Surxondaryo viloyat hokimi aholiga murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlardan foydalandi?

Surxondaryo viloyat hokimi aholiga murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlardan foydalandi?

2021 yil 20 dekabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi T.A.Bobolov viloyat aholisiga murojaat qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan bu murojaatning lingvistik kontent-tahlili o‘tkazildi.

Viloyat hokimi o‘z nutqida jami 7712 so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “Tuman” so‘zini - 100 marta, “Yangi” so‘zini – 54 marta, “Loyiha” so‘zini – 46 marta, “Ta’minot” so‘zini 45 marta, “Aholi” so‘zini 39 marta va “Oila” so‘zini 34 marta qo‘llagan. Shu bilan bir qatorda, “Maktab, “Mahalla”, “Suv”, “Tibbiyot”, “Ta’mirlash”, “Bolalar”, “Fuqaro”, “Qurilish”, “Ta’lim”, “Kredit” va “Qishloq” so‘zlari ham ko‘p takrorlangan.

Murojaatda viloyat hokimi asosiy e’tiborni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan Inson qadri uchunustuvor tamoyilini amalga oshirish, 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash, viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari dinamikasi, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi masalalariga qaratdi.

2021 yil yakunida viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 110,5 foizga (6,8 trln. so‘m), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 105,3 foizga (22,7 trln. so‘m), qurilish-pudrat ishlari 108,1 foizga (5,6 trln. so‘m), chakana savdo aylanmasi hajmi 107,2 foizga (15,7 trln. so‘m) va xizmatlar hajmi 120,6 foizga (11,1 trln. so‘m) o‘sishi ta’minlanishi ta’kidlandi.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan joriy yilda jami 5,3 trln. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilgan. Shundan, kichik biznes sub’yektlariga 2,6 trln so‘m, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 777 mlrd. so‘m, “Hunarmandchilikni rivojlantirish” dasturi doirasida 19,3 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi.

Joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturiga muvofiq 22 mingta doimiy yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, jamoat ishlariga 43 ming nafar fuqaro jalb etildi.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 3,2 trln. so‘mga teng 1 078 ta loyiha ishga tushirilib, 9,2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Yilning o‘tgan davrida 256 mln. dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilga nisbatan 129 % o‘sdi. Sanoat mahsulotlari eksport hajmi 172 mln. dollarni, meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmi 83 mln. dollarni tashkil etdi.

Aholiga qulay sharoit yaratish uchun 1,2 ming kilometr tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizildi. 443 kilometr ichki yo‘lga asfalt to‘shaldi. Shundan, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 22,7 mlrd. so‘m ajratilib, jami 133,7 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Xususan, 89,5 kilometr shag‘al va 44,2 kilometr asfaltlash ishlari bajarildi.

Viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 729 km ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Ushbu ishlar uchun jami 244 mlrd. so‘m sarflandi. Natijada, 88 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi va 142 ming aholining ta’minoti yaxshilandi.

Tabiiy gaz nazorati hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish maqsadida aholi xonadonlariga 81 mingta yangi hisoblagich o‘rnatildi. Suyultirilgan gaz ta’minotini avtomatlashtirilgan tizimga moslashtirish doirasida 444 ming ta “ID-kartalar” tarqatildi.

Joriy yilda 1,1 ming km elektr tarmog‘i va 284 dona transformator punkti yangidan o‘rnatildi va rekonstruksiya qilindi. 300 mingdan ortiq aholi xonadonlariga zamonaviy elektr hisoblagich o‘rnatildi.

2021 yilda 216 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash va hududlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ushbu ishlar uchun 10,4 mlrd. so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etish maqsadida 3 bosqichda monitoring qilish imkonini beruvchi “Yoshlar daftari” yagona elektron platformasi ishga tushirildi. 46 ming 412 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari va subsidiyalar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlandi.

“Ayollar daftari”ga ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir hamda yordamga muhtoj 59 ming xotin-qiz kiritilib, ularning muammolari hal etib berildi. Xususan, 23 ming 700 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 8 ming 900 nafar boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj nogiron bolalari mavjud yolg‘iz ayollarga 4,2 mlrd. so‘mlik bir martalik moddiy yordam ajratildi.

Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat grantlari asosida 153 nafar xotin-qiz o‘qishga qabul qilindi, 5 ming nafar xotin-qizga tabdirkorlik qilishi uchun 104 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratildi, 122 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan ayolga uy-joy olish uchun boshlang‘ich badallari to‘lab berildi.

Maktabgacha ta’lim tizimini yaxshilash maqsadida davlat investitsiya dasturi hamda mahalliy byudjet mablag‘lari doirasida 4 ta davlat bog‘chasi, 11 ta davlat-xususiy sheriklik asosida hamda 906 ta oilaviy bog‘cha tashkil etildi.

2021 yilda jami 712 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan 3 ta maktab yangidan bunyod etildi, 70 ta maktabga qo‘shimcha bino qurildi, 19 ta maktab mukammal ta’mirlandi, 619 ta maktabda joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.

O‘tayotgan yilda 33 ta umumta’lim maktablari uchun 11,7 mlrd. so‘mlik mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari, sport anjomlari va boshqa texnik vositalar yetkazib berildi. Mahalliy byudjet hisobidan 5 ming 600 komplekt o‘quv partasi bilan ta’minlandi.

2022-2026 yillarda Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra:

- viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 57 foizdan 80 foizga, kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanish darajasi 4 foizdan 22 foizga yetadi.

- 20 ming xonadonli 600 dan ziyod ko‘p qavatli uy-joy qurilib, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Angor tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etiladi.

- 5,5 ming kilometr past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, 1,5 mingta transformator yangidan quriladi va ta’mirlanadi. Sherobod tumanida quyosh va Angor tumanida issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

- 6 ming kilometr avtomobil yo‘llari va ko‘chalar, 300 ta ko‘prik qurilib, ta’mirlanadi. “Darband-Denov”, “Toshkent-Termiz” va “Dushanbe-Termiz” yo‘nalishi bo‘yicha 180 kilometr avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi.

- 10 ta “Mega” loyihalar ishga tushirilib, jami 5,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 22 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

- tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 150 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bunda kichik biznes va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali, 62 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

- maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 41 foizdan 62 foizga yetkaziladi. 47 ta davlat va xususiy sheriklik asosidagi, 758ta oilaviy bog‘cha ochiladi, 75 ta davlat bog‘chasi ta’mirlanadi.

- 21 ta yangi maktab va 358 ta maktablarda yangi binolar quriladi, 116 ta maktab mukammal ta’mirlanib, 96 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

- 3 ta yangi oliygoh tashkil etilib, viloyat aholisining oliy ta’lim qamrovi 25 foizdan 50foizga yetkaziladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar