WTI markali neftning may oyida yetkazib berish narxi keskin tushib ketdi. Bu haqda ICE Futures rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Nyu-Yorkdagi tovarlar birjasida Texasda qazib olinadigan neftning (WTI) may oyidagi fyuchers (yetkazib berish) narxi 0 dollardan tushib ketdi. Bir sutka davomidagi narx pasayishi 150 foizga teng bo‘ldi.
Bloomberg. WTI neft markasining may va iyun oylari uchun fyuchers narxlari
Buning asosiy sabablaridan biri koronavirus pandemiyasi tufayli neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan talab pasayib ketgan. 160 mln barrel neft dunyo bo‘ylab tankerlarda turib qolgan.
Xalqaro energetika agentligining xabar berishicha, neftga bo‘lgan talab so‘nggi 25 yil ichida eng past ko‘rsatkichga yetmoqda.
Kamroq neft qayta ishlanayotganligi bois qazib olingan neftning qolgan qismi Oklaxomadagi neftni saqlash joylariga joylashitirilmoqda, lekin ular deyarli to‘lib qolgan. Neftni saqlash joylari bo‘lmaganligi uchun, neft yetkazib beruvchilar may oyi uchun neft sotib olishdan bosh tortishmoqda.
«Neft saqlash joylari spekulyantlar zaxirasi bilan to‘la va ko‘plab shtatlarda uyda qolish rejimi davom etayotganligi bois, neftni qayta ishlovchilar past darajada neft iste’mol qilishmoqda. Holat keyingi 24 soat ichida o‘zgarishiga umid uncha katta emas», deya ta’kidlagan Fil Flinn, Price Future Groupning Chikagodagi tahlilchisi.
Iyun oyi uchun WTI fyuchers narxi 20 AQSh dollari atrofida baholanmoqda.
Izoh qoldirish