Markaziy bankning bazaviy prognozlariga ko‘ra, inflyasiyaning 2021 yil yakuni bo‘yicha 9,0-10,0 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Quyidagilar yil oxirigacha inflyasiya darajasiga pasayuvchi ta’sir ko‘rsatadi:
- 2020 yil IV choragidan boshlab nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolinayotganligi;
- karantin choralari ta’sirining va 2020 yilning mart-aprel oylaridagi narxlarning yuqori o‘sishi natijasida yuzaga kelgan “yuqori baza ta’siri”ning bosqichma-bosqich tugashi;
- 2020 yil aprelda milliy valyuta almashuv kursi keskin qadrsizlanishining narxlarga oshiruvchi ta’sirining chiqib ketishi.
Import bozorlarida konsentratsiya darajasini qisqartirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi va ko‘lamining ortishi narxlar barqarorligini ta’minlanishiga hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning kamayishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda, inflyasiyaning bir martalik omillari, cheklangan taklif sharoitida talabning tezroq sur’atlarda tiklanishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar tomonidan ayrim turdagi oziq-ovqatlar uchun eksport kvotalari va bojlarining kiritilishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.
Shu bilar birga, yoqilg‘i va transport xarajatlari oshishi hamda ayrim turdagi tovarlar uchun aksiz solig‘i indeksatsiya qilinishining ichki narxlarga ikkilamchi ta’siri, shuningdek, zaxiralarning kamayishi va bozorlarga yangi hosilning kirib kelishi o‘rtasidagi uzilish davrida oziq-ovqat narxlarining mavsumiy o‘sishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.
Kelgusi oylarda qurilish sohasida o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sish kutilayotganligi, sement va boshqa qurilish materiallari narxlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan ichki bozorda tovar va xizmatlar hajmining talabga mos ravishda oshirilishi bo‘yicha choralarning o‘z vaqtida ko‘rilishi va alohida tovar bozorlarida raqobatning kuchaytirilishi muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, ichki va tashqi omillar ta’sirida inflyasiyani tezlashtiruvchi xatarlarning yuqoriligi hamda inflyasiyaning pasaytiruvchi va oshiruvchi omillari balansi joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etdi.
Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyasiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishni davom ettiradi hamda inflyasiya prognozi dinamikasidan kelib chiqib asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
Izoh qoldirish