O‘zbekistonning elektr energiya va tabiiy gaz bozorida regulyator tashkil etiladi

O‘zbekistonning elektr energiya va tabiiy gaz bozorida regulyator tashkil etiladi

“Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Loyihaga ko‘ra, elektr energiyasining raqobatli bozoriga o‘tishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Keltirilishicha, elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga solish, litsenziyalash va nazorat qilish funksiyalarini amalga oshiradigan, hukumat tarkibiga kirmaydigan, O‘zbekiston prezidenti va Oliy Majlisiga hisobdor organ – O‘zbekiston Energetika bozori regulyatori tashkil etilmoqda.

Belgilanishicha, Regulyator raisi maqomiga ko‘ra vazirga hamda rais o‘rinbosari vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Regulyatorning o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘ladi.

Regulyator faoliyati litsenziyalash va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi markaziy xarid qiluvchisi funksiyasini magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasidan ajratish maqsadida “Uzpowertrade” AJ tashkil etiladi.

Quyidagilar AJning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

— elektr energiyasini eksport va import qilish;

— elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, shu jumladan xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini markaziy xarid qiluvchi funksiyasini bajarish orqali qisqa va uzoq muddatli shartnomalar asosida xarid qilish;

— elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga, keyinchalik esa birja savdolari asosidagi ulgurji bozorda sotish.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar