“O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6264-son, 19.07.2021 y.) qabul qilindi.
Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:
- Strategik rivojlanish agentligi (Agentlik);
- Prezident raisligida Agentlik Kengashi;
- Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan byudjetdan tashqari Strategik rivojlanish agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
Agentlikning asosiy vazifalaridan biri tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli tarmoqlari va yo‘nalishlarini aniqlash hisoblanadi.
Agentlik Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bosh direktor tomonidan boshqariladi.
Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi.
Agentlik daromadlari soliqqa solish ob’yekti hisoblanmaydi.
Agentlik faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozim.
Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Agentlikning so‘roviga ko‘ra tegishli ma’lumotlarni, shu jumladan birlamchi statistik ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi va ma’lumotlar bazalaridan foydalanishga ruxsat beradi.
Agentlik xodimlariga ilgari ishlagan joyida berilgan, shu jumladan ko‘p yillik mehnati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustamalar va qo‘shimcha haqlar saqlanib qoladi, harbiy va maxsus unvonlarga ega bo‘lmagan oliy yuridik ma’lumotli xodimlar uchun esa o‘rnatilgan tartibda adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari berilishi mumkin.
Farmonga ko‘ra shuningdek, investitsiyaviy faollikni oshirish sohasidagi eng dolzarb muammolarni tezkor va samarali hal etish maqsadida Agentlik huzurida Strategik tashabbuslar akseleratori (Akselerator) tashkil etildi.
Agentlik bosh direktori Akselerator rahbari hisoblanadi.
Izoh qoldirish