O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda energiya resurslariga bo‘lgan talabning tarkibiy jihatdan o‘zgarishiga, jumladan, uglevodorod resurslarining o‘rnini boshqa manbalar hisobiga qoplashda ekologik toza hisoblangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bir qatorda “yashil” vodorod energetikasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi ham ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirishni nazarda tutgan holda, 2018 yilda Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qildi va uni amalga oshirish yuzasidan milliy miqyosda belgilanadigan hissa bo‘yicha – 2030 yilga qadar issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish miqdoriy majburiyatini qabul qildi.
Respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash maqsadida iqtisodiyotning energiya samaradorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va vodorod energetikasi infratuzilmasini barpo etish talabi yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini hamda ushbu Institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasidan foydalanish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yil yakuniga qadar vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilishi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan mamlakatda ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxassislarni rivojlangan xorijiy davlatlarga malaka oshirish ishlarini tashkillashtirishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish