Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi o‘zining ko‘plab me’moriy obidalari, tabiiy landshaftlari, o‘tmish sivilizatsiyalariga oid qal’alar xarobalari, madaniy voqealari, lazzatli taomlari va mashhur hunarmandchilik ustaxonalari bilan tanilgan. Bu yerda ilgari turizm sohasini rivojlantirish uchun yetarli sharoitlar bo‘lmagan, lekin hozirda infratuzilmani takomillashtirish ustida jadal ish olib borilmoqda.
2016 yil boshida O‘zbekistonda turizm sektorini tubdan isloh qilish jarayoni boshlab yuborildi. Ushbu sohadagi o‘zgarishlar mintaqalarning jadal rivojlanishini ta’minlashga qodir milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. YuNVTO baholashiga ko‘ra, 2019 yildayoq O‘zbekiston turizm sohasi eng jadal rivojlanayotgan davlatlar beshligiga kirdi, nufuzli “The Guardian” nashri esa mamlakatni dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi deb tan oldi.
Tahlillar so‘nggi yillarda turizmning asosiy ko‘rsatkichlari ijobiy o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lganini ko‘rsatdi. 2018 yilda xorijiy sayyohlar soni 2017 yilga nisbatan 98 foizga, turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi firma va tashkilotlar soni esa 131 foizga oshgan. 2018 yilda mamlakatimizga 2 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 3,3 baravarga ortib, 6,7 mln kishiga yetdi. Turli mintaqalardan kelgan sayyohlar sonining o‘sishi turlicha bo‘lishi e’tiborga loyiq. Masalan, uzoq xorij mamlakatlaridan kelgan sayyohlar sonining yillik o‘sishi 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyuruvchilar yiliga o‘rtacha 22-25 foizga oshgan. Shu bilan birga, ichki turizm sohasida ham ijobiy natijalar qayd etildi. 2019 yilda mahalliy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan qariyb ikki baravarga oshib, 14,7 mln kishini tashkil qildi.
Ta’kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi sharoitida joriy etilgan cheklovlar hamda yuzaga kelgan global inqiroz oqibatlari tufayli turizm sohasi jiddiy zarar ko‘rdi. Jumladan, 2020 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 4,5 baravardan ortiq, ya’ni 1,5 mln nafarga, turizm xizmatlari hajmi esa 261 mlngacha kamaydi. Xususan, pandemiya boshlangan 2019 yilda ko‘rsatilgan turizm xizmatlarining umumiy hajmi 1,5 mlrd dollardan oshdi, eksport esa 1,3 mlrd dollarga yetdi va jami xizmatlar eksportining 38,2 foiziga teng bo‘ldi.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar oyida 4 601 nafar Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Ushbu turistlarning asosiy qismi Germaniya (652 nafar), Italiya (597 nafar), Buyuk Britaniya (523 nafar), Ispaniya (455 nafar) va Fransiya (436 nafar) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari bo‘yicha taqsimot quyidagicha (nafar):
Portugaliya – 235, Polsha – 194, Ruminiya – 184, Daniya – 140, Latviya – 130, Bolgariya – 115, Avstriya – 114, Shvetsiya – 111, Litva – 110, Vengriya – 95, Belgiya – 94, Gretsiya – 84, Chexiya – 84, Irlandiya – 71 va Boshqalar – 177.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish