E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, keyingi yillarda O‘zbekistondagi bu kabi o‘zgarishlar jahon hamjamiyati e’tirofiga loyiq ko‘rilmoqda. Buni xorijiy ekspertlarning fikrlaridan, xalqaro reytinglardan, qolaversa, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlik qilishni, sarmoya kiritishni istovchilar ko‘payganidan ham bilish mumkin.
Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga bugun shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida inson manfaati, qadri har narsadan ustun, degan g‘oya asosiga qurilgan islohotlar samarasi har jabhada, har sohada sezilishiga, qisqa qilib aytganda, odamlar farovon turmush kechirishi uchun xizmat qilishiga harakat qilmoqda. Amalda shunday bo‘lyapti ham.
Xususan, o‘tgan haftada ko‘hna va azim shahar Samarqandda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo hamjamiyati uchun ham e’tiborga molik voqea bo‘lib o‘tdi. Voqeaki, barchaning hayratiyu havasini oshirdi. Ya’ni shahar markazida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilishi tantanali tus olib, unda davlatimiz rahbari ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Aytish joizki, Prezidentimiz tomonidan mazkur markaz mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi. “Samarqand — milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘ringa ega. Ushbu boqiy shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojida muhim rol o‘ynagan.
Buyuk Amir Temur bobomiz o‘zi barpo etgan qudratli saltanat uchun aynan Samarqand shahrini poytaxt etib belgilagani ham albatta bejiz emas. Ushbu zaminda shakllangan qutlug‘ an’analarni izchil davom ettirgan holda, Samarqandning qadimiy shuhratini tiklash maqsadida oxirgi yillarda uni yanada ko‘rkam va obod qilish, chinakam xalqaro turizm markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Yangidan qurilib, bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” markazi shu yo‘ldagi yana bir ulkan qadam bo‘ldi”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida.
Darhaqiqat, “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasi bo‘lsa, hududdagi “Boqiy shahar” me’moriy ansambli Samarqandning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi.
Yiliga 2 million sayyohga xizmat qiladigan bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettiradi. Majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prikdir.
Muhim jihati, ushbu noyob va nodir majmua yaratilishida yuqori bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarning, xususan, yoshlarning hissasi katta bo‘ldi. Demak, hali yoshlikdayoq tikilgan sarmoya, bilim va tarbiya bugun natijasini ko‘rsatmoqda. Mamlakat bu boradagi ko‘zlagan maqsadlariga birin-ketin erishmoqda. Yoshlarimiz har jabhada mehnat va iqtidori bilan o‘zini namoyon etib, o‘z so‘zini aytmoqda. Qolaversa, majmua Samarqand, umuman, butun O‘zbekiston haqida mehmonlarda taassurot uyg‘otishga, tasavvurini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu tarixiy voqea munosabati bilan tashkil etilgan marosim barchaga yuqori kayfiyat bergani aniq. Zotan, badiiy sahna ko‘rinishlari, yaratilgan muhit bir zumga tarixga yetaklaydi. O‘tmish va zamonaviylik uyg‘unligini his etasiz.
Shu kunlarda mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligi tantanalari arafasidamiz. Bu tarix uchun juda qisqa fursat bo‘lishi mumkin, lekin O‘zbekiston uchun, o‘zbek xalqi uchun uning har bir yili qadrli va ahamiyatli. Binobarin, o‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar odamlar dunyoqarashida, hayotida tub o‘zgarishlar yasadi.
Bugun yurtimizning istalgan joyiga boring, hurriyat epkinlarini sezasiz. Xohlagan kishi bilan gaplashing, yon-atrofidagi, turmushida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida to‘lqinlanib gapiradi. Xalqimizning g‘ayrat-shijoati, bunyodkorlik salohiyati samarasi shaharu qishloqlarimiz qiyofasida namoyon bo‘lmoqda. Samarqandning bugungi ko‘rinishi, viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar izchillik kasb etgan ana shu islohotlar mevasidir.
Inson kapitali. Uning mohiyati va ahamiyati nimalarda namoyon bo‘ladi?
Ota-onalar farzandlari yaxshi o‘qishini istaydi yoki buning uchun ularga imkon qadar shart-sharoit yaratib berishga harakat qiladi. Ya’ni farzandiga e’tibor qaratadi. Maqsad — u kelgusida bilimli mutaxassis va kerakli kadr bo‘lib yetishsin. Hayotda o‘z o‘rnini topsin. Bir qarashda aksariyatimiz inson kapitali nima va u nima uchun zarur, degan savol atrofida mana shunday fikr yuritamiz. Lekin masalaga kengroq, ya’ni mamlakat miqyosida nazar tashlasak, mana shu oddiygina e’tiborning ahamiyati naqadar yuksak ekanini anglay boshlaymiz. Chunki oiladan jamiyat, jamiyatdan davlat shakllanadi. Binobarin, ekspert va mutaxassislar inson kapitaliga investitsiya kiritishga beparvolik taraqqiyotga to‘siq bo‘lish bilan barobar, deb bejiz ta’kidlamaydi.
Mamlakat taraqqiyotida iste’dodlarni tarbiyalash juda muhim. O‘z navbatida, iqtisodchilar buning ahamiyatini ko‘proq ta’lim olgan odamlar daromadi bilan baholaydi. Ya’ni har bir qo‘shimcha ta’lim yili inson daromadini o‘rtacha 10 foizga oshirishi tadqiqotlarda isbotini topgan. Bunda, tabiiyki, ta’lim sifati katta ahamiyatga ega. Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani diqqatga sazovor. Qolaversa, inson kapitaliga investitsiya kiritish ishonchni oshiradi. Ya’ni o‘qimishli insonlari ko‘p jamiyatda o‘sish, muvaffaqiyat ham ko‘p bo‘ladi.
Bu o‘z-o‘zidan amalga oshadigan jarayon emas
Albatta, inson kapitali o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi va undan bir kunda, bir oyda yoki bir yilda natija kutish ham noto‘g‘ri. U muntazamlikka asoslangan jarayon hamda davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishi va rivojlantirilishi lozim.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston bu borada o‘z maqsadlarini belgilab olgan. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi farmoniga binoan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi. E’tiborlisi, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi jami 100 ta maqsadni qamrab olgan bo‘lsa, shundan 34 tasi adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalardir.
Shuningdek, farmon bilan tasdiqlangan 398 banddan iborat Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar sarflanishi nazarda tutilgan.
Dasturda, aytib o‘tganimizdek, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida ta’lim sifatini oshirish masalasiga ustuvorlik berilgan. Chunki har qanday jamiyat kelajagini, avvalo, ta’lim sifati va ta’lim oluvchi qobiliyati belgilab beradi.
Qayd etish joiz, 2017–2021 yillardagi Harakatlar strategiyasi dasturi doirasida maktabgacha qamrov darajasi sezilarli ravishda ortdi. Xususan, 2016 yil ayni ko‘rsatkich 27 foizni tashkil qilgan. Taraqqiyot strategiyasida esa maktabgacha ta’lim qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan qariyb 80 foizga yetkazish belgilangan. Bu maqsad uchun maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etish vazifasi belgilab qo‘yilgan. Buning samarasi o‘laroq, birgina 2022 yilning o‘zida davlat-xususiy sheriklik asosida 1300 ta nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida byudjet mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi ta’minlanadi. Bu O‘zbekiston o‘z farzandlarini ilmga oshno tutinishi yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlarning bir yo‘nalishi, ya’ni yaratilayotgan sharoitlarning bir qismi, xolos.
Yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami esa bundan-da katta. Yoshlarga imkoniyat, yoshlarning qiziqishlari haqida gap ketganda, bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasi birlamchi mavzu bo‘lmoqda. Ya’ni axborot texnologiyalari hozirgi zamonning bilimi, soha mutaxassislari esa kelajak egalari ekanini odamlar ham, mamlakatlar ham anglab yetgan. Endilikda inson kapitaliga ayni shu yo‘nalishda e’tibor kuchaygan. Shu bois, biz ham fikrimizni ushbu mavzuda davom ettirsak.
Uzoqqa bormaymiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarni borib ko‘rdi. Mana shu holatning o‘zi mamlakatimizda inson kapitaliga investitsiya kiritish ustuvor masala va bu shaxsan Prezidentning doimiy e’tiborida ekanini anglatadi. Chunki davlatimiz rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan va o‘tgan yili ham bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. Bu yer O‘zbekiston yoshlarining sevimli maskaniga, ularning izlanish va tashabbuslari ro‘yobga chiqariladigan o‘ziga xos platformaga aylanishi aniq. Zotan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, axborot texnologiyalari kelajak texnologiyasi, uning mutaxassislariga esa kelajak kadrlari sifatida qaralmoqda. Bugun yurtimiz yoshlariga yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyat, ya’ni kapital ertaga yanada yuksak natijalar beradi, albatta.
Jumladan, mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivojiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan, 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirilgani, barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etilgani, bu orqali 14 ming yosh yuqori daromadli ish bilan ta’minlanib, sohada o‘zini o‘zi band qilgan mutaxassislar soni 43 mingga yetgani buning tasdig‘idir.
Shu bilan birga, joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy axborot texnologiyasi yo‘nalishidagi kompaniya tashkil etilib, bu boradagi eksportchi korxonalar soni 2 barobarga oshdi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidentlari, xizmatlar turi ham tobora ko‘paymoqda. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan bo‘lsa, yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, global axborot texnologiyalari bozori 2026 yilgacha o‘rtacha 10 foizdan o‘sib boradi. Misol uchun, 2020 yil uning qiymati 7,8 trillion dollarni, 2021 yilda esa 8,2 trillion dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 9,3 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. 2026 yilga borib esa salkam 14 trillion dollardan iborat bo‘ladi.
Davlat iqtisodiyotini rivojlantiradigan, mamlakatni tanitadigan omillardan biri eksport bo‘lsa, aql eksportida bu imkoniyat yanada kengayadi. Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pi yoshlar ekanini va har yili oliy ta’limga bir millionga yaqin yoshlar kirib kelishini inobatga olsak, bu biz uchun juda katta kuch va imkoniyat.
Zamonaviylik zamon talabi
Hozir zamonning o‘zi inson kapitaliga sarmoya kiritishni taqozo etmoqda. Negaki, bugun sarmoyador ilgarigidek arzon ishchi kuchi bor joyga pul tikayotgani yo‘q. Sababi, shiddatli ilmiy-texnik taraqqiyot malakasiz ishchiga ehtiyojni keskin kamaytirib yubormoqda. Qaysidir paytlarda insonga ishchi kuchi, mehnat resurslari sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi davrga kelib insonning iqtisodiy jarayonlarga ta’sir etish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Inson endi ishlab chiqarishning qo‘shimcha resursi emas, balki o‘z qobiliyati bilan ishlab chiqarishni tashkil etuvchi, yangi innovatsiyalarni yaratuvchi noyob resursga aylandi. Bu esa iqtisodiyotda inson kapitali tushunchasi paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Endi hammadan zamonaviylik talab etilyapti.
Ochig‘i, islohotlarning yangi davriga qadam qo‘ygunimizga qadar biror-bir dolzarb masalani quyi pog‘onaga tushmasdan, haqiqiy ahvolni o‘rganmasdan qog‘ozda “hal etish” illati ildiz otgandi. Ishlab chiqiladigan hujjatlar, qabul qilinadigan qarorlar ham mahalla, tuman yoki viloyat sharoitidan kelib chiqib emas, umumiy bir yondashuv asosida yuzaki tayyorlanar, natijada xalqni qiynayotgan muammolar yechimini topmasdan kelaverardi.
Aytish joizki, keyingi besh-olti yil ichidagi o‘zgarishlar ijobati bugungi hayotimizda aks etmoqda. Avvallari vazirlik, idoralar, hokimlik vakillari oddiy aholi oldiga, mahallasiga, xonadoniga kelib, “Qanday muammongiz bor, bizdan nima yordam kerak”, dermidi? Hech qachon bunday bo‘lgan emas. Buni aqlga ham sig‘dirib bo‘lmasdi.
Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga kiritiladigan har bir investitsiya odamlar kreativligini, qonunlarga bo‘ysunishini ta’minlaydi. Jamiyatda ko‘tarinkilik muhiti yuzaga keladi, konstruktiv va ratsional dunyoqarash shakllanadi. Hayot sifati yuksaladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bundan to‘rt yil oldin o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktab inson resurslarini rivojlantirishning poydevori, yoshlarda bilim, dunyoqarash va ma’naviyat asoslarini shakllantiruvchi asosiy maskan hamda inson kapitaliga sarmoya kiritishni ko‘paytirish davr talabi ekanini alohida ta’kidlagan edi. Bugun amalga oshirilayotgan ishlar ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda belni mahkam bog‘lab, xalqni rozi qilish yo‘lida qilinayotgan samarali mehnatlar o‘z natijasini bermoqda.
Bu joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligini ulkan marralar va zafarlar og‘ushida qarshi olayotganimizda ham namoyon bo‘lmoqda.
Zero, bugun yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan maqsadlarimiz sari dadil odimlayotgan xalqni hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmaydi.
O‘zbekiston har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.
"Yangi O‘zbekiston" gazetasi №178, 2022 yil 31 avgust
Izoh qoldirish