Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil fevral oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilni taqdim etdi. Unda bitimlar faolligi va hududlar kesimidagi o‘zgarishlar, shuningdek, poytaxtda uy-joy bozori va ijara narxlari tendensiyalari aks ettirilgan.
Baholashlarga ko‘ra, fevral oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari qariyb 4 foizga oshib, 29,7 mingtani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan tuzilgan bitimlar soni 7,2 mingtaga ko‘payib, o‘sish sur’ati 32,4 foizni tashkil qildi.
Hududlar kesimida

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eng sezilarli o‘sish Navoiy viloyatida qayd etilib, ko‘rsatkich 53 foizga oshdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida o‘sish 39 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa bitimlar soni 49 foizga ko‘paydi.
O‘tgan oyga nisbatan hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘sish Toshkent viloyatida kuzatilib, ko‘rsatkich 25 foizga oshdi. Navoiy viloyatida o‘sish 22,6 foizni, Sirdaryo viloyatida esa 13,4 foizni tashkil qildi.
Fevral oyida barcha bitimlarning qariyb uchdan bir qismi poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida oy davomida oldi-sotdi bitimlari hajmi 1,4 foizga oshib, taxminan 8,9 mingtani tashkil etdi.
Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasi

Oy yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sish sur’atining biroz sekinlashgani kuzatildi. Shu bilan birga, poytaxtda fevral oyida narxlar mo‘’tadil o‘sib, taxminan 1 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha hisobda qariyb 9 foizga oshgan.
Yil davomida narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Surxondaryo viloyatida qayd etildi, bu yerda ko‘rsatkich 22 foizga oshgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida o‘sish 19,3 foizni, Jizzax viloyatida 16,3 foizni tashkil etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa narxlar 15,9 foizga oshgan.
Toshkentda ko‘chmas mulk bozoridagi holat
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 3,2 foizga oshdi. Eng sezilarli narx o‘sishi Mirobod tumanida kuzatilib, ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Yakkasaroy tumanida narxlar 5,6 foizga, Shayxontohur tumanida 5,4 foizga va Chilonzor tumanida 5,3 foizga oshdi.
Toshkent shahrida yangi uy-joylar bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 11,5 foizga o‘sdi. Narxlarning eng yuqori o‘sishi Mirobod tumanida qayd etilib, ko‘rsatkich 18 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida narxlar 15,4 foizga, Yunusobod tumanida esa 15,2 foizga oshdi.
Ijara narxlari dinamikasi

Fevral oyi yakunlariga ko‘ra, poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi o‘zgarishsiz qolib, bir kvadrat metr uchun taxminan 8,7 dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ijara narxlari 8 foizga oshgan.
Fevral oyida poytaxtning markaziy tumanlarida ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun taxminan 11 dollar atrofida bo‘lgan.
Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan ijara narxlari o‘sish sur’ati Yashnobod tumanida 16 foiz, Sergeli tumanida 13 foiz, Yunusobod tumanida 12 foiz, Olmazor tumanida 11 foiz va Shayxontohur tumanida 10 foiz darajasida qayd etildi.
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish