Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi o‘z ishini boshladi

Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi o‘z ishini boshladi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida "Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari" bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Gibrid formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilgan axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha muloqot Hamdo‘stlik mamlakatlarining 60 dan ziyod yetakchi ekspertlarini jamladi. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, MDHning aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bosh direktori Nurudin Muhitdinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov o‘z nutqlari bilan tadbirni ochib berishdi.

Forumda O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, tashqi ishlar, ichki ishlar vazirliklari rahbarlari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar – Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Kiberxavfsizlik markazi vakillari qatnashishdi.

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassislaridan tashqari forumga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining mutaxassislari jalb qilingan.

Kun tartibidagi barcha masalalarni ko‘rib chiqish uchun forum ishi quyidagi masalalar bo‘yicha 4 sessiyaga bo‘lingan:

- raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sharoitida axborot xavfsizligini ta’minlash;

- axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyatlarga qarshi kurashish;

- axborot infratuzilmasi ob’yektlarini texnik himoya qilish va kiberjinoyatlarni tergov qilish;

- axborot muhitida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish.

Nufuzli mutaxassislar tarkibi axborot xavfsizligi sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish, ushbu sohadagi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishning eng yaxshi usullarini ishlab chiqishda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kelishib olishga imkon berdi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, tezkor raqamlashtirish sharoitida axborot xavfsizligiga tahdidlar yanada kuchaygan. Moliya, kredit va bank sohalarida kiberjinoyatlar soni ko‘payib bormoqda va bu davlatlarning iqtisodiy xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Firibgarliklar natijasida shaxsga oid ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ish va ulardan foydalanish orqali inson huquq va erkinliklarining asosiy tamoyillari, shu jumladan, shaxsiy hayotga daxlsizligi buzilmoqda.

Shu jihatlarni hisobga olgan holda MDHga a’zo barcha davlatlar milliy darajada axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Ishtirokchilar qayd etganlaridek, axborot makonidagi xavfsizlikka tahdidlarning transchegaraviy xususiyati milliy sa’y-harakatlarni ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro darajadagi qo‘shma harakatlar bilan to‘ldirishni talab qiladi.

Shuningdek, zamonaviy chaqiriq va tahdidlar nuqtai nazaridan kiberxavfsizligini ta’minlash masalasi eng dolzarb masalalardan biriga aylangani va barcha davlatlarning diqqat-e’tiborini talab qilishi ta’kidlandi. Axborot xavfsizligi, raqamli jamiyatni rivojlantirish masalalari Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida hamkorlik qilish uchun ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan konseptual hujjatlarida aks ettirilgan.

Ushbu sohadagi davlatlararo hamkorlikning maqsadlari va tamoyillarini belgilaydigan qator muhim tarmoq hujjatlari qabul qilindi – "Jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalari to‘g‘risidagi bitim", "Axborot xavfsizligini ta’minlash strategiyasi", "Axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida MDHga a’zo davlatlarning hamkorligi to‘g‘risida"gi hujjatlar shu jumlasidandir.

Bundan tashqari, 2020 yilda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun MDHni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasida ko‘rsatilgan. Keyingi o‘n yillikdagi hamkorlik uchun asos bo‘lgan ushbu hujjatlarda axborot xavfsizligi va AKT sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash, raqamli iqtisodiyot va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish o‘zaro hamkorlikning eng talab qilinadigan yo‘nalishlari bo‘lib qolishi qayd etilgan.

Shu munosabat bilan, ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining forumni o‘tkazish to‘g‘risidagi muhim va o‘z vaqtida tashabbusi raqamlashtirish sohasidagi so‘nggi tendensiya va yutuqlar, kiber tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or milliy tajribalar to‘g‘risida fikr almashish uchun maxsus platforma yaratish imkoniyatini beradi.

Forumda so‘z chiqqanlar tomonidan MDH doirasidagi hamkorlik kun tartibini ilgari surishda O‘zbekistonning faol roli alohida ta’kidlandi. 2019 va 2020 yillarda Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlarining sammitlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusga talab yuqori bo‘lgani qayd etildi. Ushbu masalaga e’tiborning kuchayishi, avvalambor, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, davlat va jamiyat hayoti hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini doimiy ravishda raqamlashtirish bilan bog‘liqdir.

Ta’kidlandiki, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan "Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda. Hujjatga muvofiq telekommunikatsiya, kommunal xizmatlar, iqtisodiyotning real sektori, sog‘liqni saqlash, davlat kadastri va boshqalarga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq uzoq muddatli masalalarning keng doirasi hal qilinmoqda.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, kelgusi uch yil davomida O‘zbekistonda hudud va tarmoqlarni raqamli o‘zgartirish bo‘yicha 1627 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Shu bilan birga, bugungi kunga qadar maktabgacha ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash muassasalarining yuqori tezlikdagi Internet aloqasini qamrab olish darajasi 100 foizga yetkazildi.

2021 yilda barcha maktablar, shuningdek mahalla fuqarolar yig‘inlariga (10 mingga yaqin) Internet tarmog‘iga to‘liq ulanishni ta’minlash rejalashtirilgan.

Uyali aloqa uchun tayanch stansiyalar tarmog‘ining rivojlanishi mamlakat aholisining 98 foiziga, shu jumladan, 90 foizigacha uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish (qamrov doirasini ko‘paytirish) uchun sharoit yaratishga imkon berdi. 2017 yildan 2020 yilgacha Internet tezligi 3,5 baravar oshdi. 2020 yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 120 mingdan ortiq talabalar o‘qitildi. 2020-2022 yillarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasiga 498,1 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilish rejalashtirilgan.

2020 yilda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 22,5 million kishiga yetdi, bu 2016 yilga nisbatan deyarli 17 foizga ko‘pdir (17,9 million kishi). Shu davrda optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 2,5 barobarga oshdi, ularning umumiy uzunligi 55,6 ming kilometrga yetkazildi, 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich 22 ming kilometrni tashkil etdi.

2020-2022 yillarda butun mamlakat bo‘ylab aholi punktlarini Internet bilan qamrab olish darajasini oshirish, xususan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 million donaga yetkazish, 20 ming kilometr optik-tolali kabellarni yotqizish rejalashtirilganligi ta’kidlandi. Uyali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali aholining mobil Internet bilan qamrovini 95 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Ishtirokchilarning e’tiborini bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,2 foizni tashkil etishiga qaratildi. Raqamli iqtisodiyotning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2023 yilga qadar ikki barobarga, elektron hukumat xizmatlari ulushini esa 2022 yilga kelib 60 foizgacha oshirish rejalashtirilganligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda respublikada raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat elementlarini izchil joriy etishga, shuningdek, bank sektorini raqamlashtirishga qaratilgan 260 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik sub’yektlari va tadbirkorlar uchun bir zumda to‘lovlar tizimi 24/7 ishga tushirildi.

Forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan holda, O‘zbekiston rahbari "axborot sohasidagi xavfsizlikni ta’minlash masalalarida yangi yondashuvlarni talab qilishi"ni ta’kidlagan edi.

Ishtirokchilar Hamdo‘stlik davlatlari hukumatlari uchun innovatsion rivojlanish strategiyasini, shu jumladan, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, raqamli iqtisodiyot, shuningdek, ushbu sohada ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash, raqamli rivojlanishning huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini samarali amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflarni o‘z ichiga olgan yakuniy hujjatni qabul qildilar.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar