Bugungi kunda turizm ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarning asosiy daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Turizm xizmatlarini eksport qilish iqtisodiyotda qo‘shimcha talab yaratib, aholini ish bilan ta’minlaydi va xorijiy valyuta tushumini oshiradi. Shu orqali turizm sohasi iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida muhim rol o‘ynaydi.
Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda jahon sayyohlik xizmatlari eksporti hajmi 4 foizga oshib, 1.7 trillion dollarni, xalqaro sayyohlik tashriflari soni esa 5 foizga o‘sib, 1.4 milliardni tashkil qildi. Bunga sabab bo‘luvchi asosiy omillar sifatida rivojlanayotgan mamlakatlardagi arzon narxlar va ular tomonidan viza jarayonlarini soddalashtirilishi hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham 2019 yil davomida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jadal ishlar davom ettirildi. Shu jumladan, viza rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish va sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish bo‘yicha qator choralar ko‘rildi. Natijada, 2019 yil yakunlariga ko‘ra turizm xizmatlari eksporti 2018 yilga nisbatan 26.1 foizga o‘sib, 1.3 milliard dollarni tashkil qildi va sohaning xizmatlar eksportidagi ulushi 39.3 foizga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi Qonuni 2019 yil 18 iyulda qabul qilinib, unda sohaning hozirgi rivojlanish bosqichidan kelib chiqqan holda yangi tushunchalar kiritildi, turizm sohasidagi davlat siyosatining prinsiplari va asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Shuningdek, turistik faoliyat sub’yektlari toifalarga ajratildi.
47 ta davlat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi va vizasiz rejimga ega mamlakatlar soni 86 taga yetdi. Bundan tashqari viza jarayonlarini soddalashtirish maqsadida elektron viza olish imkoniyatiga ega mamlakatlar soni 57 ni tashkil etdi. Qo‘shimcha ravishda, “Vatandosh”, “Talaba”, “Akademik”, “Ziyoratchi” va “Tibbiyot” viza turlari joriy etildi. Qilingan ishlar natijasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan davr bilan solishtirganda 2019 yilda mamlakatimizga kelgan sayyohlar soni 26.2 foizga ko‘paydi. Vizasiz rejim joriy etilgan davlatlardan tashrif buyurgan sayyohlar sonida esa 58 foiz o‘sish kuzatildi. Natijada, sayyohlarni joylashtirish maskanlarining yuklanish darajasi 62 foizdan 84 foizga ko‘paydi.
Oxirgi yillarda turizm sohasidagi yangi tendensiyalarga mos va keng segment talablariga javob beradigan xostellar bozorini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda 2019 yilda mamlakatda kam byudjetli turizm infratuzilmasi va xostellar biznesini yanada rag‘batlantirish uchun xostellarni majburiy sertifikatsiyalash tartibi bekor qilindi va boshqa bir qator talablar soddalashtirildi. Natijalar uzoq kuttirmadi. 2019 yilning o‘zida respublikada 161 ta yangi xostellar qurib foydalanishga topshirildi. Ular tomonidan bir vaqtning o‘zida 5666 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
2019 yilda Vazirlar Mahkamasining 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan mehmonxonalar biznesini rivojlantirishga katta urg‘u berildi. Unga ko‘ra, yangi qurilayotgan 3 yulduzli mehmonxonalarning xar bir xonasi uchun Davlat byudjetidan 40 million so‘m, 4 yulduzli mehmonxonalar uchun esa 65 million so‘m kompensatsiya ajratish ko‘zda tutilgan. Qilingan ishlar natijasida 2019 yilda mamlakatda umumiy hisobda 277 ta yangi mehmonxona qurib, ishga tushirildi.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng ommaga yoritilmoqda. Xususan, “The Telegraph” yer yuzidagi eng sarguzashtbop maskanlar ro‘yxatini e’lon qildi va O‘zbekiston mazkur ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi. “The Economist” nashri tomonidan esa O‘zbekiston yil mamlakati deya tan olindi. Bundan tashqari “Lonely Planet”, “Harpers Bazaar”, “The Spectator” va boshqa nashrlar tomonidan mamlakatning sayyohlik potensiali yuksak baholanib, kamchiliklarni kamaytirish va rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Xasan Majidov,
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish