Jahon banki “Elektroenergetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini tasdiqladi

Jahon banki “Elektroenergetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini tasdiqladi

Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi “Elektroyenergetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini ma’qulladi. Loyiha butun mamlakat bo‘ylab millionlab uy xo‘jaliklari va korxonalarni uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ faoliyati samaradorligini oshiradi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi 380 million dollar, va Yashil iqlim fondi (YaIF) 43 million dollar kredit ajratadi. Ushbu moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga juda past foiz stavkalarida taqdim etiladi va to‘lovning eng uzoq muddati 40 yilgacha bo‘ladi. Shuningdek, YaIF loyiha doirasidagi alohida tadbirlar uchun 4 million dollar miqdorida grant ajratadi.

O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2018 yildagi 61 milliard kilovatt-soatdan 2030 yilga kelib 100 milliard kilovatt-soatdan ortiqgacha o‘sishi kutilmoqda. Hozirda mamlakatda 250 000 km dan ortiq elektr uzatish liniyalari va tarqatish tarmoqlari mavjud. Ularning aksariyati Sovet Ittifoqi davrida qurilgan va ularning ekspluatatsiya muddati ancha vaqt oldin tugagan.

Eskirgan infratuzilma elektr energiyasining katta hajmda yo‘qotilishiga olib keladi, bu esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasi umumiy hajmining taxminan 20 foizini tashkil etadi. Shuningdek, bu butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasining kup uzlizlariga ham sabab bulmoqda, bu esa aholining iqtisodiy faoliyati va farovonligiga zarar yetkazadi.

«Ushbu transformatsion xarakterga ega bo‘lgan yangi loyiha hukumatga elektroyenergetika tarmog‘ini samarali ishlashi va rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal qilishda yordam beradi. Loyiha "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJni zamonaviy tijorat kompaniyasiga aylantirish va elektr energiyasini uzatish tizimlarini modernizatsiya qilishni jadallashtiradi. Ushbu chora-tadbirlar elektr energiyasining 32 millionga yaqin iste’molchiga ishonchli yetkazib berilishini ta’minlaydi va qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yirik loyihalarni elektr tarmoqlariga ulash imkonini beradi», - dedi Marko Mantovanelli, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning ustuvor investitsiyalarini moliyalashtirish orqali loyiha shuningdek, eskirgan energetika infratuzilmalarini modernizatsiya qilishga yordam beradi. Loyiha faoliyati, jumladan, O‘zbekistonning 11 ta hudularida 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish va kengaytirishni, shuningdek, 500 kilovattlik yangi podstansiyani va elektr uzatish liniyalarini qurishni o‘z ichiga oladi.

Elektr energiyasini uzatish tizimini monitoring qilish, boshqarish va eksplutatsiya qilish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida loyiha doirasida zamonaviy raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari va yechimlari joriy etiladi. Ularga dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish uchun yangi dasturiy-apparat majmuasi (SCADA), shuningdek, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ markaziy va hududiy dispetcherlik markazlari uchun elektr energiyasini boshqarish tizimini (EMS) yaratish kiradi. Loyihalash doirasidagi chora-tadbirlar Sovet Ittifoqidan beri ishlatib kelinayotgan eskirgan tizimlarni yangilashga imkon beradi.

Kompaniyaning elektroyenergetika sohasidagi strategik rolini hisobga olgan holda, loyiha "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning operatsion, moliyaviy va tijorat jarayonlarini rivojlantirish va raqamlashtirish, shuningdek, institutsional salohiyatini kuchaytirish orqali uni zamonaviy kompaniyaga aylanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha faoliyati rejalashtirish jarayonlarini, korporativ boshqaruvni va qarorlarni qabul qilish tizimlarni takomillashtirish hamda kiberxavfsizlikni boshqarish tizimini takomillashtirishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha mamlakatning yashil energiya ishlab chiqarishga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, bu xususiy sektor tomonidan qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqariladigan energiyani integratsiyalashtirish uchun elektr tarmoqlarining imkoniyatlarini kengaytirish orqali amalga oshiriladi. Loyiha doirasidagi chora-tadbirlar hukumatning elektroyenergetika sohasini dekarbonizatsiyalash bo‘yicha rejalarini amalga oshirishga yordam beradi.

Jumladan, loyiha 1500 megavattgacha qayta tiklanadigan manbalarni energiya tizimiga integratsiya qilishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarining yanada kamayishiga olib keladi, shuningdek qayta tiklanuvchi energetika sohasiga qo‘shimcha xususiy bnvestitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.

Shuningdek, loyiha O‘zbekistonni Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikiston elektroyenergetika tizimlari bilan bog‘laydigan infratuzilmalarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy energiya savdosini rivojlantirishga yordam beradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar