12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti natijasida tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2021 yilda jami 10 milliard dollardan ortiq, jumladan, 8 milliard 100 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 milliard dollardan ziyod eksport va 530 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega.
Albatta, koronavirus pandemiyasi hali-hamon iqtisodiy jarayonlarga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shunga qaramay, eksportda izchil o‘sishga erishilmoqda. Xususan, 2020 yilda mamlakatimizda eksport miqdori 9 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2021 yilda 12 milliard dollarni tashkil etgan. E’tiborlisi, bunda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli ko‘paygan.
Joriy yilda 9 milliard 500 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalar ishga tushirish mo‘ljallangan. Eksport hajmini 14 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
Yig‘ilishda mutasaddilar ushbu ko‘rsatkichlarni tarmoq va hududlar kesimida ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berdi.
Davlatimiz rahbari har bir investitsiya loyihasini doimiy nazoratga olib, tashabbuskorlarga ko‘maklashish va o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Turizm, tibbiyot va mashinasozlik tarmoqlari, hududlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois ular bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, qo‘shimcha sarmoyalar yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz ishlab chiqarishni va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Mahalliy mahsulotlar turini ko‘paytirish, bu borada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni o‘zlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etish muhimligi aytildi.
Aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ta’lim, tibbiyot, suv ta’minoti, yo‘l va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun trast fondi kabi ijtimoiy muhim yo‘nalishlarga xorijiy grantlar jalb qilish kerakligi aytildi.
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda har bir tumanda loyiha guruhlari va xolding kompaniyalari tashkil etilishini aytgan edi. Yig‘ilishda ushbu tizimni joriy etish borasida qilinayotgan ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari loyiha guruhlari mutaxassislarini bir tizim va metodologiya asosida ishlashga o‘qitish kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda eksport masalasi atroflicha tahlil qilindi. Bu boradagi prognozlarni bajarish uchun sanoatga alohida ahamiyat qaratish, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyuldagi farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi. Bu Agentlikka investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi ko‘plab vazifalar yuklatilgan.
Yig‘ilishda mazkur Agentlikning tuzilmasi, shu kungacha qilingan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida axborot berildi.
Bugungi kunda Agentlik boshqarmalari shakllantirilgan, ularga yetakchi xorijiy universitetlarda o‘qigan, tashabbuskor va bilimli mutaxassislar jamlangan.
Agentlikning bu yilgi rejasi 18 ta muhim tadbirdan iborat. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya muhiti bo‘yicha hududlar reytingini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidan.
– Bu Agentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Strategik rivojlantirish bo‘yicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Izoh qoldirish