Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish

Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish

Investitsiya siyosatining asosiy maqsadlari:
jozibador investitsiya muhitini yaratish, kapitalga investitsiyalarni oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish,
yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ustuvor sohalarni rivojlantirish, davlatning samaradorligini oshirish, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash kabi vazifalarini hal qilishdan iborat.

Iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishda xorijiy tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, mamlakatlar o‘z taraqqiyotining turli bosqichlarida investitsiyalar yo‘naltirilgan va turli imtiyozlar berilgan muayyan ustuvor tarmoqlarni tanlashga tayanadilar.

Iqtisodiy diversifikatsiya asosida O‘zbekiston Respublikasining barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishini ta’minlash va ichki moliyaviy resurslari cheklangan sharoitda uning raqobatbardoshligini oshirish vazifasini investitsiyalarni jalb etish va mavjud mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi siyosatni amalga oshirmasdan turib erishib bo‘lmaydi.

Investitsiyalar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi:

- makro darajada ular kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni tarkibiy jihatdan muvofiqlashtirish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini barqaror rivojlanishini ta’minlash, innovatsion siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi;

- mikro darajada esa ishlab chiqarishni kengaytirish va rivojlantirish, uning texnik va texnologik jihatdan takomillashtirish, asosiy vositalarning ma’naviy va jismoniy eskirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda atrof-muhitga zararli ekologik ta’sirini kamaytirishni ta’minlaydi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotni erkinlashtirish va uni tashqi dunyoga ochish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy va milliy investorlarning sarmoya kiritishi, yangi biznes yaratishi, qo‘shimcha daromad olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Xususan:

  • davlat mulki va yer uchastkalarini elektron auksionlar orqali, shu jumladan, nol qiymatda tadbirkorlik sub’yektlariga sotish bo‘yicha bozor mexanizmlari joriy etildi;
  • raqobat muhitini yaxshilash, biznes yuritish uchun teng sharoit yaratish va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi;
  • yoqilg‘i-energetika resurslari, non, un va boshqa strategik tovarlar uchun erkin narxlarni joriy etish choralari ko‘rildi;
  • mamlakat bozorlarida sog‘lom raqobatni cheklovchi yakka tartibdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilindi. Amaldagi mexanizm doirasida sanoat, faoliyat sohalari va hududlar uchun umuman soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar beriladi;
  • ichki bozorda sog‘lom raqobatni cheklovchi yakka tartibdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilindi. Amaldagi mexanizm doirasida sanoat, sohalar va hududlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar beriladi;

Transport sohasida investitsion muhitni oshirish bo‘yicha islohotlar

Oxirgi yillarda transport sohasida davlat monopoliyasini qisqartirish, soha va korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy qilish, davlat-xususiy sheriklar, raqamlashtirish, tashqi savdoni kengaytirishda yangi tashabbuslarni qo‘llash, xalqaro transport logistika tizimlariga a’zolikni kengaytirib borish kabi maqsadli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Transport sohasida investitsion jozibadorlikni oshirish, investorlar safini kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatdor hamkorlikni amalga oshirishda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, logistika samaradorligi indeksi (LPI) ni o‘z ichiga olgan jahon banki tomonidan yuritilayotgan logistika samaradorligi indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 99-o‘rinni egalladi. Hisobotda 168 mamlakat o‘rin olgan bo‘lib, mazkur indeks mahalliy kompaniyalarning milliy va xalqaro bozorlarga chiqishni ta’minlovchi ta’minot zanjirlarining samaradorligini o‘lchaydi. LPI shuningdek, ta’minot zanjirlarining barqarorligi, atrof-muhitga ta’siri va malakali ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj kabi rivojlanayotgan masalalarga ham e’tibor qaratadi. Indeksni tarkibiy qismlari bo‘yicha ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston bojxona tartiblari bo‘yicha 140, infratuzilma bo‘yicha 77, xalqaro yuklar bo‘yicha esa 120-o‘rinni egallagan. Logistika sifati bo‘yicha 88-o‘rin, tovarlarni kuzatib borish imkoniyatlari bo‘yicha 90-o‘rin, yetkazib berish muddatlari bo‘yicha esa 91-o‘rinni egallagan.

Hozirgi kunda jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha faol va keskin choralar ko‘rilmoqda. Xalqaro maydonda mamlakat imidjini yaxshilash savdo, iqtisodiyot, investitsiya va ijtimoiy rivojlanish modellarini ishlab chiqish, yetakchi xalqaro tahliliy va ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, jahondagi biznes uyushmalar bilan aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalaridan biridir.

Transport sohasida investitsiyalarni keng jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar

Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri transport xizmatlari bozorini erkinlashtirish, davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish, xorijiy investorlarga qulay shartlarda davlat va xususiy sheriklik tamoyillari asosida yirik ob’yektlarni taqdim etish kabi yo‘nalishlarda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020 yil 1 avgustdan xorijiy aviakompaniyalarga viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqaro aeroportlarida beshinchi darajadagi “havo erkinligi”, “Navoiy” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida esa yuk tashuvchi aviakorxonalar uchun yettinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi potensial investorlarning yurtimizdagi havo tashuvlari bozoriga kirib kelishiga zamin yaratmoqda.

Shuningdek, hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xalqaro talablar asosida boshqaruvga berish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Transport sohasida xalqaro savdo operatsiyalarini tezlashtirish uchun chora-tadbirlar tashabbuslari ishlab chiqildi. Eksport va import operatsiyalari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydigan milliy onlayn portali ishga tushirildi. Bunda istalgan mijoz elektron so‘rovnoma yuborish orqali barcha turdagi ruxsatnomalar, tovar kelib chiqishi sertifikatlari va fitosanitariya sertifikatlarini olish uchun to‘lov qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu yangi mexanizmlarni joriy etish bilan eksport hujjatlarini qayta ishlash uchun umumiy vaqt 174 soatdan 96 soatgacha qisqartirildi.

Transport tizimidagi investitsion loyihalarning amalga oshirilishi

Pandemiya sharoitida investitsion loyihalarning amalga oshirilishiga jiddiy to‘siqlar va xavf solganiga qaramasdan joriy yilning yanvar-iyun oylarida rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan 2020 yil yanvar-iyun oylari yakunlari bo‘yicha quyidagi loyihalar bo‘yicha qurilish-montaj ishlari yakunlandi.

  1. Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining 2 – bosqichi qurib bitkazildi (2,9 km.).
  2. Toshkent shahrida yer usti halqa metropolitenini 1-bosqichi (11,4 km.) qurib bitkazildi. Bugungi kunda respublika komissiyasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
  3. Andijon-Savay-Xonobod temir yo‘l uchastkasi modernizatsiya ishlari tugatildi (65 km.). Mazkur loyihalarni ishga tushirish (foydalanishga topshirish) mamlakatdagi karantin choralari bekor qilingandan so‘ng amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, transport tizimidagi sohalar kesimida olib borilgan o‘rganishlar natijasida investitsion dasturlarda belgilangan loyihalarning ijrosi natijalari quyidagicha:

  1. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bo‘yicha davlat byudjeti hisobidan 99 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha rejaga nisbatan 131 foiz ishlar amalga oshirilgan.

Davlat kafolati ostidagi xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan 5 ta investitsiya loyihalari doirasida mablag‘lar rejaga nisbatan 104 foiz o‘zlashtirilgan.

  1. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bo‘yicha investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi rejaga nisbatan 121 foizga amalga oshirilgan.
  2. “Uzbekistan airports” AJ tizimi bo‘yicha 2 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bular umumiy qiymati 21,1 mln. dollarlik “Termiz xalqaro aeroportining yangi sun’iy uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqa aerodrom qoplamalari qurilishi” hamda umumiy qiymati 62,0 mln. dollarlik “Samarqand xalqaro aeroportining qurilishi” loyihalari. Samarqand aeroportida 62 mln. dollarlik rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Qayta qurish ishlari yakunlanganidan so‘ng aeroportning o‘tkazish qobiliyati soatiga 600 dan 1200 yo‘lovchiga oshishi mumkin. Hozirda 22 ta samolyot uchun to‘xtash va uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi ham yakunlanmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar

Transport vazirligi tomonidan Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida 10 ta loyihalarni amalga oshirilmoqda.

Avtomobil transporti sohasida

Respublika viloyatlaridagi davlat ulushi bo‘lgan jami 13 ta avtostansiyalardan birinchi bosqichda 9 tasini hamda 7 ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Namangan xamda Toshkent viloyatlaridagi) avtotransport korxonalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berish.

Aviatsiya sohasida

Respublika hududiy aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xalqaro talablar asosida boshqaruvga berish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.

Mazkur loyiha bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan respublika aeroportlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha ishlari olib borilmoqda.

Yo‘l xo‘jaligi sohasida

“Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Jahon banki ishtirokida “Price water House Coopers” (Polsha) va “Over Arup and Partners” (Buyuk Britaniya) konsalting kompaniyalari konsorsiumi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqildi.

Xorijiy maslahatchilar tomonidan loyihani 3 ta bosqichda (lot) amalga oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga “Qamchiq” dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasini ushbu loyiha doirasida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlashni yakunlash 2020 yil dekabr oyida rejalashtirilgan.

“Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Spektrum” kompaniyasi (Rossiya) tomonidan loyihani moliyaviy va iqtisodiy jihatdan amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi va tegishli hisobotlar taqdim etildi.

Hozirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender e’lon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.

Taxtaqarachi pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan grant mablag‘lari evaziga loyihaning dastlabki texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun hamkorlik kelishuviga erishildi.

Joriy yil may oyida loyihaning pasport va annotatsiyalari o‘rnatilgan tartibda OTBga taqdim etildi. Bugungi kunda OTB tomonidan tegishli xulosalari taqdim etilishi kutilmoqda.

“Sirdaryo-Baxt pullik avtomobil yo‘lini qurish” loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani “Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘li qurilishi” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarida ko‘zda tutish hamda mazkur loyiha doirasida qurish taklif qilinmoqda.

Bugungi kunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender e’lon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.

Raqamlashtirish bo‘yicha qanday loyihalar amalga oshirildi?

O‘zbekiston Respublikasi “Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida raqamlashtirish texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga asosan jami 61 ta loyiha, shundan 2020 yilda 38 ta, 2021 yilda 13 ta va 2022 yilda 26 ta loyihalarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilning 1 yarim yilligida Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish bo‘yicha quyidagi loyihalar amalga oshirilgan.

  1. Yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida, joriy yil 1 yanvardan Toshkent shahri jamoat transportida (avtobus va metropoliten) avtomatlashtirilgan elektron to‘lov tizimi joriy etilishi boshlandi.

Ushbu tizim 2020 yil 1 avgustdan Nukus shahri va viloyat markazlarida 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Bugungi kunda avtobuslar 1 100 ta validator bilan ta’minlanib, 29 ta metro stansiyalarida 50 ta turniketlar o‘rnatildi. Ushbu tizim to‘lov kartalarini 51 ta metro kassalari va 50 ta shoxobchalarda sotish tashkil etilib, to‘lovni “QR kod” orqali amalga oshirish uchun “ATTO” mobil ilovasi ishga tushirildi.

  1. Temir yo‘l tashuvlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish shaffofligi, sifati va tezkorligini oshirish maqsadida “Yagona darcha” tamoyili asosida avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilib, joriy yilning iyul oyida test rejimida ishga tushirish va bosqichma-bosqich xizmatlar turi va sifatini oshirib borish rejalashtirilgan.
  2. Xalqaro tashuvlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish va shaffoflikni oshirish maqsadida, xorijiy ko‘p tomonlama ruxsatnoma blanklarini taqsimlashning avtomatlashtirilgan onlayn tizimi ishga tushirildi.
  3. Yuk va yo‘lovchi tashish faoliyatini litsenziyalash to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Bu tizim orqali tadbirkorlarning masofadan turib litsenziya olish imkoniyati yaratildi.
  4. Hozirgi kunda Tovar-xom ashyo birjasi bilan hamkorlikda avtomobil transportida yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha maxsus elektron savdo maydonchasi – “mytransport.uz” yagona platformasi joriy yilning avgust oyida to‘liq ishga tushiriladi.

Ushbu platformada ichki va tashqi yuk tashuvlari xizmatlarini elektron savdo maydonchasi orqali xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

  1. Bugungi kunga qadar yo‘lovchi chiptalarni xarid qilish har bir transport turi bo‘yicha alohida yaratilgan elektron tizimlar orqali amalga oshirilayotgan edi (avtobusda – avtoticket.uz, havo transportida – uzairways.com, temir yo‘l transportida – e-ticket.railway.uz).

Yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida, avtobus, temir yo‘l va havo transporti uchun chiptalarni “onlayn” xarid qilish imkonini beruvchi yagona “Uztrans” portali yaratilib, joriy yil 1 maydan test rejimida ishga tushdi, hamda hozirda uning mobil ilovasini yaratish ishlari davom ettirilmoqda.

  1. Xalqaro, shaharlararo va ichki avtobus yo‘nalishlari uchun tender savdolarini elektron tarzda tashkil etish tizimini joriy etish.

Ushbu tizim orqali tadbirkorlar tender savdolarida masofadan ishtirok etishi hamda avtobus yo‘nalishlari taqsimlanishining shaffof va qulay mexanizmi yaratiladi.

  1. Samarqand shahri transport tizimini kompleks rivojlantirish rejalarini modellashtirish orqali ishlab chiqish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda Avvalambor bu ishlarni master-reja asosida quyidagi asosiy vazifalarni hal etish o‘rganilmoqda:
  • transport vositalari va piyodalar xavfsiz, qulay va tez harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • avtomobil yo‘llari va yo‘l o‘tkazgich tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • transport vositalari va aholining yo‘lga sarflanadigan vaqti va mablag‘lari tejalishiga erishish;
  • transport vositalarining atrof muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish.
  1. Transport xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish va shaffoflikni oshirish maqsadida onlayn tarif kalkulyatorlari joriy qilinib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy veb-saytida joylashtirilib, tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga foydalanish imkoniyati yaratildi.
  2. Buxoro va Farg‘ona aeroportlarida ro‘yxatga olish (Self-Check In) tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mazkur tizim joriy yil avgust oyidan boshlab ishga tushirish rejalashtirilgan.
  3. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch aeroportlarida havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiyalash loyihasini joriy etish bo‘yicha barcha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib ekspertizadan o‘tkazildi va axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Transport tizimida yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar

Transport tizimi korxonalarida islohotlarni davom ettirish va ularda zamonaviy korporativ boshqaruv mexanizmlarini joriy etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan:

  • Fuqaro aviatsiyasi sohasida O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish va raqobat muhitini yaratish maqsadida, «Humo Air» yangi aviakompaniyasini xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda “Humo Air” aviakompaniyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va yil yakuniga qadar faoliyatini boshlab yuborish;
  • Jahon banki bilan birgalikda aviatsiya sohasini institutsional va normativ jihatdan isloh qilish hamda “Uzbekistan airways” jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha “Biznes modeli”ni ishlab chiqish;
  • Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish konsepsiyasi tayyorlash;
  • “Airport Research Center” kompaniyasi (Germaniya) tomonidan aeroportlarning qisqa va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi tayyorlash.

Shuningdek, Rossiyaning yetakchi aviakompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi bozorida yangi “loukoster” aviakompaniyasini tashkil etish muzokaralari olib borilmoqda.

Temir yo‘l transporti sohasida “Doyche Bann” kompaniyasi tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” jamiyati faoliyatini isloh qilish hamda boshqaruvning samarali mexanizmlarini joriy etish.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda transport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va investitsion dasturlarning amaliy samarasini yaqin davr ichida iqtisodiyotning barcha sohalariga hamda aholining barcha qatlamlariga sifatli va raqobatbardosh sharoitlardagi logistika va tashuv xizmatlarining taqdim etilishi hamda bu sohaning mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini keskin oshirishga katta hissasini qo‘sha olishini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Muhsinjon Xolmuxamedov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar