Joriy yilning 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Jahon banki missiyasi guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Sandip Mahadjan (Jahon bankining makroiqtisodiy amaliyot, savdo va sarmoyalar bo‘yicha menejeri) boshchiligidagi uchrashuv Jahon banki missiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati yangi Markazning vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, mehmonlarga tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ma’lumot berildi. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) tarkibidagi integratsiya jarayonlarining ta’sirini baholash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, a’zolik O‘zbekiston iqtisodiyotining muayyan sektoriga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida tahliliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Markaz mutaxassislari O‘zbekistonning YeOIIga a’zolik bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlariga o‘z baholarini taqdim etdilar, shuningdek, savdo siyosatidagi o‘zgarishlarning O‘zbekiston makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga, alohida tarmoqlarga ta’siri haqida so‘z yuritdilar.
O‘z navbatida, Jahon banki missiyasi a’zolari ushbu tadqiqotga alohida qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, mehmonlar O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar juda muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.
2017 yilda O‘zbekistonda boshlangan islohotlarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Jahon banki missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘zbekistonning ikkinchi tizimli mamlakat bahosini (SDS-2) va islohotlar siyosatini moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun uchinchi loyihani (DPO-3) tayyorlashni boshlaydi. SDS qashshoqlikni kamaytirish va aholining barcha qatlamlari farovonligini oshirish yo‘lidagi to‘siqlar haqida to‘liq ma’lumot beradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimlari 2020 yilda O‘zbekiston hukumati olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarining asosiy yo‘nalishlari: savdoni erkinlashtirish, makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy rivojlanish, makroiqtisodiy siyosat, investitsiya, infratuzilma va mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida 2020 yilda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqotlar dasturi asosida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish