O‘zbekistonda ishbilarmonlik optimizmi qayd etildi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

O‘zbekistonda ishbilarmonlik optimizmi qayd etildi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

Oktyabr oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan keng ko‘lamli so‘rovlar asosida hisoblangan ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichlarga nisbatan o‘sishni ko‘rsatdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan har oyda kuzatiladigan ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi oktyabr oyida ijobiy holatga qaytdi. Avgust oyida yig‘ma indikator ko‘rsatkichi birdaniga 10 punktga pasaygan bo‘lsa, sentyabr oyida esa pasayish sur’ati kamaygan, oktyabr oyida bosqichma--bosqich pasayish tendensiyasi to‘xtatildi.

Bir oy davomida ishbilarmonlik muhitining umumiy yig‘ma ko‘rsatkichi 4 punktga oshdi va 57 punktni tashkil etdi (0 punktdan yuqori qiymat ishbilarmonlik faolligining o‘sishini anglatadi va aksincha), bu ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholaydi. Yig‘ma ko‘rsatkichning o‘sishiga qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari dinamikasi 14 punktga o‘sishi, qurilish sohasida 7 punktga va xizmat ko‘rsatish sohasida 3 punktga o‘sishi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Ishbilarmonlik muhiti indikatorining dinamikasi.

Shu bilan birga sanoat sohasidagi ishbilarmonlik muhitining ko‘rsatkichi sentyabr oyida 13 punktga oshganidan keyin sezilarli darajada 7 punktga pasayishni ko‘rsatdi.

Qishloq xo‘jalik tarmog‘i korxonalari biznes yuritish joriy sharoitlari eng ishonchli yaxshilanganligini qayd etdilar.

Bir oyda biznes joriy holati baholariga 3 punkt qo‘shilib, 49 punktgacha oshdi, bu esa qishloq xo‘jaligidagi sharoitlarning birdaniga 26 punktdan 51 punktgacha sezilarli darajada yaxshilangani bilan izohlanadi.

O‘z biznesining hozirgi holatini "yaxshi" deb qayd etgan respondentlarning ulushi 47%ni, "yomon" deb qayd etganlarning ulushi 9%ni tashkil etdi. Korxonalarning 22%i xodimlari sonini ko‘paytirdi va 49%i esa o‘z tovarlari/xizmatlariga talabning o‘sishini qayd etdi.

Biznesni rivojlantirishning ijobiy xarakteriga va narx kutilmalarining biroz pasayishiga qaramasdan, respondentlarning to‘rtdan bir qismi narxlarning oshishini kutmoqda.

Kelgusi 3 oyda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha biznes kutilmalarini baholash 4 punktga ko‘tarilib, 65 punktga yetdi, bu asosan qurilish sohasidagi tadbirkorlarning ijobiy baholari bilan bog‘liq bo‘lib, bunda oy davomida optimizm 25 punktga oshib, 59 punktga yetdi va xizmat ko‘rsatish sohasida kutilmalarning o‘sishi 10 punktga oshib, 66 punktga yetdi.

Shuningdek, kelgusi 3 oy ichida o‘z tovarlari/xizmatlari narxlarining oshishi bo‘yicha biznes taxminlari 1%ga kamayganligi aniqlandi.

Talab va bandlik bo‘yicha taxminlarni baholashdagi muvozanat biroz pasayishni ko‘rsatdi.

Keyingi 3 oy ichida biznesning umumiy holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda va 67%ni tashkil qiladi. 49%i tovarlar va xizmatlarga talabning yanada oshishini kutmoqda va 22%i xodimlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda.

Umuman olganda, joriy holat ko‘rsatkichlari va kutilayotgan taxminlar o‘rtasidagi bog‘liqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi keyingi 3 oyda ham davom etishini anglatadi.

Biznes sharoitlari baholash omillari - moliyalashtirish, yer uchastkalari, elektr ta’minoti, soliq yuki salbiy bo‘lib qoldi.

Oktyabr oyida to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlarning ulushi 4 foiz punktga kamaydi va 44%ni tashkil etdi. Tadbirkorlar eng dolzarb muammolar sifatida moliyalashtirish va yer olishdagi qiyinchiliklar, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar, elektr ta’minoti va soliq stavkalarining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida 8%ga, qurilish sohasida esa 15%ga moliyalashtirish bilan bog‘liq to‘siqlar kamaygan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi vakillaridan kelib tushgan murojaatlar soni, aksincha, 4%ga oshgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda ishbilarmonlik muhiti, xizmatlar va tadbirkorlik faolligini o‘rganish natijalari bo‘yicha bir qator axborot-tahliliy materiallarni nashr etadi. So‘rovlar va hududlar faoliyatini monitoring qilish asosida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar holatini qisqa muddatli sifatli baholash amalga oshiriladi. 2023 yildan boshlab O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan Trading Economics axborot portalida e’lon qilinadi.

Feruzbek Davletov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Tel.: (+998) 78 150-02-02 (416)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar