Shifokorlarning oyligi oshadi, uy-joy olishlari uchun xarajatlarining 50 foizgacha qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi

Shifokorlarning oyligi oshadi, uy-joy olishlari uchun xarajatlarining 50 foizgacha qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi

Xalqaro forumlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida "Tibbiyotdagi islohotlar - inson qadri uchun" mavzusidagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.

Uchrashuvda davlat rahbari aholiga tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surib, keng ko‘lamli vazifalarni belgilab beradi.

“Hamma sohalarda bo‘lgani kabi, tibbiyotda ham barcha masalalarni malakali kadrlar hal qiladi.

Bu borada, buyuk olim Gippokratning: “Tabobat – barcha ilm va hunarlar ichida eng qiyini va sharaf́lisi”, degan so‘zlari ayni haqiqatdir.

Shu bois, bugun tibbiy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, ularda chuqur bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berayapmiz.

Misol uchun, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshdi", dedi Prezident.

Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida:

- viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi;

- olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun, “Qishloq shifokori” dasturini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokor nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.

Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, amaliy yordam berib kelayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, UNICEF, ISAID, COVAX, JICA, TIKA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlantirish jamg‘armasi va ko‘plab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi.

“Biz bugungi muloqotni o‘tkazishga uzoq tayyorgarlik qildik, ham shifokor, ham bemorlarning fikrlarini eshitdik. Keng jamoatchilikdan, xalqaro ekspertlardan ko‘plab taklif va mulohazalar oldik. Tashkil etilgan “koll markaz”ga 25 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushdi.

Ular orasida alohida ahamiyatga molik bo‘lgan yana bir muhim masala ko‘tarilgan bo‘lib, ijozatingiz bilan, avvalo shu haqda to‘xtalib o‘tmoqchiman", dedi davlatimiz rahbari.

"Bu masala sog‘liqni saqlash tizimining huquqiy asoslarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, millatimiz, xalqimizning genofondini saqlashni konstitutsiyaviy asosda alohida himoya qilinadigan sohaga aylantirish bilan bog‘liq.

Hammamizga ma’lumki, bugungi kunda inson va uning qonuniy manfaatlari hamda konstitutsiyaviy huquqlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlarning markaziga qo‘yilmoqda.

Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari jamiyatimizda oliy qadriyat hisoblanadi”.

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga tibbiyotga oid o‘zgartirishlarni kiritish tashabbusini berdi:

“...Amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida “Har bir kishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan.

Ishonchim komil, biz xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash sohasida ulkan maqsad va vazifalarni oldimizga qo‘yayotgan hozirgi sharoitda, ushbu konstitutsiyaviy moddaning o‘zi yetarli emas.

Bugun zamon bizdan tibbiyot tizimimizning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlashni talab etmoqda.

Shuning uchun Asosiy qonunimizda milliy sog‘liqni saqlash tizimini aholi salomatligini sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qiladigan yuksak malakali zamonaviy sohaga aylantirish masalasi ham, hech shubhasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan konstitutsiyaviy qoida sifatida o‘z ifodasini topishi zarur.

Aminmanki, O‘zbekiston fuqarolari qonunda, eng avvalo, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan kafolatli tibbiy yordam turlaridan bepul foydalanish huquqiga ega.

Shu maqsadda, biz turli tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish uchun konstitutsiyaviy asos yaratishimiz kerak.”

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda Orolbo‘yi mintaqasiga ham to‘xtaldi:

Davlat hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi ulkan mas’uliyatni anglagan holda atrof-muhitni asrashga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart.

Chunki sof va toza ekologiyasiz aholi sog‘lig‘i va millat genofondini saqlash haqida so‘z yuritishdan ma’no yo‘q. Bu haqda gapirganda, men avvalo, bugungi kunda salbiy ekologik ta’sirdan zarar ko‘rayotgan Orolbo‘yi mintaqasi haqida o‘ylayman.

Ayni vaqtda ekologiya sohasidagi huquq buzilishlari oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu ham Bosh qomusimizda aniq-ravshan belgilanishi zarur.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlaydigan qoidani ham muhrlab qo‘yishimiz lozim.

Davlat rahbari sohani rivojlantirish uchun 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Tibbiyot xodimlari va aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 68 foizi (17 mingta) tizimli masalalar hisoblanadi.

"Ayrim tibbiyot muassasalari aholi uchun uzoq va noqulay joylashgan. 3 mingdan ortiq mahalla aholisi oilaviy shifokorlik punktiga borish uchun 10 kilometrdan 75 kilometrgacha yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda.

- tibbiy xizmatlar aholi ehtiyojiga hududlardagi odamlarning turmush tarziga, ma’lum bir kasalliklarning ko‘payishiga qarab belgilanmagan.

- birlamchi bo‘g‘inda 70 foiz tibbiy asbob-uskunalar eskirgani tufayli ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati pastligicha qolmoqda;

- shifokorlarning oylik maoshi ish natijasiga qarab emas, lavozim tarif setkasiga ko‘ra belgilangan;

- ta’lim va amaliyot bir-biridan uzilib qolgan, tibbiyot oliygohlarida bitiruvchilarning aksariyatida ish faoliyati uchun zarur amaliy ko‘nikma yo‘q.

Mana shunday kamchilik va nuqsonlar sababli aholi tibbiyot tizimidan hali to‘liq rozi emas. Yumshoqroq qilib yozdim, rozi emas. Bu - haqiqat.

Uzoq qishloq ham O‘zbekiston. U yerning ham nafasi bor. Qaniydi shifokorlarimiz o‘sha yerda yashab qolsa.

2021 yildan boshlab, boshqa joydan olis va chekka hududlarga kamida uch yil ishlab berish uchun kelgan shifokorlarga 30 million so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli to‘lash, ularni xizmat uyi bilan ta’minlash yoki ijara to‘lovini (oyiga 540 ming so‘m) byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etgan edik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022 yil 1 maydan boshlab:

- olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi;

- ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab beriladi;

- bundan buyon olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar