1 mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yaponiyalik bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masallari muhokama etildi. Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanligini ta’kidlab, o‘zaro aloqalarni taraqqiy ettirishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p ekanligini ta’kidladi. Iqtisodiyot, sanoat, ta’lim, madaniyat, turizm va sport sohasida birgalikda juda ko‘plab loyihalarni amalga oshirish mumkinligini qayd etdi.
Yaponiyaning “D’S Grace FE LLC” kompaniyasi direktori Daysuke Nakamura Toshkentda kunchiqar mamlakatning IT akademiyasi ish boshlaganini bildirib, unda ehtiyojmand oilalar farzandlari bepul ta’lim olishlari mumkinligini aytib o‘tdi. Shuningdek, shu va boshqa qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Yaponiyaning Beeanz korporatsiyasi ham huddi shu yo‘nalishda faoliyat olib boradi, hozirgacha ular Zarafshon shahri va Yangiyo‘l tumanida IT maktablarni ishga tushirdilar. Korporatsiyaning maqsadi Toshkentda ham shunday maktablarni ko‘paytirishdir. Toshkent shahar hokimi bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yosh avlodning zamonaviy texnologiyalar asosidagi ta’limi uchun poytaxtda zarur sharoitlarni yaratishga tayyorligini aytdi.
Noritsuisu kompaniyasi mutasaddilari esa tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, Yaponiyaning Yosh tadbirkorlar palatasi bilan hamkorlikda forum tashkil qilish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga ofis stullarini ishlab chiqarish kompaniyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etib, Toshkentda mazkur yo‘nalishda qo‘shma korxonani ochish, xavfsizlik sohasida ahamiyatli bo‘lgan ID kartalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda kosmetika va media yo‘nalishdagi tadbirkorlar ham ishtirok etib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha birgalikda ishlash yuzasidan takliflarni aytib o‘tdilar.
Toshkent shahar hokimi yaponiyalik tadbirkorlarning barcha takliflari atroflicha o‘rganilishi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilishini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish