2022 yil 11 oyi davomida erishilgan natijalar va yil yakuniga qadar belgilangan vazifalar
Mamlakatimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash borasidagi amaliy ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.
2022 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, sohani rivojlantirishning 7 ta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish,
ikkinchisi – tez tibbiy yordamni rivojlantirish,
uchinchisi – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash,
to‘rtinchisi – soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish,
beshinchisi – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash,
oltinchisi – jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish,
yettinchisi – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.
Belgilangan yo‘nalishlar doirasida joriy yilda 105 ta yangi oilaviy shifokorlik punktlari, 1 ming ta ixcham tibbiyot punktlari tashkil etildi, 3,5 mln. nafar aholiga malakali tibbiyot xizmatlari ko‘rsatildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida 1,1 ming o‘rinli gemodializ markazlari ishga tushirildi.
Ijobiy o‘zgarishlar natijasida deyarli barcha murakkab jarrohlik amaliyotlari, O‘zbekistonning o‘zida, mahalliy shifokorlarimiz tomonidan sifatli amalga oshirilyapti. Birgina Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan rak tug‘ma nuqsonlarida bajariladigan yuqori texnologiyali operatsiyalar va aorta-koronar shuntlash amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi yurtimizda minglab bemorlar hayotini saqlab qolish va umrini uzaytirish imkonini bermoqda. 2022 yil davomida 270 ta buyrak ko‘chirib o‘tkazildi, 674 ta operatsiya o‘tkazilib, yurak tug‘ma nuqsonlarida bartaraf etildi, 477 ta aorta-koronar shuntlash amaliyotlari o‘tkazildi.
Buyrak transplatatsisi yillar kesimida 2017 yil 12 ta, 2018 yil — 96 ta, 2019 yil — 86 ta, 2020 yil — 104 ta, 2021 yil — 227 ta.
Tibbiyot xodimlari oylik maoshlari 30%ga oshirildi.
“Tez yordam”da faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni 13 ming 798 nafarni tashkil etib, ta’minlanganlik darajasi 90,7% yetdi.
2021 yilda tez tibbiy yordamda "B" toifali 435 ta reanimobil aholiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kelib bunday zamonaviy sanitar avtoulovlar soni 541 taga yetdi.
2022 yil 11 oy davomida “103” xizmatiga jami 11 735 450 ta chaqiriq kelib tushdi
Eng ko‘p chaqiriqlar kelib tushgan hududlar: Farg‘ona viloyati – 1 366 853 ta, Andijon viloyati – 1 269 113 ta, Toshkent shahar 1 155 053 ta, Toshkent viloyati – 1 151 757 ta, Namangan viloyati – 1 095 444 ta.
Sohada xususiy sektorga keng imkoniyatlar yaratilishi natijasida 2022 yil 11 oyi davomida 1 413 ta (+14,1%) sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini boshlab, sohadagi xususiy tadbirkorlar soni 10 022 ta (+14%) ga yetdi.
Sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy va qo‘shma korxonalar soni ham barqaror o‘sib bormoqda. Joriy yil 11 oyida respublikamizda 27 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar tashkil etilib (+11,8%), umumiy soni 229 tani (111,7%) tashkil etdi.
2022 yilning 11 oyi davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi 108,7% ga o‘sib, 5 832,9 mlrd.so‘mni tashkil etgan.
2022 yil yakunigacha tibbiyot xizmatlari hajmi 6,5 trl.so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 109,1% ni tashkil etishi kutilmoqda.
2023 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 dekabr kunida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida tibbiyot sohasida 2023 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan muhim vazifa va yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. Unga asosan:
“Sog‘lom turmush – sog‘lom mahalla” umummilliy harakati boshlanadi va 3 yillik dastur qabul qilinadi.
Mahalalarda qo‘shimcha ravishda 523 ta tibbiyot punktlari, 140 ta oilaviy shifokorlik punktlari tashkil etiladi, tug‘ruq bo‘limlaridagi o‘rinlar soni 35%ga oshiriladi.
2023 yil 1 yanvardan bolalar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 4 900 ta o‘rta tibbiyot xodimi (pediatriya hamshirasi va doya) shtati ajratiladi.
Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtirilib, 2023 yilda Toshkent shahrida joriy etiladi
Mahallalarda “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusi 2 yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar to‘liq yangilanadi, qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallalarda ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha 3 yillik dastur amalga oshirilib, barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi, ulardagi o‘rinlar soni 35%ga ko‘paytiriladi.
Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda, davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalari boshlanadi.
Shuningdek, 2023 yildan “O‘pka salomatligi” mobil brigadalarini tashkil etib, chekka hududlarda bolalarni skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish, tuberkulyoz infeksiyasining molekulyar-genetik diagnostikasini, yashirin infeksiyasi bor bemorlarni aniqlash va profilaktik davolash, tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarni dori vositalari bilan bepul ta’minlash amalga oshiriladi.
2023 yilda “Tez tibbiy yordamning 2022-2023 yillardagi chora-tadbirlar strategiyasi”ga ko‘ra, tizimni raqamlashtirishda quyidagilar ko‘zda tutilgan: yagona Call-markaz yaratish, xizmat doimiyligini ta’minlash maqsadida uzluksiz elektr energiyasi, yuqori tezlikdagi internet va telefon aloqasi, planshetlar, kompyuter, raqamli tranking radioaloqa tizimini yo‘lga qo‘yish, ratsiyalar bilan ta’minlash, cohada kompleks axborot tizimlarini joriy etish maqsadida Call-markazlarda yagona intellektual chaqiruv platformasi yaratish,tez tibbiy yordam avtotransportlari uchun GPS yordamida sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimini yo‘lga qo‘yish, yagona elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv ABT “MedData 103”ni joriy etish, yagona qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish tizimlari hamda shifoxonalarda mavjud bo‘sh koykalarni onlayn tarzda ko‘rish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish