13 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Toshkent viloyatining 2017–2025 yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, 2017–2025 yillar davomida Toshkent viloyati yalpi hududiy mahsuloti 72,5 foizga o‘sib, 180,2 trln so‘mga yetdi. O‘rtacha yillik iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,3 foizni tashkil etib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan (6 foiz) yuqori bo‘ldi. Viloyatning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 9,7 foizni tashkil etgan holda, Toshkent shahridan keyin ikkinchi yirik hududiy iqtisodiyot sifatida shakllandi. Aholi jon boshiga YaHM 57,5 mln so‘mni tashkil etib, respublika o‘rtacha darajasidan 36 foizga yuqori bo‘ldi.
Yig‘ilishda Prezident tomonidan iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida sanoatlashuv, investitsion faollik va xizmatlar sohasini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lsa, Toshkent viloyatida ushbu yo‘nalishlarda aniq natijalar qayd etildi. Xususan, 2017–2025 yillarda qurilish sohasi 3,3 barobarga o‘sib, o‘rtacha yillik 14,7 foizlik yuqori o‘sish sur’atini namoyon qildi. Ushbu davrda 13,9 mln kv.m uy-joylar qurildi va rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi.
Sanoat tarmog‘i iqtisodiy transformatsiyaning asosiy drayveri sifatida shakllanib, 2017–2025 yillarda 1,9 barobarga (o‘rtacha yillik o‘sish 7,5 foiz) o‘sdi. Jami sanoat hajmining 86 foizi qayta ishlash tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri kelib, elektr uskunalar ishlab chiqarish 9 barobarga, rezina va plastmassa buyumlari 4,1 barobarga, kiyim-kechak 3,2 barobarga, metallurgiya 2,1 barobarga, qurilish materiallari 1,9 barobarga oshdi. YaHM tarkibida sanoat ulushining 31 foizdan 44 foizgacha ko‘tarilishi hudud iqtisodiyoti sanoatlashuv bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Xizmatlar sohasida ham barqaror o‘sish ta’minlanib, umumiy hajm 1,7 barobarga (o‘rtacha yillik o‘sish 6,5 foiz) oshdi. Ayniqsa, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 11 barobarga, sog‘liqni saqlash 3,7 barobarga, ta’lim 2,5 barobarga, transport 1,9 barobarga, yashash va ovqatlanish xizmatlari 1,8 barobarga o‘sgani raqamli iqtisodiyot elementlari va inson kapitaliga investitsiyalar samarasini aks ettiradi.
Qqishloq xo‘jaligida barqaror, biroq nisbatan pastroq o‘sish qayd etildi. Ushbu davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 1,2 barobarga oshdi, o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2 foizni tashkil etdi. Ayrim asosiy mahsulot turlari bo‘yicha ijobiy dinamika kuzatildi. Xususan, mevalar yetishtirish hajmi 46 foizga, tuxum ishlab chiqarish 35 foizga, go‘sht 34 foizga, sut mahsulotlari 31 foizga oshdi. Mazkur ko‘rsatkichlar qishloq xo‘jaligida diversifikatsiya jarayonlari kuchayganini, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi oshganini hamda hududning oziq-ovqat xavfsizligi salohiyati mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Sifat o‘zgarishlari nuqtai nazaridan, mehnat unumdorligi (bir nafar band aholiga to‘g‘ri keluvchi YaHM hajmi) 73 foizga oshdi, norasmiy va yashirin iqtisodiyot ulushi 49,6 foizdan 26,5 foizgacha qisqardi. Hududga jami 29 mlrd dollar investitsiya kiritilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi 3 foizdan 37 foizgacha oshdi. Eksport hajmi esa 1,6 barobarga o‘sib, 2,2 mlrd dollarga yetdi.
Umuman olganda, Toshkent viloyatida 2017-2025 yillarda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida sanoatlashuv, investitsion faollik va xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi namoyon bo‘ldi. Iqtisodiyotda sanoat ulushining oshishi, mehnat unumdorligining o‘sishi va yashirin sektorning qisqarishi hudud iqtisodiyotining sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, bu jarayonlar viloyat iqtisodiyotining tashqi bozorlarga integratsiyalashayotgani, investitsion jozibadorligi oshgani va texnologik yangilanish sur’atlari kuchayganini tasdiqlaydi.
Aziz Mamirov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish