Sog‘liqni saqlash sohasi tarixida mutlaqo yangicha uchrashuv - Prezidentning shifokorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda

Sog‘liqni saqlash sohasi tarixida mutlaqo yangicha uchrashuv - Prezidentning shifokorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan ochiq muloqoti boshlandi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida shifokorlar, hamshiralar, soha olimlari, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida yillar davomida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal etish orqali sohani tubdan rivojlantirish, jahon standartlariga mos tibbiyot tizimini shakllantirish, aholiga tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surib, keng ko‘lamli vazifalarni belgilab beradi.

Ochiq muloqotni ommaviy axborot vositalarining 100 dan ortiq vakili yoritmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev, bevosita muloqotda 20 mingga yaqin tibbiyot sohasi vakillari ishtirok etayotganligini ma’lum qildi.

"Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun" deb nomlangan ushbu tarixiy uchrashuvda juda ko‘p yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

“Yurtimizda go‘zal bahor nafasi kezib yurgan mana shu yorug‘ kunlarda – Navro‘zi olam arafasida tibbiyot sohasining jonkuyar vakillari bo‘lgan siz, muhtaram yurtdoshlarimiz bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi.

Chunki odamlar sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi.

Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning: “Inson dardiga darmon bo‘lmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir”, degan so‘zlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Tub islohotlarimizning dastlabki kunlaridan boshlab biz xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashga eng ustuvor vazifa, deb qarab kelmoqdamiz.

O‘tgan besh yilda bu borada katta ishlarni amalga oshirdik, ilg‘or xorijiy yutuqlarni o‘rganib, yetarli tajriba to‘pladik.

Joylardagi rahbarlarimiz, hukumatimiz, prezident bu sohaga jiddiy qaramasa, ertaga kech bo‘ladi. Bu - aksioma. Men yuraklaringdagi hamma dardlaringni savol bermasangiz ham juda yaxshi tushunaman. Bironta millat, bironta davlat o‘zining ichki muammolarini hal qilmasdan hech qachon natijaga erishmagan. Nima uchun men iqtisodchini vazir qilib qo‘ydim. Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak. O‘zingiz pok bo‘lganingiz uchun bugun qor ham yog‘di. Hammayoq oppoq bo‘ldi. Chunki, niyatlaringiz pok”, - dedi Prezident so‘z avvalida.

Shuningdek, Prezident joylardan sohani rivojlantirishga oid 25 mingdan ortiq taklif va tashabbus, cavollar kelganini ma’lum qildi.

60 foizi shaxsiy savollar. Nima uchun bu uchrashuv cho‘zildi? 85% muammolar avval hal qilindi. Albatta, hammaning ham savolini birdaniga hal qilolmaymiz. Bilim bilan, vaqt bilan yechiladi”, dedi davlat rahbari.

Prezident xususiy tibbiyot va unga yaratilgan imkoniyatlar xususida ham gapirib o‘tdi.

“Xususiy tibbiyotga yengillik berilgani uchun ham ularning soni, xizmat sifati ortdi. Bu yerda davlat shifoxonalari rahbarlari bilan xususiy tibbiyot vakillari ham o‘tiribdi. Ularning o‘rtasida farq bormi? Albatta, bor. Sizlar aytasizlar "u yerda (xususiy shifoxonada) oylik katta-da", deysiz. Bugun davlat shifoxonalaridagi oylik haqida ham albatta aytaman.

Tibbiyot vakili 1,5 million oylik olsa-da, yiliga 2 marta tibbiy ko‘rikka o‘zi pul to‘lasa?! Bu ham adolatdan emas.

Sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur.

Tibbiyot shunday sohaki, unga daxldor bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Hammamiz ham issiq jonmiz, tibbiyot muassasalariga kunda-kunora murojaat qilmagan kishini topish qiyin.

Barchamizga ayonki, odam sog‘lom bo‘lmasa, unga ish ham, moddiy ne’matlar ham, hayot quvonchlari ham tatimaydi. Bu aksiomani hech kim inkor qilolmaydi” - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanganidek, 2022 yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

Bularning hisobidan:

- birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirishga kirishildi;

- o‘tgan yildan boshlab, har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi;

- 2021 yildan birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

- aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida, birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi.

- qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan ta’minlandi;

- qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish boshlandi.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, sifatli tibbiy xizmatlarni “mahallagacha tushirish” bo‘yicha muhim qadamlar bo‘ldi.

So‘nggi 5 yilda yangi 200 turdagi jarrohlik amaliyoti joriy etilgani, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, poytaxtimiz va hududlarda o‘tkazilgan buyrak transplantatsiyasi orqali, shu kungacha 700 ga yaqin fuqarolarimizning hayoti saqlab qolindi.

Hammangiz yaxshi bilasiz, avvallari har yili minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet elga borishga majbur edi. Tasavvur qiling, odam o‘zi og‘ir kasal bo‘lsa, qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflaganidan tashqari, jonini ham xatarga qo‘yib, begona yurtlarda sarson bo‘lib yurardi.

Endilikda, yaratilgan yangi sharoit va imkoniyatlar hisobiga, ilgari xorijda bajarilgan qimmat operatsiyalar, o‘zimizning shifokorlar tomonidan amalga oshirilayotgani, albatta katta yutuqdir. Lekin bu birinchi qadamlarimiz, - dedi Prezident.

Prezident nutqi davomida bemorlarga davolanishlari uchun imtiyoz beradigan “order” masalasiga ham alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:

“Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand aholining, respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun “order” degan bir eski tizim bor edi. Ushbu “orderlar” qog‘oz shaklida yuritilib, aksariyat hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingani, hech kimga sir emas. “Order” uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, uning miqdori yetarlimi yoki yo‘qmi, har yili o‘tkazib kelingan. Oqibatda, haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.

Biz bunday amaliyotdan to‘liq voz kechib, ehtiyojmand aholi uchun, respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof yangi tizimiga o‘tdik.

Endi ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda. Bizga ko‘p mana shu masalada savollar tushgan. Odamlarning dardiga darmon bo‘lsa, kerak bo‘lsa, bu bo‘yicha yiliga ikki marta qarorga qo‘l qo‘yishga tayyorman.

Shuningdek, Prezident bemorlarning davolanish uchun tibbiyot maskanini o‘zlari tanlashlarini va monopoliya qilmaslik kerakligini aytib o‘tdi.

"Endi tibbiy yordam uchun yo‘llanma mablag‘lari markazga emas, balki davolanishi zarur bo‘lgan aniq bemorga ajratilmoqda.

Misol uchun, ilgari tug‘ma yurak nuqsoni bor bolaga operatsiya uchun respublika markaziga 3 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Qolgan 20-30 million so‘mlik xarajatni esa ota-onasi ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Endilikda esa ushbu operatsiya uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan to‘liq qoplanmoqda va har bir bemor uchun manzilli ajratilmoqda", dedi Prezident.

Kelgusi besh yilda ham aholimizni sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirishni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.

“Men har safar hududlarga borganimda albatta tibbiyot maskanlariga kirishga, shifokorlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Lekin, sizlar bilan mana shunday keng davrada, ochiq muloqot shaklida birinchi marta ko‘rishib turibmiz.

Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur.

Tibbiyot shunday sohaki, unga daxldor bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Hammamiz ham issiq jonmiz, tibbiyot muassasalariga kunda-kunora murojaat qilmagan kishini topish qiyin".

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar