Yangi eksport bozorlariga chiqish hukumatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi – Shavkat Mirziyoyev

Yangi eksport bozorlariga chiqish hukumatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi – Shavkat Mirziyoyev

2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentga 2021 yil uchun Murojaatnomasida yangi eksport bozorlariga chiqish bizning iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi. So‘nggi yillarda mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim choralar ko‘rilmoqda. Konvertatsiya joriy qilindi, tashqi iqtisodiy faoliyat rejimi erkinlashtirildi va ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi. Bu esa bizning savdo sheriklarimiz bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga yordam berdi.

Prezident Murojaatnomasida taklif qilingan mahalliy eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning yangi eksport bozorlariga chiqishini kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ko‘lami juda katta. Xususan, davlatimiz rahbari kelgusi yilda korxonalarga xomashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun, “Eksportni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasidan 100 million dollar ajratishni taklif qildi. Bundan tashqari, Eksport qiluvchilarga chet elda savdo uylari va do‘konlar ochish hamda reklama xarajatlarining 50 foizini qoplab beriladi. Va umuman, Hukumatga kelgusi yilda tovar va xizmatlar eksportini kamida 20 foizga oshirish vazifasi topshirildi.

Islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi, bu O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga chuqur integratsiyalashuvini, xususan, Jahon Savdo Tashkiloti (JST), Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) kabi xalqaro tashkilotlar va alohida mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish zarurligini aniq ko‘rsatdi.

JSTga kirish bo‘yicha ishlarning kuchayishi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar eksport salohiyatining o‘sishiga hissa qo‘shayotganini va mamlakat o‘z tovarlarini xalqaro bozorlarga kengroq kirib borishidan manfaatdor ekanligi bilan bog‘liq bo‘lib, bunga ushbu tashkilotga a’zolik yordam beradi. JSTga a’zo bo‘lish iqtisodiyotning barcha sohalariga ta’sir qiluvchi murakkab jarayon bo‘lib, nafaqat mamlakat tashqi savdo rejimida (bojxona bojlari, texnik reglament, sanitariya va fitosanitariya normalari va boshqalar), balki qishloq xo‘jaligi (qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, narxlarni tartibga solish va boshqalar) intellektual mulk, xizmatlar (xorijiy kompaniyalar xizmatlari), davlat xaridlari, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish kabi sohalarni tartibga solishda ham o‘zgarishlar kiritishni taqozo etadi.

2020 yilda O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi. Bu mamlakatimiz integratsiya jarayonining birinchi bosqichi hisoblanadi. O‘zbekistonga YeOII a’zoligining ijobiy va salbiy tomonlarini chuqur tahlil qilish, uning milliy iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganish, Ittifoq qonunchiligiga muvofiq milliy qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar tayyorlash uchun noyob imkoniyat yaratadi. Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, bu bizga amaliy va ko‘p qirrali o‘zaro munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tishga, YeOIIda sodir bo‘layotgan muhim jarayonlarni yaxshiroq anglashga imkon beradi.

2021 yil uchun Parlamentga Murojaatnomasida Prezident Shavkat Mirziyoyev YeOII tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun, milliy texnik tartibga solish me’yorlarni, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha, ishlarni jadallashtirish zarur ekanligini taqidladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshganiga qaramay, hali ham Ittifoq mamlakatlariga mahalliy mahsulotlar eksportini ko‘paytirish uchun ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Hozirda O‘zbekiston MDH erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bitimga binoan, YeOII mamlakatlari bilan bojsiz savdo qilmoqda. Shu bilan birga, milliy texnik reglamentlarni (standartlarni) YeOII talablariga moslashtirish tarifsiz to‘siqlar ta’sirini kamaytiradi va O‘zbekiston eksportini ko‘paytirishga yordam beradi.

2020 yilda Yevropa Komissiyasi O‘zbekistonga Umumiy imtiyozlar tizimi “GSP+” ning benefitsiari maqomini berish to‘g‘risida muddatidan oldin qaror qabul qildi. Bu O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqiga bojsiz yetkazib beriladigan tovarlar sonini ikki baravar oshirish imkonini beradi. Ushbu qaror Yevropa Komissiyasining kuzatuv guruhlarining O‘zbekiston tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasidagi 27 xalqaro konvensiya qoidalarini O‘zbekiston tomonidan bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlari asosida qabul qilindi. “GSP+” benefitsiar maqomini olganidan so‘ng, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga bojsiz eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovarlarning soni 6200 taga ko‘payadi. Shu bilan birga, taqidlash kerakki bir qator davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, “GSP+” benefitsiar maqomini olish eksport mahsulotlarini sertifikatlashtirish masalalarini hal qilmasdan eksportni ko‘paytirish va o‘zbek eksportchilarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yangi bozorlariga erkin kirib borish masalalarini o‘z-o‘zidan hal qilmaydi. Ushbu holatlarni hisobga olgan holda, Prezident O‘zbekistonda “GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qo‘llash uchun alohida dastur ishlab chiqishni topshirdi.

Shunday qilib, Prezident Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi davlatimizning 2021 yilda JSTga a’zo bo‘lish, YeOII doirasida yanada integratsiyalashuv, Umumiy imtiyozlar tizimi “GSP+” afzalliklaridan samarali foydalanish va Yevropa Ittifoqi bilan har tomonlama hamkorlik qilish bo‘yicha ilg‘or harakatlarni amalga oshirish niyatini aniq ifodalaydi.

Obid Hakimov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar