Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘nggi 9 yil davomida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini tahlil qildi.
TDT mamlakatlari katta iqtisodiy salohiyatga ega. 2025 yilda ushbu davlatlarning umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti jahon iqtisodiyotining qariyb 2 foizini (taxminan 2,3 trln dollar), xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha esa 3,4 foizini (qariyb 6,2 trln dollar) tashkil etgan.
2025 yilda TDTga a’zo davlatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi 1,2 trln dollardan oshgan.
TDT mamlakatlari tabiiy resurslarga boy bo‘lib, qayta ishlash sanoati ham rivojlangan. Xususan, Vengriya va Turkiyada mashinasozlik yaxshi taraqqiy etgan. Shuningdek, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoati mahsulotlari Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu davlatlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham katta hajmda yetishtirmoqda. Jumladan, meva-sabzavot, don, moyli ekinlar, go‘sht va sut mahsulotlari keng ishlab chiqariladi.
O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdosi
So‘nggi 9 yil davomida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 2,7 baravarga oshib, 2017 yildagi 4 mlrd dollardan 2025 yilda 10,8 mlrd dollarga yetdi. Eksport 1,2 mlrd dollardan 3,8 mlrd dollargacha (1,8 baravar), import esa 1,8 mlrd dollardan 7 mlrd dollargacha (3,8 baravar) oshdi.
2025 yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdosida eng katta ulush - 46% (5 mlrd dollar) Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi. Undan keyin Turkiya 28% (3 mlrd dollar). Shuningdek, Turkmaniston va Qirg‘izistonning har biri 11,1% (1,2 mlrd dollardan) ulushga ega bo‘ldi.
Eng kichik ulushlar Ozarbayjon 2,8% (307,3 mln dollar) va Vengriya — 1,1% (117,4 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri keldi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDT mamlakatlariga eksporti tarkibida sanoat mahsulotlari 28,2 foizni, mashina va transport uskunalari 19 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari 11,1 foizni, kimyo mahsulotlari 10 foizni, turli tayyor mahsulotlar 8,2 foizni, ichimlik va tamaki mahsulotlari 3,5 foizni, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari 3,3 foizni, nooziq-ovqat xom ashyosi 1,3 foizni, xizmatlar esa 12,7 foizni tashkil etdi.
Import tarkibida esa asosiy ulush oziq-ovqat mahsulotlariga - 22,8 foiz, mineral yoqilg‘iga - 20,3 foiz, sanoat mahsulotlariga - 18,1 foiz va mashina hamda transport uskunalariga - 12,9 foiz to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston TDT mamlakatlariga eksport hajmini yana 2,7 mlrd dollarga oshirish imkoniyatiga ega. Jumladan, Turkiyaga 1,8 mlrd dollarga, Qozog‘istonga 500 mln dollarga, Vengriyaga 200 mln dollarga va Qirg‘izistonga 100 mln dollarga oshirish salohiyati mavjud.
Investitsiyaviy hamkorlik
O‘zbekiston iqtisodiyotiga TDT mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. 2017–2025 yillarda ularning umumiy hajmi 11,5 mlrd dollardan oshdi (2025 yilda 3,8 mlrd dollar). Bu TDT davlatlarining O‘zbekiston bilan uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikka strategik qiziqishini ko‘rsatadi.
O‘zbekistondagi eng yirik investor Turkiya bo‘lib, 2025 yilda 2,4 mlrd dollar investitsiya kiritgan. Bu mablag‘lar asosan qayta ishlash sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan.
2026 yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
2025 yil fevral oyida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan TDT biznes-forumida Turkiy investitsiya jamg‘armasining ustav kapitali 20 foizga — 500 mln dollardan 600 mln dollarga oshirilishiga kelishib olindi. O‘zbekiston mazkur jamg‘armaga 100 mln dollar ulush qo‘shgan.
Hozirda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qator qo‘shma loyihalar moliyalashtirilmoqda. Bu esa TDT mamlakatlari o‘rtasida kooperatsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish