O‘zbekistonlik ekspertlar atom elektr stansiyasining qurilishi va ekspluatatsiyasining atrof-muhitga ta’sirini baholash, radioaktiv chiqindilarga bo‘lgan munosabat, radioaktiv chiqindilarni joylashtirish uchun joy yaratish va uning ekspluatatsiyasi, shuningdek AES qurilishiga doir loyihalarning ekologik ekspertizasi borasidagi tajribalar bilan tanishish maqsadida Ukrainaga tashrif buyurdilar.
Safar dasturiga «KIEP» (Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti – "Energoproyekt") institutiga tashrif buyurish, Ukraina Ekologiya vazirligi va Davlat ekologiya inspeksiyasida uchrashuvlar o‘tkazish, atom energiyasini ishlab chiqaruvchi milliy kompaniya – «Energoatom»ga (Ukrainadagi barcha AESlar operatori), chiqindilar saqlash hududi va Chernobil AESga tashrif buyurish, shuningdek Chernobil AES chiqindilarni saqlash hududi davlat administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazish kiritilgan.
KIEPda boshqaruv raisi Yuriy Malaxov va mas’ul xodimlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu institut AES qurilishidan boshlab uni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan atom elektr stansiyalarini loyihalashtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek bu yerda atom elektr stansiyalari AMTB (Atrof-muhitga ko‘rsatadigan ta’sirni baholash) loyihalari ishlab chiqiladi va tashkilot vakillari buyurtmachi bilan birga AMTB bo‘yicha ochiq eshituvlarda ishtirok etadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolariga AMTB tayyorlash mexanizmi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi, shuningdek ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Qayd etish kerak, zamonaviy usullar zamonaviy atom elektr stansiyalarining xavfsiz faoliyati to‘g‘risida ishonchli tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Chernobil AES bilan bog‘liq voqealardan keyin Ukrainaning olgan saboqlari mamlakatga bunday favqulodda hodisalarning oldini olish, oqibatlarini minimallashtirish va umuman, tinch atom sohasini xavfsiz yo‘lga qo‘yish bo‘yicha katta tajriba berdi.
Zamonaviy Ukraina uchun atom elektr stansiyalari – bu turli yillarda, mamlakatda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining yarmi yoki undan ko‘prog‘i deganidir. Bugungi kunda Ukrainada 15 ta energoblokdan iborat 4 ta atom elektr stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri – 6 ta energiya blokli Zaporojsk AESning umumiy quvvati 6000 MVt bo‘lib, Yevropadagi eng katta atom elektr stansiyasi hisoblanadi.
AMTB masalalariga zamonaviy yondashuv, tinch atomdan foydalanishning ekologik foydasi xususidagi masalalar delegatsiyaning Ukraina Ekologiya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi davomida muhokama qilindi. Bu borada alohida qayd etildiki, Ukraina tajribasi shuni ko‘rsatadiki, atom elektr stansiyalarini energiya balansiga kiritish atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini sezilarli darajada kamaytiradi.
Tashrif dasturidan O‘zbekiston delegatsiyasining Chernobil AES ob’yektlari va chiqindi saqlash hududlari faoliyati bilan tanishish, shuningdek Chernobil AES chiqindilarni saqlash hududi davlat administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazish joy olgan edi. O‘zbekiston vakillari 1986 yildagi halokatdan so‘ng nimalar sodir bo‘lgani, qanday choralar ko‘rilgani xususida bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, shuningdek, halokat sodir bo‘lgan AESning 4-energoblokida va ishlatilgan yadro yoqilg‘isi saqlanadigan omborda bo‘ldilar. Delegatsiya a’zolari mazkur ob’yektlarning atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar va ular atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonch hosil qildilar.
Chernobil AES o‘z vaqtida RBMK reaktorlari bilan jihozlangan, halokatdan so‘ng 1991 – 2000 yillar oralig‘ida navbatma-navbat yopilgan edi. Bugungi kunda Ukraina hududida ishlab turgan barcha reaktorlar VVER toifasiga mansub bo‘lib, ulardan ikkitasi – VVER-440 va o‘n uchtasi – VVER-1000 hisoblanadi.
Shuningdek, Ukraina davlat ekologiya inspeksiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AMTB loyihalari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish borasida inspeksiyaning AES va ishlatilgan yadro yoqilg‘ilari saqlash joylari misolida to‘plagan tajribalari xususida o‘rtoqlashildi.
Bugungi kunda Ukraina VVER toifasiga mansub energiya reaktorlari bo‘yicha jahonda o‘ninchi va Yevropada beshinchi o‘rinda turadi. Mazkur mamlakat uchun atom energetikasi – bu mamlakat hayotini ta’minlashning kafolati, iqtisodiy faoliyat va aholini energiya bilan ta’minlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ukraina atom elektr stansiyalaridan samarali va xavfsiz foydalanish bo‘yicha katta tajriba to‘plagan va bu tajribalarni O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashishga tayyordir.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Izoh qoldirish