«Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari safida ekanligimdan faxrlanaman»

«Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari safida ekanligimdan faxrlanaman»

Tadbirkorning o‘zi va oilasi haqida qisqacha ma’lumot

Tojimirzayeva Gulbahor Bahodirovna, 1991 yil 25 iyulda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani O‘zak qishlog‘ida tavallud topgan, Xitoy Xalq Respublikasining Janubiy Xitoy Agrar universitetini xalqaro iqtisod va savdo mutaxassisligi bo‘yicha 2015 yili tamomlagan. Oilali, turmush o‘rtog‘i — xitoylik Xu Deng (o‘zbekcha ismi – Xurshid) bilan Xonzoda va Oysha ismli 2 nafar farzandni tarbiyalashmoqda. Xurshid kuyov Gulbahor yordamida o‘zbek tilini ham o‘rganib olgan.

O‘zbekiston va Xitoyda Guanchjou shahridagi “GUANGZHOU SHENGLI TRADE CORPORATION”, O‘zbekistondagi “WANGDA METAL” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi, “AWINER AGRO” “BA SOLAR ENERGY” zavodi, “CHINA CAR” avtosaloni kabi o‘ndan ortiq yirik loyihalar tashabbuskori va rahbari, jumladan, Namangan viloyati Chust tumanidagi “TAICHANG CHANG SPECIAL STEEL” MChJ qo‘shma korxonasi boshlig‘i.

Gulbahor Tojimirzayeva o‘zbek, rus, ingliz, xitoy, koreys tillarini biladi, xitoy tili bo‘yicha eng yuqori darajadagi HSK6 sertifikatini olgan. 2008-2009 yillari Xitoyning Harbin Engineering universitetida chet ellik talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan Xitoy tilida nutq so‘zlash bo‘yicha tanlovda 2 marta 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Shotokan karate-do bo‘yicha 1-dan qora belbog‘ sohibasi. 2007 yilda karate bo‘yicha Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro turnir g‘olibi. 2023 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining XXRdagi vakolatxonasida volontyorlik asosida maslahatchi bo‘lib faoliyat olib boradi.

2022 yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni va “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. 2023 yil O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasining “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik tanlovi g‘olibi. 2023 yili O‘zbekistonning “TOP-30” eng yaxshi yosh tadbirkorlari safiga kirgan.

U Davlatimiz Rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvlariga taklif etiladi. 2024 yil 23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning XXRga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy tadbirkorlari forumlari qatnashchisi.

Jamoat, ayollar va tadbirkorlarning milliy va xalqaro tadbirlarida faol ishtirok etadi, jumladan, Samarqandda o‘tkazilgan “SHXT—2022” xalqaro festivalida xitoy tili boshlovchisi bo‘lib ishtirok etgan. 2022 yili “Ayol va biznes” forumida chet el tajribasi haqida nutq so‘zlagan va “Eng faol spiker” yo‘nalishi bo‘yicha sovrindor bo‘lgan.

2023 yil 1 iyulda Namangan viloyati O‘zLiDep bilan hamkorlikda Prezident saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazgan. Joriy yilning 3 fevral kuni Gulbahorning tashabbusi bilan 5 ta opa-singil birgalikda Namangan shahrida “Muvaffaqiyatlar sari birlashamiz!” shiori ostida Ayollar forumini o‘tkazishdi va unda 500 dan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Mazkur forumni mamlakatimizning barcha viloyatlarida davom ettirish rejalashtirilgan.

Rasm: Gulbahor Tojimirzayeva oilasi bilan

Gulbahor, juda yoshsiz, lekin biznesda katta muvaffaqiyatlarga erishdingiz. Shu bois, biznesda faoliyatingizni qanday va nimadan boshlaganingiz ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Xullas, biznes karerangizni qanday boshlagansiz? Undan oldin nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgansiz? Sizning oldingi faoliyatingiz biznes muvaffaqiyatingizga qanday hissa qo‘shgan?

— Tadbirkorlikka qiziqishim o‘quvchilik paytlarimda boshlangan. Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotganimizda otam kundalik xarajatlarimiz uchun bizga ma’lum miqdorda pul berar edilar. Ushbu pulning bir qismini kichik tadbirkorlik faoliyati, ya’ni shaxsiy harakatlarim natijasida pul hajmini ko‘paytirish uchun sarflaganman. Masalan, 4-sinfda o‘qiyotgan paytimdan otam ehtiyojim uchun bergan pulga sinfdoshlarimga kerakli bo‘ladigan buyumlarning oldi-sottisi bilan shug‘ullanish orqali ilk biznesimni boshlaganman.

2011-2015 yillarda XXRning Guanchjou shahrida joylashgan Janubiy Xitoy Agrar universitetida tahsil olgan paytlarimda ham o‘qish bilan biznesni birgalikda olib borganman. 2014 yil Xitoyning Guanchjou shahrida “GUANGZHOU SHENGLI TRADE CORPORATION” korxonasiga asos solganman. Korxona, asosan, import - eksport, transport, logistika xizmatlari bilan faoliyat olib boradi, qolaversa, boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlarda ham o‘zimni sinab ko‘rishga harakat qilar edim.

O‘qish va biznesdan boshqa faoliyat bilan o‘zim uchun shug‘ullanganman. Masalan, karate, san’at, til o‘rganish menga hayotni o‘rgatgan, dunyoqarashimni kengaytirgan, sog‘lig‘imni mustahkamlagan. Lekin asosiy qiziqishim, ya’ni biznes va chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan alohida qiziqishim hammasidan ustunlik qilgan. Lekin bu sohalar bilan shug‘ullanganligim mening biznesim muvaffaqiyatli bo‘lishida juda katta xizmat qilganligini tan olaman.

Metallurgiya sohasiga qiziqishimiz esa bizga taqdirning inoyati bo‘lgan, deb o‘ylayman. Ushbu sohada faoliyat olib boradigan inson bilan tanishganimiz tufayli metallurgiya tarmog‘iga kirib keldik va ayol bo‘lishimizga qaramay, shu sohaga mehr qo‘ydik.

— Biznes bilan shug‘ullanish va biznesvumen sifatida shakllanishingizga nima yordam berdi? Masalan, bunga yurtimizda yaratilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va sharoitlar qanday yordam berdi?

— Biznes bilan shug‘ullanishim va biznesga qiziqishimga asosiy sababchi, albatta, Allohning taqdirimga shu narsani yozgani bo‘lgan. Yaratganning irodasi shunday bo‘lmaganida men bu sohada shuncha natijalarga erisha olmasligim aniq edi.

Qolaversa, bunda ota-onamning bizga bergan tarbiyalarining ta’siri juda katta bo‘lgan. E’tibor qilingki, biz oilada 5 ta qizmiz. Alloh ota-onamga o‘g‘il farzand bermagan. O‘g‘il farzandi bo‘lmagan ayrim oilalarda ona va u tuqqan qizlar umrbod tanayu-dashnomlar ostida yashashgan, boshlarini baland ko‘tarib yura olishmagan. Bunday otalar, qarindosh-urug‘lar oilada o‘g‘il tug‘ilmaganligiga xotinlari va qiz farzandlarini aybdor hisoblashgan.

Parvardigor biz 5 ta opa-singillarga dunyoning eng zo‘r otasini ato etgan, deb hisoblaymiz. Bizning otamiz o‘g‘il ko‘rmaganliklaridan hech qachon afsuslanmaganlar. Aksincha “har bir qizimni 10 ta o‘g‘ilga almashtirmayman”, degan gapni juda ko‘p gapirardilar va hamon shu fikrdalar. Biz, qizlar ham, otamizning bizga bo‘lgan alohida mehrlarini, bizni yeru-ko‘klarga ishonmasdan tarbiya qilayotganliklarini qadrlashga harakat qilardik. Otamning bizga nisbatan ulug‘liklari bizga juda katta motivatsiya berardi.

Opa-singillar Namangan shahrida o‘tkazilgan “Ayollar forumi”da

Demak, mening tadbirkor bo‘lib shakllanishimda ota-onam tarbiyalarining ta’siri juda katta bo‘lgan. Bevosita tadbirkorlikda esa mening birinchi va eng asosiy ustozim otam bo‘ladilar. Men hayotimda, biznes faoliyatimda hamisha otamdan o‘rnak olganman, har bir qadamimni u kishi bilan maslahatlashib bosganman.

Nokamtarlik bo‘lsa ham aytmoqchiman, tadbirkor sifatida shakllanishim va oyoqqa turishimda o‘z ustimda tinmay ishlash va izlanishlarimning ham ta’siri katta bo‘lgan. Chunki yaxshi o‘qimasdan, chuqur izlanmasdan yaxshi tadbirkor bo‘lish qiyin. Albatta, istisnolar bo‘ladi, ya’ni kimdir tasodifan boyib ketishi ham mumkin. Lekin biz bu qatorga kirmaymiz va tasodifiy boyishning oxiri ko‘pincha yaxshi tugamasligini yaxshi bilamiz. Bilim va mehnat hisobiga boyishni eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaymiz.

To‘g‘risini aytaman, men oilam bilan Xitoyda yashashni afzal bilgan paytlarim bo‘lgan. Chunki u yerda oilaviy biznesimiz gurkirab yotar, moliyaviy sharoitimiz juda yaxshi edi. Lekin mamlakatimizda 2016 yildan boshlangan yangi siyosat, Yurtboshimiz Shavkat Miromonovichning xalqimiz hayotini yaxshilash uchun boshlagan tub islohotlari, ayniqsa, tadbirkorlikka erkinlik va alohida e’tiborlari bizning o‘z yurtimizga qaytib kelishimizga sabab bo‘ldi. O‘zbekistondagi bu ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan turmush o‘rtog‘im ham bunga rozi bo‘ldi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan biznesni rivojlantirishga xalaqit berayotgan to‘siqlar olib tashlandi, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun alohida e’tibor va imkoniyatlar berilmoqda. Masalan, investorlar huquq va manfaatlarining qat’iy himoya qilinishi, so‘mning erkin konvertatsiyasi ta’minlanganligi, asossiz tekshiruvlar va tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga barham berilganligi, byurokratiya kamayganligi bu boradagi eng muhim o‘zgarishlar bo‘ldi, deb ayta olaman.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar esa tadbirkorning manfaatlarini himoya qilish va sog‘lom tadbirkorlik muhitini shakllantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Xitoylik tadbirkorlarga O‘zbekistonda biznes uchun yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida gapirganimizda ular bundan hayratga tushishmoqda va yurtimizga kelib tadbirkorlik qilish istagini bildirishmoqda.

Sizning biznesingiz qanday rivojlangan va uning rivojlanishining qaysi daqiqalarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz? Bu muvaffaqiyatlarga nima imkon berdi?

— Bu savolga yuqorida qisman javob berib o‘tdim. Yana qo‘shimcha qilishim mumkinki, biznesimning rivojlanishiga chet davlatlarda yaxshi tahsil olishim, xorijiy tajribani chuqur o‘rganishim, tadbirkorligim davomida sohani mukammal egallagan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishim, ular bilan loyihalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olganim ham sabab bo‘ldi.

Minglab insonlarni zamonaviy va yuqori daromadli ish bilan ta’minlay olishga yordam beradigan korxonalarni ishga tushirgan paytlarimizda odamlarning yuzlaridagi quvonchni ko‘rish eng muvaffaqiyatli daqiqalarim bo‘lgan, deb hisoblayman. Boshqacha aytganda, insonning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilishni biznesimizning eng muhim muvaffaqiyatlaridan deb bilaman.

Yangi loyihalarga investitsiya jalb etishda Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizning turli hududlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilinishi va ularda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar daromad solig‘i, yer solig‘i, suv solig‘idan ozod etilgani, davlatimizga import bo‘lib kelayotgan asbob-uskunalar va ma’lum bir xomashyolarni imtiyozli ravishda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yaratilgan eng yaxshi sharoitlardan, deb bilaman.

Biznesingizning hozirgi holati haqida axborot bersangiz (yo‘nalishlar va bozorlar qanday, qanday loyihalar amalga oshirildi, ular mintaqa va iste’molchilarga nima beradi?)

— Hozirgi kunga kelib metallurgiya, turar va noturar binolar qurilishi, plastmassa mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligida keng foydalaniladigan mineral o‘g‘it va ximikatlar ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha 20 dan ziyod korxonalarga asos soldik. Yirik loyihalarimizga misol sifatida NAMANGAN METALLURGIYA ZAVODI, TOSHKENT PLAST POLIMER, CHINA HOUSE'ni aytib o‘tishim mumkin.

Biz mahsulotlarimizni jahon standartlariga mos ravishda ishlab chiqarishga qat’iy rioya qilamiz va shu bilan O‘zbekiston bozorida o‘z sohasida yetakchi o‘rinlarni egallashga erishdik. Minglab odamlarni ish bilan ta’minladik. Korxonalarimiz joylashgan hududlarda katta miqdorda sanoat mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz. Sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish bilan aholi xavfsizligini ta’minlashga va import o‘rnini bosuvchi hamyonbop mahsulotlarni yetkazib berishga erishdik.

Mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ayni paytda qator metall va plastmassa mahsulotlari hamda karton qutilarimizni Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilyapmiz. Kelgusi rejamizda metall mahsulotlarimizni Yevropa davlatlariga eksport qilishni maqsad qilganmiz va shunga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik.

Sizning biznesingizning ijtimoiy ahamiyatini baholash mumkinmi? Masalan, qancha ish o‘rinlari yaratildi? Sizning kompaniyangizning ehtiyojmand guruhlarga nisbatan ijtimoiy siyosati qanday? Sizning xodimlaringizning ijtimoiy paketlari va daromad darajasi qanday?

— Biz amalga oshirgan loyihalar orqali davlatimizda qariyb 3000 dan ziyod aholini ish bilan ta’minladik. Bu ko‘rsatkichni 2025 yilga kelib yana 1000 taga ko‘paytirishni reja qilganmiz.

Hozirgi kunda har bir korxonamizda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni ishga olishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ishchi va xodimlarimiz o‘z hududlaridagi o‘rtacha oylik maoshdan yuqori daromad olishadi. Yaxshi ishlagan xodimlar alohida rag‘batlantiriladi va ijtimoiy paketlar ham mavjud.

Yana bir narsani aytib o‘tish joizki, korxonalarimiz rivoji uchun hissa qo‘shgan va faoliyat samaradorligi yuqori bo‘lgan xodimlar “Korxona qahramoni” unvoni bilan mukofotlanadi va ularga oila a’zolari bilan birga sog‘ligini tiklashga sharoit yaratib beryapmiz.

So‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday qarorlar sizning biznesingizga eng foydali ta’sir ko‘rsatdi va bu qay tarzda namoyon bo‘ldi?

— Tadbirkorlik sub’yektlarining xuquqlari va qonuniy manfaatlarini ximoya qilish “Biznes ombudsmani” tashkil qilindi. U tadbirkorlarning faoliyatini doimiy ravishda himoya qilishga ko‘maklashadi. Endi bu tashkilot tadbirkorlarning faoliyatini qonuniy himoya qiladi. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga noqonuniy tekshiruvlarni oldini olgan holda ularning biznesini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

So‘nggi yillarda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti, hisobot talablari va nazoratchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni qanday baholaysiz? Bu sohada boshqa muammolar bormi va nimani yaxshilash kerak?

— So‘nggi yillarda soliq tizimida bir qator soliqlar yengillashtirildi. Xususan, QQS 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Bir qator soliq tekshiruvlari bekor qilindi.

Lekin muammolar ham bor. Masalan, ayrim soliqchilar aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmagan holatlarda tadbirkorlardan qo‘shimcha soliqlar undirishi kuzatilmoqda. Biz xohlar edikki, ma’lum bir soliqni undirishdan avval tadbirkorning holatini aniq tahlil qilib, keyin soliq undirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Gulbahor Tojimirzayeva Namangan metallurgiya zavodi jamoasi bilan

Sizningcha, O‘zbekiston yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tizimining joriy etilishi biznes uchun qanchalik qulaylik tug‘dirdi? Ushbu tizim orqali korxonalarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sizni qoniqtiradimi? Bu borada yana nimani yaxshilash mumkin?

— Davlat xizmatlari markazi tashkil etilishi bilan tadbirkorlik sub’yektlarining ishga tushirilishi va faoliyati tizimlashtirildi. Bu esa tadbirkorlar faoliyati samaradorligining oshishiga sabab bo‘ldi. Davlat xizmatlari markazining bugungi kundagi faoliyati biz tadbirkorlarga ko‘mak vazifasini bajaryapti.

Lekin bir paytning o‘zida uning faoliyatida qator kamchiliklar ham bor. Fikrimni misol bilan tushuntiraman. Tasavvur qiling, bir chet ellik tadbirkor boshqa bir tadbirkor bilan korxona tashkil etdi va ular ta’sis hujjatlarini davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ta’sischilardan biri boshqa bir ta’sischi xorijga ketganidan foydalanib, uning imzosini qalbakilashtirish orqali korxona yuridik hujjatlarini davlat xizmatlarida qayta ro‘yxatdan o‘tkazdi. Albatta, bu holat yuzasidan davlat xizmatlari tizimi xodimi xabardor emas, chunki davlat xizmatlari markazida korxona yuridik hujjatlarini rasmiylashtirishda ta’sischilar shaxsini aniqlash majburiyati yo‘q. Natijada ta’sischilar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqishi aniq. Buning umumiy biznesga salbiy ta’siri juda katta bo‘ladi.

Men yashagan chet el davlatida korxona hujjatlarini davlat xizmatlarida rasmiylashtirish ta’sischining shaxsiy barmoq izlarini olish bilan amalga oshiriladi. Bizning mamlakatimizda ham shu qoida joriy etilsa, tadbirkorlarning mulki xavfsizligi ta’minlanar edi.

Siz qanday loyihalarni ishlab chiqmoqdasiz yoki rejalashtirmoqdasiz? 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?

— Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyalarida belgilangan vazifalardan ilhom olib, kelgusi rejalarimizni ishlab chiqqanmiz. Xususan, biz 2024 yilda yashil energetika, IT va turizm yo‘nalishida bir qator innovatsion loyihalarni amalga oshirishnini reja qilganmiz.

2030 yilga qadar korxonalarimiz aksiyalarini dunyo bozoriga chiqarish asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Davlatimiz Rahbari olib borayotgan oqilona ochiq siyosat biz tadbirkorlarga asosiy ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi va chet el investitsiyasining O‘zbekistonga kirib kelishida katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga shunday keng yo‘llar ochib berilganki, Prezidentimiz yig‘ilishlarda “nima muammolaringiz bor”, deb so‘raganlarida qanday muammoni aytishimizdan qat’iy nazar, ularni o‘sha joyning o‘zida hal qilish yoki zudlik bilan bajarish to‘g‘risida topshiriqlar berilishi biz tadbirkorlar uchun juda katta motivatsiya beryapti va u kishi tomonidan bizni qo‘llab-quvvatlash bo‘lyapti.

Birgina misol keltiraman. Muhtaram Prezidentimiz 2022 yil avgust oyida Bekobod shahriga qilgan tashriflari chog‘ida metallurgiya sohasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar bilan uchrashdilar. Ana shu uchrashuvda men Namangan viloyatida amalga oshirayotgan loyihamiz haqida so‘zlab, ulardan erkin iqtisodiy zona hududigacha temir yo‘l liniyasi olib kelinishida yordam berishlarini so‘ragan edim. Muhtaram Prezidentimiz shu zahotiyoq mutasaddilarga bergan topshiriqlari natijasida 12 kilometrlik temir yo‘l qurilishi boshlanib ketdi va u tezda ishga tushdi. Buning natijasida birgina bizning korxonamizda yuk tashishda har bir tonna mahsulotni tashish xarajatlaridan 5 dollardan tejalmoqda.

Vazirlik, idora, viloyat, tuman va shahar hokimlariga murojaat qilinganda ham ular tadbirkorlarning mushkulini tezlik bilan oson qilishga harakat qilishmoqda.

Yurtimizda ana shunday qulay biznes muhiti yaratilgan ekan, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyalarida qo‘yilgan maqsadlar albatta bajariladi va bu davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga juda katta hissa bo‘lib qo‘shiladi. Ana shu jarayonlarni amalga oshiruvchi yetakchi kuch bo‘lgan O‘zbekiston tadbirkorlari safida ekanligimizdan faxrlanamiz.

Odil Olimjonov suhbatlashdi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №2/2024


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar