dedi Prezident.
Prezident bu borada qilingan ishlar haqida bir nechta raqamlarni keltirdi. Jumladan:
- 2021 yilda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 200 mingdan ziyod loyihalarga 2 trillion so‘m kredit va subsidiyalar ajratilib, 320 ming xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi;
- 2021 yilda 190 ming nafar ayollar kasb-hunarga o‘qitildi;
- 2020 yilda yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari” tizimi doirasida 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berildi;
- 2021 yilning o‘zida 4 mingdan ziyod xotin-qizlarga uy-joy to‘lovining boshlang‘ich badaliga mablag‘ ajratildi;
- 2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliygohlarga qabul qilindi, yana 1 ming 800 nafariga kontraktlari to‘lab berildi. Natijada 2021 yilda oliygohlarga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi (2016 yilda bu ko‘rsatkich 38 foiz bo‘lgan).
- 2021 yilda 1 ming 153 nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy operatsiyalar bepul o‘tkazildi.
"Bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur," - deya ta’kidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari sohadagi muammoli masalalarni ham sanab o‘tdi.
Xususan, “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qizlar ro‘yxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz hisoblanadi.
2021 yilda ishsiz ayollar o‘rtasida jinoyatchilik 1,7 baravarga, 18-30 yoshdagi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 2 baravarga ko‘paygan.
Bulardan tashqari, oilada ayollarni xo‘rlash, ularga zo‘ravonlik qilish va tazyiq o‘tkazish holatlari hali mavjud.
O‘tgan 2021 yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida profilaktika inspektorlariga murojaat qilgan. Bu raqamlar 2020 yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p.
"Afsuski, bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchiligimiz va nuroniylarimizning o‘rni va ta’siri ham sezilmayapti.
Bir narsani aniq tushunishimiz kerak. Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi", dedi Prezident.
Prezident xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasining yangi tizimini belgilab berdi.
“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasini eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida bejizga belgilamadik.
Ushbu muhim vazifalar ijrosini tizimli tarzda har bir mahalla kesimida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bugun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Farmonni imzoladim.
Qo‘mita rahbari lavozimiga ayollarning muammolari, dardu-tashvishi bilan yaqindan tanish va ularni hal qilish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Baxriddinovna Mahkamova tayinlandi.
Yangi Qo‘mita raisi Mahkamova ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritadi.
Joylarda qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar rahbarlari esa hokim o‘rinbosari bo‘ladi.
Yangi qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasini o‘zi boshqaradi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Respublikadagi ayni paytdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi va har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.
Hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qanday konkurs bilan tanlangan bo‘lsa, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ham shunday ochiq konkurs asosida, tajribali, obro‘-e’tiborli, tadbirkor ayollar orasidan lavozimiga qo‘yiladi.
Ya’ni, mahallada endi yaxlit tizim tashkil etiladi.
Bundan buyon:
- hokim yordamchisi kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga;
- yoshlar yetakchisi yoshlar siyosati va yoshlar balansiga;
- xotin-qizlar bo‘yicha mas’ul esa, ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishi ishlashga javob beradi.
Ushbu 3 ta yo‘nalish bo‘yicha, ularning aniq moliyaviy mablag‘lari bo‘ladi.
Prezidentimiz mahalla tizimidagi yangilanishlar haqida ham ma’lum qildi.
Xususan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Unga rahbarlik qilish Prezident maslahatchisi Tursinxon Aydarovich Xudaybergenovga yuklatildi.
"Farzandlarimiz tarbiyasida nuroniylarimizning bilimlari va hayotiy tajribasidan keng foydalanishimiz zarur", dedi Prezident.
Shu bois, “Nuroniy” jamg‘armasi rahbari Sodiqjon Turdiyev vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
Endi mahalla tizimida ham mutlaqo yangi tizim yaratiladi.
Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va mahallada o‘zaro hamjihatlikda ishlashni ta’minlaydi.
Shuningdek, Prezident Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahallaga tushadi, mahallabay fuqarolarni qabul qilib, ularning masalalari yechimiga yordam beradi.
Prezident ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ydi.
Mamlakatimizda har yili o‘rtacha 700 ming chaqaloq dunyoga kelmoqda. Farzandli bo‘lgan ayollar kamida 4 oyga ishdan ajralishi, dekretga chiqishi kerak.
“Ochiq aytish kerak, ayni paytda byudjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini to‘liq to‘lab bersada, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham, afsuski bor”, dedi Prezident.
Shu bois, 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli to‘lab beradigan tizim yaratiladi.
Endi, ularga ham 4 oyga 2 million so‘m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi to‘lab beriladi.
Bu maqsadlar uchun, byudjetdan 2022 yilda 200 milliard so‘m, 2023 yilda esa 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Yig‘ilishda e’lon qilingan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yana bir qator chora-tadbirlar:
- ehtiyojmand yolg‘iz ayollar farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovlari byudjetdan qoplab beriladi;
- yirik ishlab chiqarish korxonalari, to‘qimachilik klasterlari va kechki smenada aksariyat ayollar ishlaydigan korxonalar bog‘cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi davlat tomonidan to‘lab beriladi;
- 27 ming nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan;
- 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltiriladi;
- uy-joyga muhtoj 14 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari uchun 500 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi;
- 2022 yilda respublika bo‘yicha 1 mingta ijtimoiy uylar sotib olinadi;
- viloyat hokimlari ushbu uylarning 700 tasini uy-joyga muhtoj yolg‘iz ayollarga ijaraga beradi, ushbu xotin-qizlar kasb-hunarga o‘rgatiladi.
Ayollarning salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham qator tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, 2022 yilda:
- qo‘shimcha 6 ming nafar ayollarga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi (2021 yilga nisbatan 5 baravar ko‘p). Bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
- respublika bo‘yicha 10 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanadi;
- 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan o‘tkaziladi, buning uchun byudjetdan 40 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi;
- 2022-2025 yillarda 227 ta tug‘ruq kompleksi hamda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi;
- 9-12 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi emlash va boshqa 12 turdagi vaksinalar uchun 200 milliard so‘m ajratiladi;
- tug‘ish yoshidagi, homilador va bola parvarishidagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul ta’minlash ko‘lami kengaytirilib, mablag‘lar hajmi 30 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha oshiriladi.
“Ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida o‘qishga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga sharoit yaratamiz” – Prezident.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi.
Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.
Shuningdek, ayni paytda ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi.
Buning uchun har yili xotin-qizlarning talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
"Bu imkoniyat hali bizning tariximizda umuman bo‘lmagan", dedi davlatimiz rahbari.
Ta’lim tizimida xotin-qizlar uchun yana bir qator keng imkoniyatlar:
- Yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m);
- har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;
- har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi;
- yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;
- doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Izoh qoldirish