Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga joriy yil 2,3 mlrd dollar ajratiladi

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga joriy yil 2,3 mlrd dollar ajratiladi

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm bilan yetishtirish orqali bu yil har bir gektardan olinadigan daromadni 5 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.

– Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Buning uchun ekinlarni har bir tumanning o‘ziga xosligi, mahallalarda tarixan shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, suv ta’minotidan kelib chiqib joylashtirish zarurligi qayd etildi. Misol uchun, Mirzaobod tumanidagi ayrim maydonlarda paxta hosildorligi 12 sentnerni tashkil qilmoqda. Lekin, u yerdagi mahallalarning ixtisoslashuvi o‘rganilganda, anor yetishtirish imkoniyati va qayta ishlash korxonasi borligi aniqlangan.

Xuddi shuningdek, Forish va Ellikqal’a tumanlarida vinobop uzum navlarini o‘stirish mumkin. Buloqboshi tumanida sarimsoqpiyozdan yaxshi daromad olish, xonadonlarga imtiyozli kredit berish orqali yiliga 1 ming tonna eksportbop uzum yetishtirish imkoniyati bor.

– Joriy yil 1 martdan boshlab, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida bog‘, tok va issiqxona uchun aholiga ajratiladigan kreditlar muddati 3 yildan 7 yilgacha, imtiyozli davri esa 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi. Bu – odamlarning istagi, o‘zgarishlar uchun imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilda qishloq xo‘jaligi korxonalarini 702 ming tonna urug‘ va 105 million tup ko‘chat bilan ta’minlash zarur.

Lekin, bu borada tizim yo‘lga qo‘yilmagani aholiga ham, eksportchilarga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Navlarning sifati, mahsulotlarning yetilish muddati tashqi bozorlarda yetakchi o‘rinlarga chiqish imkonini bermayapti.

Buning uchun har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos intensiv ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil etiladi. Mahalliy urug‘chilik xo‘jaliklaridan urug‘ va ko‘chat sotib olinganda, bunga ketgan mablag‘ning 20 foizigacha qismi to‘lab beriladi.

Shuningdek, muqobil energiyada ishlaydigan limonchilik issiqxonalari qurish xarajatlarining ham bir qismini qoplab berish tartibi joriy qilinadi.

Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlari samaradorligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

– Klaster – izlanish, innovatsiya, degani. Agar klasterlar ertangi kunni tasavvur qilib ishlasa, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni bozorga olib chiqib, raqobatbardosh bo‘lishi mumkin. Dunyo tajribasini o‘rganib, mahsulotni ko‘paytirib, tannarxni kamaytirish kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari har doim vazifa qo‘yar ekan, avvalo, uning mablag‘ini hal etib beradi. Agrar tarmoqni barqaror moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun bu yil Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga 24 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bunda, birinchi marta, sabzavot yetishtirishga Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar berish uchun 300 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, boshoqli don va paxta yetishtirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalariga 19 oygacha kreditlar berish uchun ham qo‘shimcha mablag‘lar talab etiladi.

Shu maqsadda, bugun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi faoliyati hamda ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Yig‘ilishda ushbu qaror mazmun-mohiyati, ijrosi haqida so‘z bordi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar