Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Prezident va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish va ma’muriy tartibga solishni qisqartirish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha qabul qilinayotgan izchil choralar natijasida:
Avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Jumladan:
– 2017 yil 15 noyabrdan boshlab Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markali;
– 2019 yil 15 avgustdan boshlab Ai-91 markali;
– 2020 yil 1 maydan boshlab Ai-80 markali.
Mazkur avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechildi. Natijada sog‘lom raqobat muhiti shakllandi va iste’molchilarga maqbul narxlarda sifatli mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Respublikada Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja savdolarida 10 dan ortiq sotuvchilar avtobenzin mahsulotini taklif etmoqda.
Hozirda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) mahalliy neft mahsulotlari bilan bir qatorda import qilinayotgan avtobenzinlarning ichki bozorda realizatsiyasi tobora ortib bormoqda.
Shu bilan birga, aholi qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, ya’ni 78 foizidan ortig‘i Ai-80 markali avtobenzini hisoblanadi.
Jahonda neftning kotirovkasi 15-20 foizga oshishiga qaramasdan “O‘zbekneftgaz” AJ Ai-80 avtobenzinning narxini mahsulotni ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilish hisobiga bir maromda ushlab turilmoqda.
Tahlilarga ko‘ra, bugungi kunda Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxlari oshib, 1 barreli uchun 80-81 AQSh dollarni tashkil etgan bir vaqtda, AYoQSh larda 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan Ai-80 avtobenzini 5 800 – 6 100 so‘m chakana narxlarda sotilmoqda.
Ma’lumot uchun: 1 barrel = 80 AQSh dollar bo‘lganda, 1 litr yuqori oktanli (91-95) avtobenzini o‘rtacha 8 900 so‘mni tashkil qiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bozor tamoyillariga o‘tish yuzasidan qabul qilingan qator qarorlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda hamda respublikada avtobenzin taqchilligi muammosi hal etilishiga va ichki bozorni tayyor neft mahsulotlari bilan ta’minlashga erishilmoqda.
Shu bilan birga, Ai-91, Ai-92, Ai-95 markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xom ashyosidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinadi. Shuning hisobiga ushbu markali avtobenzinlarning narxi bozor iqtisodiyoti tamoyillari hamda jahon kotirovkalariga bog‘langan holda erkin shakllantiriladi.
Izoh qoldirish