O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi va unda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.
Ana shu takliflarning beshinchisi Markaziy Osiyo davlatlari aholisini oziq-ovqat bilan to‘laqonli ta’minlash sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Mintaqada ayni paytda salkam 80 million kishi yashaydi. Buncha ko‘p aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidladiki, mintaqamizda bu masalada qator zaif nuqtalar mavjud: “Bular agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalaridir”.
Darhaqiqat, mintaqamiz davlatlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud kamchiliklar ularning barchasiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sohaning ilmiy-texnologik jihatdan zamonaviy davlatlardan orqada qolib ketgani mintaqa davlatlariga aslida sobiq ittifoqdan meros qolgan. Mustaqillikka erishilgandan keyin Markaziy Osiyo mamlakatlari bu masalaga jiddiy e’tibor bera boshladi. Lekin muammolar uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgani sababli ularni birdaniga hal etish qiyin. Natijada hozirga qadar mintaqa davlatlarida ayrim ekinlarning hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari past. Chorva hayvonlarining mahsuldorligi ham jahonning ilg‘or davlatlari darajasiga yeta olmayapti.
Mintaqada suv resurslari taqchilligi hozirning o‘zida sezilmoqda va yaqin kelgusi davrda dolzarbligi tobora ortib boraveradi. Suv yetishmasligi mintaqa davlatlari qishloq xo‘jaligida hosildorlikni sezilarli ravishda kamaytirmoqda, ekin maydonlarining muayyan qismida dehqonchilik qilish imkoniyatini pasaytirmoqda yoki bunga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash jarayonida qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaryapti, mazkur tovarlar importi ko‘payishiga sabab bo‘lyapti.
Agrar sohaning ilmiy-texnologik jihatdan qoloqligi mintaqa dehqon va chorvadorlari mehnatining samarasi pastligiga sabab bo‘layotgan muhim omillardan biri. Yetishtirilayotgan hosilni chuqur qayta ishlash quvvatlari yetarli emasligi yoki ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning sifatsizligi qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatlarini pasaytirmoqda. Mintaqa davlatlari manzil jihatidan yonma-yon joylashgan, lekin qo‘shni davlatga tegishli bo‘lgan mavjud quvvatlardan hamkorlikda foydalanish imkoniyatidan foydanilmayotgani har bir davlat qishloq xo‘jaligining ichida qo‘shimcha qiymat yaratish jarayonida uzoq va samarasiz iqtisodiy aloqalar, ya’ni zanjirlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida mahsulot tannarxi oshib ketib, mazkur oziq-ovqat turini xorijdan import qilish arzon tushmoqda.
Oxirgi yillarda jahon miqyosidagi global muammolardan biriga aylanib ulgurgan va bugun yechimini topmasak, ertaga undan juda katta zarar ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan iqlim inqirozi va uning oqibatlari ham mintaqa davlatlari qishloq xo‘jaligi holatiga hozirning o‘zida jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Markaziy Osiyo davlatlari bu muammoga alohida e’tibor qaratishyapti, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish borasida imkoniyatlari doirasida qator tadbirlarni amalga oshiryapti. Lekin bu sa’y-harakatlarni yanada kengaytirish talab etiladi.
Jahonda so‘nggi yillarda yuz berayotgan global geosiyosiy voqealar tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kiritilishi oqibatida mahsulotlarni eksport va import qilishda dunyo davlatlari o‘rtasida uzoq yillar davomida shakllangan maqbul logistik zanjirlar ham uzildi. Ba’zi davlatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita tovar sotish yo‘laklari yopilib qoldi. Natijada mazkur davlatga mahsulotni uchinchi davlat orqali tashib kelishga ham majbur bo‘linmoqda. Bu esa eksport qilinayotgan tovarlar tannarxini oshirib, raqobatbardoshligini pasaytiryapti.
Aholini tibbiyot me’yorlari bo‘yicha sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash mintaqa davlatlari oldida turgan eng muhim muammolardan biri. Jahonda oziq-ovqatning barcha turlari bo‘yicha aholisini o‘zi to‘la mustaqil ta’minlay oladigan davlatlar kam. Ba’zan buning iloji bo‘lmaydi ham. Ko‘p hollarda esa iqlim yoki boshqa ob’yektiv sabablarga ko‘ra, qaysidir mahsulotni o‘zida ishlab chiqargandan uni xorijdan import qilish arzon tushadi.
Davlatimiz rahbari Dushanbe uchrashuvidagi nutqida Markaziy Osiyo davlatlari agrar sohalari oldida turgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida ham fikr yuritdi. Mavjud muammolarni yechishda o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish zarurligi alohida ta’kidlandi: “Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy sheriklik dasturini tayyorlash muhim, deb hisoblaymiz.
Ta’kidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir”.
Mintaqa davlatlari birgalikda harakat qilsa, hamkorlikni yanada kengaytirsa, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish samarali va oson kechadi.
Zero, Markaziy Osiyo hududi uzoq asrlar davomida yagona davlat tarkibida bo‘lgan. To‘g‘ri, bu makonda bir paytning o‘zida bittadan ko‘p davlat hukm surgan davrlar ham bor. Lekin bitta davlat tarkibida bo‘lganmi yoki 3-4 ta davlat bo‘lib yashaganmi, bundan qat’i nazar, ular iqtisodiyoti tabiiy iqlim, yer-suv, aholining ko‘chmanchi yoki o‘troq holda yashashi kabi turli omillar ta’siri ostida bir-birini to‘ldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan. Sobiq ittifoq parchalangunga qadar Markaziy Osiyo davlatlari yagona hududiy kompleks sifatida saqlanib turgan. Tan olish kerakki, bu holat besh davlatning iqtisodiy manfaatlariga mos kelgan.
Afsuski, 1992-2016 yillar mobaynida beshta davlat o‘rtasida sun’iy to‘siqlar paydo bo‘ldi. Natijada ularning o‘zaro iqtisodiy aloqalari susaydi, bu esa barchaga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Asrlar davomida bir-biri bilan erkin iqtisodiy aloqalar qilib kelgan chegara hududlaridagi qishloq va shaharlarning savdo-sotiq hajmi keskin qisqara boshladi.
Bu fikr tasdig‘ini O‘zbekiston – Qirg‘iziston iqtisodiy aloqalari misolida ham ko‘rish mumkin. Chorva Qirg‘izistonda ko‘p, qardoshlarimiz ko‘proq shunga ixtisoslashgan. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlari esa, asosan, O‘zbekistonda yetishtiriladi. Chegaralardagi avvalgi to‘siqlar tufayli ular qo‘shni davlatga sotishga mo‘ljallab yetishtirilgan mahsulotlarini bir-biriga erkin sotish imkoniyatini yo‘qotdi. Bundan har ikkala davlat zarar ko‘ra boshladi.
2016 yilga qadar Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida o‘zaro iqtisodiy munosabatlar holati deyarli mana shunday edi.
Prezidentimiz bu holatlar mintaqa davlatlari va xalqlariga juda katta ma’naviy va iqtisodiy zarar keltirayotganini chuqur his qilgan. Shu bois, Prezident lavozimiga kelgandan keyin darhol tashqi siyosatni butkul o‘zgartirib, hamma, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni tubdan kengaytirish yo‘lini boshladi.
O‘zbekistonning ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, ichki va xalqaro transport kommunikatsiyalaridan samarali foydalanish, davlat chegaralaridan o‘tishni soddalashtirish kabi deyarli 25 yildan beri hal bo‘lmay turgan murakkab muammolarga yechim topila boshlandi.
Natijada mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik darajasi shiddatli ravishda o‘sish bosqichiga kirdi. Masalan, 2017-2022 yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro tovar aylanmasi 8,9 milliarddan 20,8 milliard dollarga yetdi yoki 2,4 barobar oshdi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslar uning mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini chuqurlashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha 7 yil avval olg‘a surgan g‘oyalarining mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi.
Haqiqatan ham, mintaqa agrar sektoridagi zaif nuqtalarni sa’y-harakatlarni birlashtirish va mintaqaviy sheriklik dasturini tayyorlash orqali bartaraf etish maqsadga muvofiq. Mazkur dasturni tayyorlashda BMTning bu borada katta xalqaro tajribaga ega bo‘lgan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magiga tayanish mumkin.
Ana shunday o‘zaro manfaatli sheriklik dasturini tayyorlash va uni amalga oshirish mintaqa davlatlari qishloq xo‘jaligi oldida turgan jiddiy muammolarni birgalikda va samarali hal etishga yordam beradi, agrar soha taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi, tarmoq samaradorligini oshirishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining 2022 yil yakuni bo‘yicha hajmi 368 milliard dollarga teng bo‘lgan yalpi ichki mahsuloti sezilarli darajada oshishiga zamin yaratadi.
Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20,8 milliard dollarni tashkil qiladi yoki bu ko‘rsatkich ular umumiy tashqi savdosining 9,4 foiziga teng, xolos. Tahlillar bu ko‘rsatkichning qardosh davlatlar salohiyatiga mos emasligidan dalolat beryapti.
Prezidentimizning o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish borasidagi takliflari amalga oshishi o‘zaro tashqi savdo hajmi ham keskin oshishiga puxta asos yaratadi. Eng muhimi, hamkorlikning kengayishi Markaziy Osiyo davlatlari aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan birgalikda mustaqil to‘la ta’minlash imkoniyatini yaratadi, mintaqa davlatlariga oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga chek qo‘yadi hamda ularni xorijga eksport qilish hajmini keskin oshiradi.
Izoh qoldirish