Surxondaryo viloyatining 2022 yil yanvar-avgustdagi tashqi savdo faoliyati tahlili

Surxondaryo viloyatining 2022 yil yanvar-avgustdagi tashqi savdo faoliyati tahlili

2022 yil yanvar-iyun holatiga ko‘ra viloyatning tashqi savdo aylanmasi hajmi $266,8 mln. (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2%ga kamayish) bo‘lib, respublikadagi ulushi 0,8%, hududlar orasida oxirgi o‘rinni egallagan.

Tashqi savdoda eksportning ulushi – 56,6% (17,3%ga o‘sish), import – 43,4% (8,8%ga kamayish) ni tashkil qilgan.

Tashqi savdoda MDH mamlakatlarining ulushi – 39,8% bo‘lsa, qolgan qismi (60,2%) boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Surxondaryo viloyati jahonning 54 ta mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Xitoy (23,9%), Rossiya (20,5%), Pokiston (17%), Qozog‘iston (11,6%), Turkiya (6,7%), Afg‘oniston (4,8%), Tojikiston (3%), Qirg‘iziston (2,8%) va Eron (1,8%) tashqi savdo aylanmasida yetakchi hamkor davlatlar hisoblanadi.

Viloyatning tashqi savdo aylanmasi hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ulush Denov (14,4%), Sariosiyo (14,3%), Termiz shahri (12,4%), eng past ulush Qumqo‘rg‘on (2,8%), Boysun (2,4%) va Bandixon (1,5%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatlar orasidan 11 tasida faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qozog‘iston, Xitoy, Afg‘oniston, Turkiya, Qirg‘iziston, Pokiston, Eron, Singapur, Ozarbayjon, Belarus, va Germaniya shular jumlasidandir.

Eksport. Tahlil qilingan davrda viloyatdagi jami eksportyorlar soni 222 tani tashkil qilgan bo‘lib, umumiy qiymati $150,9 mln tovar va xizmatlar eksport qilindi. Eksport tarkibida tovarlar ulushi 98,3% bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 45,9%, sanoat mahsulotlari – 43,7%, nooziq-ovqat xom-ashyo, yoqilg‘idan tashqari – 5,6%ni tashkil etgan.

Viloyat eksporti tarkibida eng yuqori ulushni Denov (15,6%), Jarqo‘rg‘on (14,0%), Termiz (11,7%) tumanlari, eng past ulushni esa Boysun (3,4%), Sariosiyo (2,7%), Bandixon (2,1%) tumanlari egallagan.

Xitoy$38,5 mln, Pokiston$25,2 mln, Qozog‘iston$23,5 mln, Rossiya $16,7 mln, Turkiya $13 mln, Afg‘oniston - $12,3 mln, Qirg‘iziston$6,5 mln kabi davlatlar viloyatda mahsulotlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar bo‘ldi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 89,8%ni tashkil etdi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti. Surxondaryo viloyatida meva-sabzavotchilik tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. Tahlil qilinayotgan davrda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi – 98,9 ming tonna ($70,5 mln), o‘sish ko‘rsatkichi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84,1%ga oshgan. Shundan kelib chiqib 59,6 ming tonna sabzavot, 21,9 ming tonna meva va rezavorlar, 12,2 ming tonna uzum, 2,1 ming tonna yeryong‘oq eksport qilindi.

Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari jami eksportning 46,7%ini tashkil qilgan. Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Qozog‘iston (33,2%), Pokiston (28,2%), Afg‘oniston (14,5%) va Rossiya (12,3%) mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi 3 yilda viloyatda sabzavot maydonlari 35 ming gektar maydonga kengaytirildi va 10 ming gektarda intensiv bog‘lar, tokzor va issiqxonalar barpo etildi. Xususan, Termiz, Sariosiyo va Sho‘rchi tumanlarida 150 gektar limon, Sherobodda 3,1 ming gektar anor va Bobotog‘ hududida 2,7 ming gektar pista plantatsiyalari barpo etildi. Natijada, viloyatning meva-sabzavotlar eksporti so‘nggi 3 yilda 2 baravar oshdi.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti. Joriy yilda $66,4 mln (o‘tgan yilga nisbatan 5%ga kamayish) to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan bo‘lib, umumiy eksportning 44%ini tashkil etgan. Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibida paxtadan yigirilgan ip (81,9%), paxtadan gazlamalar (9,5%) asosiy o‘rinni egallagan. To‘qimachilik mahsulotlari eksportining eng katta ulushi Xitoy (56,1%), Turkiya (18,1%) va Rossiya (10,4%) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Umuman, viloyatda eksportni tizimli ko‘llab-quvvatlash natijasida kelgusi besh yilda:

eksportchi korxonalar soni 3 barobarga oshib, 900 taga yetadi;

– viloyat eksporti tarkibida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushi hozirgi 32 foizdan 65 foizga yetkaziladi;

150 ta yangi turdagi tayyor sanoat mahsulotlari eksporti o‘zlashtirilib, eksportga chiqarilayotgan mahsulotlar turlari 250 taga yetkaziladi.

Jumladan, qiymati $220,7 mln. sanoat mahsulotlari, $126,4 mln. meva – sabzavot mahsulotlari eksport hajmlarini amalga oshirish, salohiyatli 100 ta mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishiga yo‘l ochib berish uchun “tadbirkordan – eksportchigacha” tamoyili asosida tizim joriy etish;

Misol uchun, so‘nggi yillarda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, Angorliklar 6,5 ming gektarda ertaki ekin sifatida ko‘kat, karam, brokkoli, qizil lavlagi, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlarni yetishtirmoqdalar.

Bundan tashqari, 21 ming aholi xonadonidagi 2,3 ming gektar tomorqada ham ushbu eksportbop ekinlar ekilmoqda.

Buning hisobiga, Angorning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz, balki tashqi bozorlarga ham yetkazilib, 2021 yilning o‘zida qariyib $10 mln. eksport qilingan.

Kelgusi besh yilda Angorda eski bog‘ va tokzorlar hamda yangi o‘zlashtiriladigan yerlar hisobidan ertaki ekinlar maydoni 20 ming gektarga va eksport hajmi yiliga $25 mln.ga yetkaziladi.

Shuningdek, tumanda ming gektar paxta va g‘alla maydonlari ochiq tanlov asosida, aholiga o‘rtacha 50 sotixdan uzoq muddatga ijaraga beriladi va 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.

Angor misolida, boshqa tumanlarda xam jami 50 ming gektar maydonda ertaki ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, eksport hajmi yiliga 100 mln. dollarga yetkaziladi.

Ushbu yetishtirilgan ertaki meva-sabzavot mahsulotlarni tezkor eksportga yuklash tizimini tashkil qilish maqsadida, respublika eksportni rag‘batlantirish agentligi qoshida Surxondaryo viloyati uchun alohida Jamg‘arma tuziladi va har yili $100 million mablag‘ yo‘naltiriladi.

Viloyatdan eksport qilinadigan barcha turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini tashish xarajatlarini 50%gacha qismini qoplab berish;

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 maydagi 245-sonli qaroriga muvofiq, 2022-2026 yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida keyingi besh yilda jami hududiy eksport hajmini 3,08 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hududiy eksport hajmini oshirish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 5 baravarga oshirish hamda yiliga 670 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 280 million dollarlik eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish, charm-poyabzal sohasida 90 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini yaratish,

Import. Import qilingan tovar va xizmatlarning umumiy hajmi $116 mln.ni tashkil qilgan. Import tarkibida sanoat mahsulotlari – 39,3%, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 25,4%, mashina va transport asbob-uskunalari – 27,8% asosiy qismni tashkil qilgan.

Viloyatga MDH davlatlaridan import qilingan mahsulotlarning ulushi o‘tgan yilga nisbatan 10,5%ga o‘sgan. Umuman olganda, viloyatga dunyoning 43ta mamlakatidan tovar va xizmatlar import qilingan.

Importning asosiy qismi Rossiya (umumiy importning 32,9%i), Xitoy(21,8%), Pokiston(17,5%), Qozog‘iston (6,4%), Tojikiston(5,1%), Turkiya (4,2%), Hindiston(2,4%) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyat importi hududlar kesimida tahlil qilinganda eng yuqori ulushni Sariosiyo (29,3%), Termiz shahri (23,5%) va Denov (12,8%), eng past ulush esa Qumqo‘rg‘on (0,8%), Bandixon (0,7%), Angor (0,3%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar