11 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarni obod qilish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir avvalida boshlangan islohotlar, amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasi inson qadrini ta’minlash orqali aholini rozi qilishga qaratilgani yana bir bor ta’kidlandi.
Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ko‘rsatib o‘tildi.
Buning natijasida:
- joylarda 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.
“Aholini rozi qilish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi” – Prezident.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq hududlarga ishchi guruhlar yuborilib, ular 9 370 ta mahallaning har biriga kirib, aholining kayfiyatini o‘rganib, uni qiynayotgan muammolar ro‘yxatini shakllantirdi.
Aholi tomonidan yo‘l, ichimlik suvi, sug‘orish tizimi, elektr, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq 12 mingta masala va taklif ko‘tarilgan.
“Barcha hokim va vazirlar eshitib olsin. Prezident siyosati va talabi shunday: hech bir fuqaro o‘zining muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Aholi kayfiyati – islohotlarimiz va siyosatimizning ko‘zgusi.
Katta-kichik bo‘ladimi, aholimiz ko‘targan har bir muammoga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularni bosqichma-bosqich hal qilish barcha darajadagi rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shart va zarur”, dedi Prezident.
Videoselektor yig‘ilishi davomida Prezidentimizga Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati finalida hamyurtimiz Muzaffarbek To‘raboyev o‘z raqibini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘lgani haqida xabar berildi. Davlatimiz rahbari ushbu yangilikni katta mamnuniyat bilan qarshi olib, sportchimiz va butun xalqimizni g‘alaba bilan tabrikladi.
Mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi ko‘targan 12 mingta masalani ham hal qilishni o‘z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi.
Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bog‘cha, maktab va sport ob’yektlari, obodonlashtirish, sug‘orish, ko‘chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion so‘m ajratilishi ta’kidlandi.
Joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan). Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Prezident “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.
200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga beriladi. Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi.
“Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”, dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi. Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. “Mudrab o‘tirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi ta’kidlandi.
Har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishi aytildi.
Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab har bir viloyatning bittadan tumanida tajriba tariqasida aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Bunda:
- kelgusi yil yakunida ushbu tajriba barcha hududlarda joriy qilinadi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining borishi ham ko‘rib chiqildi.
“Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona va 2023 yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilinadi.
Aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar va sabzavot ekishni faol targ‘ib qilishi kerakligi ta’kidlandi.
“Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”, dedi Prezident.
Viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxtlar ko‘chatini bepul tarqatish topshirildi.
Izoh qoldirish